Asosiy mavzular
8 fevral 2019

O‘zbeklarning cho‘qqidagi burgutga taqlidi

Burgut tog‘ning tepasidagi cho‘qqida qimirlamay o‘tirardi.

Quyon bo‘lsa pastdagi adiru tepaliklarda yugurgani yugurgan edi.

Bir kuni quyon burgutga qarab: «Men ham senga o‘xshab qimirlamay o‘tirsam maylimi», debdi. «O‘tiraver», debdi burgut.

Quyon bitta tosh ustiga chiqib, burgutga taqlidan viqor bilan bir nuqtaga qiytor ko‘zlarini boqib qimirlamay o‘tiribdi.

Quyon o‘zini ulug‘vor his qilibdi. «Olamning kindigi men bo‘lsam kerak», degan o‘ylarga botibdi.

«Eh, umrim tiriklik tashvishida bir tepadan ikkinchi tepaga sakrash bilan o‘tdi! Bundoq tinchgina xotirjam o‘tirsam ham bo‘lar ekan-ku. Eh, huzur-halovatga nima yetsin!» deb battar bir nuqtada qotibdi quyon.

O‘sha joyda yurgan tulki quyonni ko‘rib qolibdi. Odatda tulkini ko‘rishi bilan mingga qo‘yib qochadigan quyon budda haykali kabi qimirlamay o‘tirganmish.

Tulki bir sakrab quyonning bo‘g‘zidan tishlabdi. Bir pasda bu quyon och tulkining oshqozonidan joy olibdi.

Qissadan hissa, harakatdan to‘xtagan tulkiga yem bo‘ladi.

Burgutga o‘xshab o‘tirish uchun burgut kabi yuksak cho‘qqida yashash kerak.

Bedananing yurishini qilaman, deb chumchuqning chatanog‘i ayrilibdi.

O‘zing kabi yasha va zinhor qimirlashdan to‘xtama…

Xo‘p, shu yerda nasihatni to‘xtatib, hayotga qaytsak. 18 yoshida uylangan yigitga kelin bola tarafidan «yashash standarti» belgilangan qizil kartochka ko‘rsatiladi.

«Kaptiva» (qimmat moshin), O‘rikzorda villa. «Versal»da tug‘ilgan kun. Ayfon. O‘sha oxirgi matoh ham 700 turadi. Ko‘kida.

Chunki falonchilarda ashnaqa tilpon bor, chunki pistiyonchilar ashnaqa uylarda yashaydi. Gapning qisqasi, cho‘qqidagi burgutlar.

Hali og‘zidan ona sutining hidi ketmagan va biror kasb-hunar boshini tutib, pul topish san'atini egallamagan 18 yashar yigit yelkasiga bu zil-zambil og‘irlik yuklanadi.

«Uylandingmi, ta'minlab qo‘y», deyishadi junbul jamoat.

Yigit alang-jalang qilib o‘ris yoki qozoqqa ketadi.

Yo‘lda u tushgan avtobus yonib ketadi (bu holatning varianti ko‘p. Hamqishloq urib o‘ldiradi. Boshiga beton tushib keladi yoki ichburug‘dan o‘ladi). Kelin bolaning nomiga temir tobut keladi. Quchoqlayver endi muzday murdani.

Assalomu alaykum, O‘zbekiston, juma muborak.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 may 2016
«Panama hujjatlari» deya nom olgan ma'lumotlarda o‘z mablag‘larini horijdagi ofshorlarga yashirgan 100 dan oshiq o‘zbekistonliklarning ham ism familiyalari, manzillarigacha ...
7 fevral 2018
Namanganning Kosonsoy tumanida 5 fevral kuni 36 kishi xasipdan zaharlanib shifoxonaga yotqizildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, ular ...
10 aprel 2017
Raxmat Akilov telegram tarmog‘idagi yozuvlari oshkor qilindi. Aqilov doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlarda IShID tarafdorlari yoki a'zolari bilan aloqada bo‘lgan. ...
13 fevral 2019
Hukumat tili bilan tadbirkorlik rivoji uchun turli imtiyozlar va yengilliklar berilayotganini ovoza qilayotgan bir paytda qo‘li bilan ishbilarmonlarning bo‘g‘zidan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...