Asosiy mavzular
7 aprel 2022

O‘zbekiston paxtachilik sohasida sezilarli xatarlar saqlanib qolmoqda

Apparell Insider nashri uchun maxsus yozilgan ushbu maqolada O‘zbekiston inson huquqlari forumi vakili Lin Shvaysfurt O‘zbekiston paxtachiligida tizimli majburiy mehnat tugatilishi muhim voqea bo‘lsa-da, inson huquqlari bilan bog‘liq jiddiy xatarlar saqlanib qolayotganini ta'kidlaydi.

O‘zbekiston hukumati tizimli, davlat tomonidan tashkillashtiriladigan majburiy mehnatga barham berilganidan so‘ng o‘zbek paxtasiga boykot bekor bo‘lganini tantana qilayotgan bir paytda fermerlar o‘zlariga qarshi kayfiyatdagi tizim hukmronligi ostida qolmoqda. 

2021 yilgi paxta terimi mavsumiga oid mustaqil monitoring natijalari tizimli majburiy mehnatdan foydalanilmaganini ko‘rsatgani “Cotton campaign” koalitsiyasini o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qilishga undadi. Bu O‘zbekiston hukumatining paxta sektorida majburiy mehnatdan foydalanishni to‘xtatish majburiyatini bajargani dalili va muhim yutuq bo‘ldi. 

Boykotni bekor qilish qarori milliy darajada, jumladan, televidenieda keng yoritildi. Bu yutuq fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan o‘n yildan ortiqroq vaqt mobaynida amalga oshirilgan kampaniyaning ajoyib muvaffaqiyati tarixini ifodalaydi.  

Biroq O‘zbekistonda paxta yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan o‘n minglab fermerlar va qishloq xo‘jaligi mehnatkashlari haqida ma'lumotlar kam. Qishloq xo‘jaligi sohasi xususiylashtirilishiga qaramay, uning ustidan sovetcha usulda o‘rnatilgan davlat nazorati saqlanib qolmoqda. Fermerlar davlatning deyarli to‘liq rahbarligida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. 

Davlat barcha qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga beradi va aksariyat fermerlarda bu hujjat nusxasi bo‘lmaydi. Shartnomalar davlat amaldorlarida saqlanadi. Davlat paxtaning minimal narxini, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladigan yer hajmini belgilab beradi. 

Fermerlar bu maydonlarda xususiy kompaniyalar yoki klasterlar (paxtani qayta ishlovchi vertikal integratsiyalashgan kompaniyalar) uchun mahsulot yetishtirishi shart. 

Paxtachilik sohasini xususiylashtirishga kirishilgan 2018 yilda fermerlarga bu yangi “o‘yin”da ularning manfaatlari inobatga olinmagani va qoidalar ularga qarshi qaratilgani ayon bo‘ldi. 

Paxta-to‘qimachilik klasterlari davlat amaldorlari ko‘magida o‘zlari faoliyat yuritayotgan tumanlarda monopol nazoratdan foydalanmoqda. To‘g‘ri, ayrim fermerlar yangi tizimdan manfaat ko‘rmoqda. Ammo bu ular mavjud qoidalar ularni himoya qilayotganidan emas, balki mahsulotni olayotgan klasterlar fermerlar bilan munosabatda halollikka intilayotganidandir. 

Ko‘plab fermerlar injiq “o‘yinchilar” qurboniga aylanmoqda. Yerni noqonuniy musodara qilish, paxta xarid narxi ko‘rsatilmagan bo‘sh shartnoma qog‘ozlari, to‘lovlar amalga oshirilmasligi, asossiz rejalar, past foizli kreditlar olish va ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan o‘g‘it kabi vositalarni adolatli narxlarda yetkazib berishda klasterlarga to‘la qaramlik o‘zbek fermerlarini o‘ta qiyin iqtisodiy ahvolga tushirib, huquqiy himoyasiz qoldirdi. 

Yangi monopoliyalar

O‘zbekistonning eskirgan qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini modernizatsiyalashga doir qator islohotlar, jumladan, prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari mohiyatan fermerlar emas, xususiy paxta klasterlari manfaatiga xizmat qiladi. 

Bu jarayonda investitsiya va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha mujmal majburiyatlardan tashqari, fermerlar va qishloq xo‘jaligi ishchilari turmush tarziga ta'sir masalasiga kam e'tibor qaratildi. 

Natijada paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, shuningdek, keng ekspluatatsiya imkoniyatlari borasida klasterlar davlat amaldorlari ishtirokida kuchli nazorat o‘rnatadigan kvazifeodal tizim yaratildi. Klasterlar davlatdan yer, suv va ip yigiruv fabrikalari, shuningdek, ichki irrigatsiya tizimlari va gidrotexnika inshootlari ustidan nazorat qilish vakolatini qo‘lga kiritdi. 

Yaqinda qonunchilikka bitta tumanda bittadan ortiq klaster tuzishga imkon beradigan o‘zgarishlar kiritilganiga qaramay, xususiylashtirish jarayoni qaramlik va mahalliy monopoliyaga asoslangan tizim paydo bo‘lishiga olib keldi.

Hukumat qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishtirokini davom ettirayotgani vaziyatni yanada og‘irlashmoqda. Hududiy hokimliklar va Qishloq xo‘jaligi vazirligi xo‘jaliklar klaster uchun yetishtirishi majburiy bo‘lgan yer taqsimoti va paxta hajmini belgilab beradi. 

Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini amaldorlar belgilaydi. Agar bu rejalar bajarilmasa, amaldorlar fermerlardan yerni tortib olish huquqiga ega. Qolaversa, ko‘p hollarda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari haddan ziyod belgilanadi. 

Tanlov ham, savdolashish imkoniyati ham yo‘q

Klasterlar paxta yetishtirish, yetkazib berish va qayta ishlashning barcha jabhalarini nazorat qilgani bois, fermerlarning paxtani o‘z tumanidagi klasterga sotishdan boshqa chorasi qolmaydi. 

2021 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida O‘zbekiston inson huquqlari forumi kuzatuvchilari 76 nafar fermer bilan suhbatlashdi. Ularning barchasi paxtani kimga topshirishda tanlov huquqi yo‘qligi ularni narx va shartnoma shartlari borasida savdolashish imkoniyatidan mahrum etishini bildirdi. 

Prezidentning 2021 yil noyabrda qabul qilingan yangi farmoni fermerlarga o‘z hududidagi istalgan paxta-to‘qimachilik klasteri bilan paxta xomashyosi bo‘yicha fyuchers (oldindan moliyalash) shartnoma tuzish imkonini beradi. Biroq aslida fermerlar hali ham o‘z mijozlarini tanlay olmayotgandek ko‘rinadi. 

Shu bois, 2021 yilgi paxta terimi mavsumida fermerlarning yarmidan ko‘pi bozor qonunlari inkor etilayotgan bunday sharoitda o‘zlari shartnoma tuzgan klasterdan norozi ekanini aytgani ajablanarli emas. 

2022 yil boshida boshqa tumanlardagi klasterlar bilan shartnoma tuzishga uringan fermerlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi hududiy bo‘limlari va tuman mutasaddilarining ma'muriy to‘siqlariga duch keldi. 

Yangi farmonga qaramay, Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi fermerlar tomonidan tuzilgan shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortdi. Holbuki, bu jarayon shartnomaning haqiqiyligini tan olishning zaruriy shartidir. Tuman rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, prokuror “o‘z tumanida yetishtirilgan paxtani boshqa tumanga jo‘natishga ruxsat bera olmasligi”ni aytgan.

Ismi oshkor etilishini istamagan xorazmlik fermerning bildirishicha, uning 2022 yilda klaster bilan paxtaning kafolatlangan narxini muhokama qilishga urinishlari natija bermagan. 

Buning o‘rniga tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi rahbari unga noma'lum miqdordagi paxtani noma'lum narxda yetishtirib berish majburiyati belgilangan bo‘sh shartnomani imzolashga majburlagan. Aks holda u yeridan ajralib qolishini aytishgan. 

Aftidan, shartnomalar bo‘yicha huquqbuzarliklar keng tarqalgan ko‘rinadi. 2022 yil 6 mart kuni telegram tarmog‘idagi “Fermerga madad” guruhida e'lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, 1303 fermerdan 899 nafari klasterlar bilan tuzilgan fyuchers shartnomalarda ularga 2022 yilgi paxta hosili uchun to‘lanadigan narx ko‘rsatilmaganini ma'lum qilgan. Qator holatlarda 2019 yilda topshirgan paxtasi uchun shu paytgacha haq olmagan fermerlarni ham shartnoma imzolashga majburlashgan. 

Vakillikning yo‘qligi

Barcha fermerlardan majburiy a'zolik badali undiruvchi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi go‘yoki fermerlar manfaatlarini ifodalash uchun tuzilgan kvazihukumat organ hisoblanadi. Kengash shikoyatlarga javob qaytarmaydi, ayrim holatlarda uning joylardagi vakillari bo‘sh shartnomalarni tasdiqlaydi. 

Fermerlarning kengashni demokratlashtirishga urinishlari qat'iyan rad etildi, fermerlarning mustaqil uyushmasini tashkil etishga urinishi ham O‘zbekistondagi boshqa fuqarolik jamiyati tashabbuslari kabi ro‘yxatdan o‘tishda ko‘plab to‘siqlarga uchradi.

Yanada ko‘proq buzilgan shartnomalar

Bir guruh mustaqil fermerlar 2022 yilgi paxta hosili uchun o‘zlarining manfaatlarini ifodalovchi fyuchers shartnomalar tuzish borasida muzokaralar o‘tkazgani katta muvaffaqiyat bo‘lib ko‘ringandi. 

2022 yil 5 fevralda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermerlar kengashi, Klasterlar uyushmasi va fermerlar vakillari ishtirokida paxta uchun fyuchers shartnomaning yakuni namunaviy shaklini muhokama qilish masalasida virtual uchrashuv o‘tkazildi. 

Shartnoma fermerlarga o‘zlari istayotgan himoyani, jumladan, klasterlar bilan kelishuv imzolashga qadar minimal xarid narxini belgilash, shartnomalarda bo‘sh bandlar bo‘lmasligi, klasterning umumiy paxta shartnomaviy narxining 70 foizigacha qismini oldindan to‘lash majburiyati, fermerlarga o‘g‘it va yonilg‘ini klasterdan tashqari boshqa ta'minotchilardan olish imkoniyatini taqdim etishi lozim edi. 

Biroq tadbirning yakuniy natijasi davlat fuqarolar ustidan hukmronligidan o‘zi bilganicha foydalanishiga yaqqol misol bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi yangi shartnomaning namunaviy shaklini joriy etish o‘rniga mahalliy amaldorlarga eskicha shartnomani jo‘natdi. Vazirlik shartnomaning anjumanda tasdiqlangan asosiy shartlari haqida eslatib o‘tishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi. 

Klasterlarga qaramlik

Ayrim fermerlar o‘zlarini ekspluatatsiya qilayotgan klasterlar bilan muzokaralarda ustuvorlikka erishish uchun kooperativlar tashkil etdi. Biroq davlat amaldorlari va mahalliy qishloq xo‘jaligi bo‘limlari boshqa fermerlarning kooperativlar bilan shartnoma tuzishiga yo‘l qo‘ymay, amalda ularning faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. 

Kooperativlar bilan ishlash istagini bildirgan ba'zi fermerlarga mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi va yangi tuzilmaga qo‘shilmaslik to‘g‘risida “rasman ogohlantirdi”. Pirovardida fermerlar o‘z tumanidagi yagona paxta klasteri bilan bo‘sh shartnomalarni imzolashga majbur bo‘ldi. 

Klasterlar moliyaviy ta'minot olishda ham ustuvor mavqega ega bo‘ldi. Hozir faqat klasterlar Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan past foizli kredit ololadi, fermerlar esa faqat klasterlar orqali kredit olish imkoniyatiga ega. 

2020 yilda qabul qilingan qonunchilikda fermerlar va kooperativlar klasterlarga taalluqli imtiyoz va subsidiyalardan teng foydalanish huquqiga egaligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, 2021 yil noyabrda imzolangan navbatdagi farmon fermer va kooperativlarning Qishloq xo‘jaligi jamg‘arma kreditlaridan amalda foydalanish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi va mustaqil ishlashga intilayotgan fermerlarga to‘siqlarni kuchaytiradi. 

Paxta dalalarida tizimli majburiy mehnatga barham berilgani tantana qilinayotgan bir paytda inson huquqlari tashkilotlari hali sezilarli xatarlar saqlanib qolayotganiga yaqqol ishora bermoqda. 

Bu xatarlar hukumat tomonidan fuqarolarning uyushish erkinligini himoya qilishi borasida oldinga siljish yo‘qligida ko‘rinadi. Bunday erkinlik fermerlarning huquq va imkoniyatlari kengayishiga, ekspluatatsiyaga uchrashi muammosi hal bo‘lishiga, shuningdek, fuqarolik jamiyatining huquqbuzarliklarni monitoring qilish va hisobdorligi bo‘yicha imkoniyatlari oshishiga yo‘l ochadi. 

Mustaqil kasaba uyushmalari, mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlar va kooperativlarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, shuningdek, so‘z va uyushmalar erkinligi tobora cheklanib borayotgan muhitni bartaraf etmasdan turib O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasining yangi bahori juda qisqa bo‘lishi mumkin.

Apparel Insider to‘qimachilik sanoati sohasiga oid yangiliklar va tahlillar platformasi hisoblanadi. 

Tag‘in o‘qing
25 iyul 2018
Rassom Azizbek Eltuz.com
11 fevral 2020
Toshkentdagi Shodlik Palace mehmonxonasi egalari “Ilhom” teatri jamoasidan binoni bo‘shatishni so‘ragani haqida 10 fevral kuni xabar tarqaldi. Mehmonxonani xususiylashtirgan ...
17 may 2019
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov 15 may kuni feysbuk sahifasida ayrim saytlardan to‘siqlar olingani iddaosi ortidan ...
3 oktyabr 2018
Davlat statistika idorasi 1 oktyabrda e'lon qilgan hisobotiga ko‘ra, sentyabr oyida tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1¸8 foiz ko‘tarilgan. ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...