Asosiy mavzular
7 noyabr 2018

7 sutkaga qamalgan jurnalistni tergovchi kaltaklagan

Qo‘shko‘pir tumani hokimligidagi tungi majlisni yoritmoqchi bo‘lgani uchun etti sutkaga qamalib, 5 noyabr kuni ozodlikka chiqqan urganchlik 47 yashar jurnalist  Davlatnazar Ro‘zmetov «Eltuz» nashri muxbiriga voqea tafsilotlari haqida bildirdi. 

“Menga qarshi qo‘llanilgan MKning 183-moddasi bo‘yicha ayblovga tergovchining 25 oktyabr kuni menga kaltak ostida yozdirgan iqrornomasi asos qilib olindi”, dedi Ro‘zmetov “Eltuz” bilan suhbatda.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, uni aroq ichib janjal ko‘targanlikda ayblashgan, biroq bunga isbot keltirilmagan. Sud tibbiy ekspertizasi qon analizi olmagan.

Tungi majlis kasofati

Ro‘zmetov 25 oktyabr kuni Qo‘shko‘pirga paxta safarbarligiga bag‘ishlangan tungi majlisda qatnashish uchun borgan edi.

“Prezident Shavkat Mirziyoev odamlarni ishdan qo‘yib, tungi majlislar qilishni to‘xtatish kerakligi haqida gapirganidan so‘ng ham buning tumanlarda davom etayotgani meni qiziqtirgan edi”, dedi Ro‘zmetov “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda.

Kechki 10 lar atrofida majlisga yetib kelgan jurnalist Qo‘shko‘pir tumani hokimi Jo‘rabek Rahimovdan “Majlis hamma uchun ochiqmi yoki yopiqmi?” deya so‘raydi.

Bunga javoban hokim unga qatnashishi mumkinligini aytganidan so‘ng tezgina “majlis yopildi” deya e'lon qiladi va ishtirokchilardan tarqalishni so‘raydi.

Ro‘zmetovning so‘zlariga ko‘ra, u hokimga tashqariga chiqish oldidan bir necha savollar bergan. Jumladan, bu majlisga prokuror, ichki ishlar va boshqa turli kasbdagi odamlar qatnashayotgani, ertalab ular ishga chiqishlari kerakligini aytib, “Shunchalik zarurmi majlis qilib ularni ishdan qo‘yish?” deya so‘raydi.

Davlatnazar Ro‘zmetov, “Xorazm yoshlari” gazetasi muharrir o‘rinbosari

Jurnalist savoli militsiyaning kaltagi bilan qarshilandi

Ro‘zmetov telefonini yoqib, suhbatni yozib olishga kirishadi. Biroq  Qo‘shko‘pir hokimi Jo‘rabek Rahimov jurnalistning savollariga ortiq javob berishni ham ep ko‘rmaydi.

Odamlar tarqalayotgan paytda uning yonida fuqaro kiyimidagi ikki xodim paydo bo‘ladi va uning qo‘lini qayirib, “Damas” mashinasiga solib olib ketishadi.

“Ularning bittasi “Sen kimsan o‘zi?” deganiga “Jurnalistman” deb hujjatini ko‘rsatgan. Shunda u “Burnimga tutma hujjatingni, bu yerda men beraman savolni!” deya meni tahqirlab, biqinimga bir necha bor qattiq urdi” dedi Ro‘zmetov “Eltuz” muxbiriga.


Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov O‘zbekiston yoshlar ittifoqi rahbari Qahramon Quronboevdan intervyu olmoqda.

Ichgani tasdiqlanmagan jurnalist hushyorxonaga jo‘natildi

So‘ng uni jinoyat qidiruv xodimlari dastlab tuman kasalxonasiga olib borishadi.

Biroq Qo‘shko‘pir tumani kasalxonasidagi navbatchi vrach noma'lum sabablarga ko‘ra, Ro‘zmetovning qoni tarkibida alkagol bor-yo‘qligini aniqlashni lozim topmaydi.

Shundan so‘ng jurnalistni jinoyat qidiruv xodimlari Qo‘shko‘pir tumani IIBsiga olib kelishadi.

Ular jurnalistni xonaga olib kirib, unga jismoniy va ruhiy tazyiq ko‘rsatib, aroq ichganligi haqida iqrornoma yozdirib olishadi.

Keyin esa Ro‘zmetovni viloyat hushyorxonasiga jo‘natish chorasini ko‘rishadi.

Telefondagi yozuvlar o‘chirildi, guvohlar tinglanmadi 

Shuningdek, soatlab uning telefonidagi ma'lumotlarni tekshirishadi. Keyin esa telefondagi ko‘plab ma'lumotlarni, jumladan, hokimlik majlisida olingan hamda tuman hokimi bilan bog‘liq barcha videolavha va suratlarni o‘chirib tashlashadi.

“Sudda telefonimdan tuman hokimi bilan bog‘liq bo‘lgan, Bog‘ot va Qo‘shkupir tumanlaridagi olingan intervyularim va suratlarning Jur'at ismli jinoyat qidiruv xodimi tomonidan o‘chirib tashlanganligi hususidagi shikoyatim sud tomonidan inobatga olinmadi.

Men hech kimni haqorat qilmaganim yoki birovga qattiq ham gapirmaganimni isbotlovchi guvohlarni jalb qilishga imkon berish haqidagi iltimosim tinglanmadi”, dedi Ro‘zmetov “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda.

Shunday qilib, urganchlik jurnalist Ro‘zmetovga qarshi ochilgan ma'muriy ish bo‘yicha 29 oktyabr kungi sud majlisi qaror chiqaradi.

Urganchdagi hibsxonada joy bo‘lmagani uchun jurnalistni 7 sutka davomida Hazorasp tumani IIBga qarashli vaqtincha saqlash hibsxonasiga qamashgan.

“Xorazm yoshlari” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Davlatnazar Ro‘zmetov ijtimoiy tarmoqda o‘zining liberal qarashlari va dolzarb chiqishlari bilan tanilgan o‘zbek jurnalistidir.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 sentyabr 2019
“Oramizdan chiqsa gar millatni yaxshi sevguvchi, biz oni dushmon bilib, taffoncha birlan otamiz”. Bu misralarni buyuk millatsevar yozuvchi Abdulla ...
2 oktyabr 2020
Juma kelsa, xuddi uzoq ko‘rmagan do‘stu yorlarim guras-guras bo‘lib, meni quchoqlab ko‘rishganday his-tuyg‘uni boshdan kechiraman.  Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,  ...
20 may 2019
Andijon shahrida 16 may kuni viloyat faollari va prezident Mirziyoev ishtirokidagi yig‘ilishda Bo‘z tumani hokimi Inomjon Madaliev tuman nomini ...
23 mart 2018
Bobomurod Abdullaevga qo‘yilgan ayblovlar va bugun O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ko‘plab o‘zgarishlar o‘rtasida bir paradoks bordek. Usmon Haqnazarov taxallusi ostida ...
Bloglar
1 dekabr 2020
«Oshin» – 1983 yilda Yaponiyada suratga olingan ko‘p qismli film. Bosh rollarda Nobuko Otova, Yuko ...
25 noyabr 2020
Kuzda ketib kuzda qaytdim Sovet Armiyasi safidan. Bizni armiya safiga oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limidan ...
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...