Catira
17 iyun 2020

Oltinko‘llik tujjor: Meni IIB xodimlari kaltaklab, hushyorxonaga tashladi

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumani turg‘uni 40 yashar Saydullo So‘fiev IIBning ikki xodimi 16 iyun kuni qo‘lini qayirib, mashinaga bosib, hushyorxonaga olib borishgani, u yerda 3-4 soat saqlab, saharga yaqin qo‘yib yuborishgani haqida «Eltuz»ga shikoyat qildi.

So‘fievning aytishicha, voqea u yo‘l bo‘yida salqin ichimliklar bilan savdo qilayotgan paytda ro‘y bergan. IIB xodimlari uning hujjatsiz, noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotganiga e'tiroz bildirishgan.

«Melisa formasidagi ikkita odam keldi. Bittasi uchastka noziriman, dedi. «Noqonuniy savdo qilyapsiz. Biz bilan yurasiz», dedi. Men bormayman, dedim. Keyin qo‘llarimni qayirib, mashinaga bosib olib ketishdi. Mashina ichida urishdi. Oyog‘im, qo‘lim lat yedi», dedi So‘fiev «Eltuz»ga.

Hushyorxonaga olib borishgach, So‘fievning aytishicha, uni «noqonuniy savdo faoliyati» bilan shug‘ullangani yuzasidan so‘roq qilishgan, ma'muriy ish rasmiylashtirishgan. Lekin bu haqda unga biror hujjat berishmagan va tungi soat 2.00 larda uyiga qo‘yib yuborishgan.

«Badanimda lat yegan joylar bor. Lekin jiddiy jarohatim yo‘q. Qo‘limni qayirishdi. Urib siltalashdi. Hammasi kecha yo‘lda, mashina ichida bo‘ldi. Lekin hushyorxonada meni urishmadi», deya bildirdi So‘fiev yuz bergan voqea haqida «Eltuz»ga.

U uyida yotgani, kasalxonaga borishi kerakligini aytmoqda. Lekin uning aynan kimlar tomonidan kaltaklangani faktini rasman tasdiqlash yoki rad etishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

So‘fiev uni mashinada urib, hushyorxonaga olib borgan IIB xodimlarini tanimasligi, ism-shariflarini bilmasligini aytdi. Biroq u «Eltuz»ga haqiqatan savdo qilishga ruxsat beruvchi hujjatlari yo‘qligini ham e'tirof etdi.

«Hamisha o‘sha yerda (Oltinko‘l tumani yaqinidagi yo‘l chetida – tahr.) savdo bilan tirikchilik qilaman. Ayron va boshqa salqin ichimliklar sotaman. Goh soliqchilar, goh SESdan kelib turli hujjatlar talab qilishadi. Lekin tovarlarimga teginishgani yo‘q. Hozir o‘g‘lim o‘sha yerda turib, salqin ichimliklar bilan savdo qilyapti», deya izoh berdi voqeaga oltinko‘llik tujjor.

2017 yili prezident Mirziyoev huquq-tartibot idoralari xodimlarining qiynoqlar va shafqatsiz munosabatini taqiqlovchi «Ichki ishlar vazirligi to‘g‘risida»gi qonunga, shuningdek, 2018 yildan boshlab jinoyat qilishda gumon qilinayotganlarning so‘roqlari video va audioyozuvlarini ta'minlovchi qonun hujjatlariga imzo chekdi. Shunga qaramay, ichki ishlar xodimlari muntazam ravishda qiynoq va shafqatsiz munosabatdan foydalanib kelishmoqda va buning uchun ko‘pincha ular hech qanday javobgarlikka tortilishmayapti.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 aprel 2023
Bu yil O‘zbekistonda Yoshlar ittifoqi tashkilotining o‘tmishdoshi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashkil topganiga 19 yil to‘ladi. Eski komsomol o‘rniga ...
26 dekabr 2015
O‘zResJKning firibgarlik va tovlamachilik moddalari bilan ayblov e'lon qilingan Ruhiyo Baitova Amnistiya Qaroriga asosan avf etildi va ozodlikka chiqarildi! ...
13 may 2019
O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov 10 may ...
3 aprel 2018
Milliy xavfsizlik xizmatining merosxo‘ri bo‘lgan Davlat xavfsizlik xizmati hali ham muxolifatni mavjud hokimiyatning dushmani deb biladi. DXX raisi Ixtiyor ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...