Multimedia
23 mart 2021

Imperativ-15. Pushkinning Toshkentda nima ishi bor?

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

O‘zbek yozuvchisi Nurali Qobul bilan ham Moskvada (yaqinroq) tanishdik. Juda tabassumchan yigit edi. Insonlar bilan ijtimoiy “kontakt” o‘rnatishda mohir edi. Muomalasi hamma bilan yaxshi edi.

Uni keyinroq (90-yillarda) deputat sifatida ko‘proq tanidim va shunga tayanib, uning shaxsini ijodkorlar ichidagi eng katta, nufuzli sinfi – «yoshullichilar» sinfiga qo‘yish mumkin.

Bu sinfning dunyoqarashi bunday: «Inson bu dunyoga bir marta keladi. Rohat qilib yashash kerak. Qandaydir mavhum ideallar uchun adabiyotni vosita qilmaslik kerak, go‘zal, insonlarni go‘zallikka yetaklaydigan narsalar yozish kerak.

Bularni yozarkan, dushmanni do‘st qiladigan shaklda yozish lozim, do‘stni dushman qilib emas. Adabiyotni siyosatga ham vosita qilish aqlsizlikdir. Juda vosita qilging kelsa, tarixiy asarlar yoz, tarixdagi siyosiy liderlarni tanqid et, butun nafratingni tarixiy personajlar ko‘ksiga joylab, ularning og‘zi bilan joriylarga emas, yana o‘sha tarixiy liderlarga hujum qil.

Joriy siyosatga esa zinhor aralashma. Aksincha, yoshullilarga ehtirom ko‘rsat, ularning qo‘lini ol, ularning do‘stlariga yaqin, dushmanlaridan uzoq yur. Zotan, bizning xalq zolim hukmdor bo‘lmasa, quturib ketadi, bu, afsus, haqiqat. Iloji boricha yoshullilarga yaqin bo‘lish kerak…»

Bu standart «yoshullichi» psixologiyasidir.

Nurali Qobulda bu xislatlarning aynan qaysinisi bor edi, buni aniq ayta olmayman. Ammo uning «yoshullichi» sinfiga oid ekaniga shubham yo‘q.

Nega buni ishonch bilan aytyapman? Chunki o‘zbek ijodkorlarining katta foizi «yoshullichi» va bu sinfga kirmagan foiz ichidagilar yo qatl etildi, yo o‘z ajali bilan o‘ldi, yoki qamaldi va yoki surgun qilindi.

Aslida «yoshullichi sinfi» yirtqich sinf emas. «Tarixiy shart-sharoit» bo‘lsa, «yoshullichilar» ezgulik tarafida turib, juda ko‘p xayrli ishlar qilish salohiyatiga ega kishilarning sinfi.

Yaxshi yashashni haqli ravishda istagan insonlar. Bu yo‘lda «yoshulli»ga naqadar yaqin yurilsa, shu qadar yaxshi bo‘lishiga ishongan xarakterlar.

Nurali bilan bog‘liq bir necha iliq xotiram bor. Shulardan bittasi Moskvadagi uchrashuvimiz. 1979 yilda O‘zbekiston «Goskomizdat»i boshlig‘i bilan kelgan yosh Nurali Qobulni eslayman.

U o‘sha paytlardagi «xalq otasiga» kuyov maqomida edi. Nurali uchun maxsus «Sovet O‘zbekistoni san'ati» jurnali ochib berilgan edi, Nurali uning bosh muharriri edi. Menga: «Hech kim bosmaydigan, tsenzuradan o‘tmaydigan bir material bering, men bosaman!» dedi qahramonlarcha.

Nuralining shunday tantiligi bor edi kuyov bo‘lishiga qaramasdan. Yoki kuyov bo‘lgani tufayli. Nurali Qobulga ruslarning Rusiyaga daf bo‘lishi orzu qilingan ushbu utopik bir esseni berdim:

ADAShGAN HAYKALLAR

Ular navbatda turishibdi. Non do‘koni oldida turgan odamlarday, qatorlashib turishibdi ular. Har birining qo‘lida o‘z yuragi. Oylab, yillab turaveradi. Yomg‘ir, qor ostida turaveradi.

– Men shu yerlikman, o‘tkazib yuboring, – demaydi hech kim.

– Men pensionerman, o‘tkazib yuboring, – deb birortasi aytmaydi.

– Men falon urushda qatnashdim, – deb hech kim miq etmaydi.

Ularning ichida imtiyozlilar yo‘q. Salla o‘ragani ham, frak kiygani ham indamay turaveradi.

Bu holat bir qarashda loqaydlik bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo ularning qiyofasiga diqqat qilgan kishi bir narsani payqaydi: haykallar biri ikkinchisini tanish uchun qattiq tirishyapti – sallali shoir peshonasini tirishtirib, “buni qaerda ko‘ruvdim-a”, deganday frak kiygan shoirga, frakli shoir esa unga tikiladi.

Haykallar navbatda turishibdi, ammo nima uchun turganini hammasi yodidan chiqargan: hammasining diqqati bir narsaga – bir-birini tanib olishga qaratilgan…

Chindan ham, juda ko‘p haykallarimiz qaerga va nima uchun kelib qolganini bilmaydi. Kimdir ularni boladay yetaklab keladi-da, “Mana shu yerda turing, men hozir qaytib kelaman”, deganicha g‘oyib bo‘ladi… va hech qachon qaytib kelmaydi.

Haykal bo‘lsa, bu yerda musofir – yonidagi odamni taniy olmay sarson – turaveradi.

Kezi kelganida shuni aytish kerakki, omadli haykallar xiyobonda yolg‘iz o‘zi turadi.

Ha, turmushdagi ajib falsafa haykallar o‘rtasida ham rasm: buyuk odam doim tanhodir.

Hatto haykallarning navbatda turganlaridan farqli, u o‘zining qaerda – vatanidami yo xorijdami ekanligi bilan qiziqmay, bemalol hayolga sho‘ng‘iy oladi, buning ustiga, tanho haykalning qo‘lida birorta kitob bo‘lishi muqarrar – shuni o‘qib vaqt o‘tkazadi hech bo‘lmaganda.

TANHOLAR

Bayronning muxlisi bu xiyobondan o‘tsa, doim xafa bo‘ladi: nega bu yerda Bayron emas, Pushkin turibdi?

– Negaki… – deb javob bermoqchi bo‘lasiz-u, o‘zingiz ham bilmaysiz negaligini.

Uzoq bilmay turasiz.

– Men Pushkin muxlisi bo‘lganim uchun! – deb faxr aralash hazil qilasiz, lekin do‘stingizning boshqa shoirga muhabbatini haqorat qilishdan qo‘rqib, aldashda davom etasiz: – Pushkin O‘zbekistonni sevgani uchun. Pushkin-Dantes duelining sababini bilasizmi? Sababi bir – O‘zbekiston.

Bayronning muxlisi sizga telba odamga qaraganday qaraydi, yuzingizdagi jiddiylikni ko‘rib, esankiray boshlaydi.

Esankirayversin.

Sizga buning aloqasi yo‘q.

Siz Pushkinni sevasiz va uning nega aynan shu yerda turganini oqlash uchun har qanday yolg‘onga tayyorsiz.

Buyuk shoirni qurshagan toshkentlik kanizak daraxtlar esa ohista qo‘shiq aytadilar. Odatda Sharq odamlari qo‘shiq tinglayotib, beixtiyor ohangga mos bosh tebrata boshlaydilar.

Afsuski, bu ish haykallarning qo‘lidan kelmaydi.

Ayniqsa, Pushkinning.

Chunki Ovro‘pada bosh tebratishmaydi.

Ovrupaliklar har qanday ohangga oyog‘i bilan jo‘r bo‘lishadi.

Pushkin xiyobonidan o‘tayotgan har bir yo‘lovchi shoirning jim depsinib, notanish xalq musiqasini butun bronza vujudi bilan tinglayotganiga guvoh bo‘ladi…

Mana bu xiyobonda esa ikkinchi bir buyuk siymo turibdi.

Bu yozuvchiga qo‘yilgan haykallar dunyoning hamma burchagida bo‘lsa kerak. Londonning qaysi ko‘chasiga qo‘yilgan ekan uning haykali? Parijning qaysi bulvariga?

Har holda, u Toshkentning eng go‘zal chorrahasida turibdi.

Uning yonidan o‘tsangiz, sizga mehri iyib ketadi, buyuk proletar yozuvchisining sizga o‘xshagan oddiy odamlarni qanchalik sevganini yaxshi bilganingiz uchun unga birodarlarcha ta'zim qilasiz, salom berasiz:

– Qaysi shamol uchirdi bu yoqlarga, Aleksey Maksimovich?!.

Albatta, u haykal sizga qayrilib ham qaramaydi. Birinchidan, haykallarning bo‘yni juda qattiq:

– qayrilish uchun ularga kamida yuz yil vaqt kerak.

Ikkinchidan, savolingiz nihoyatda bachkana: siz va bizni uchirgan oddiy shamol haykallarni uchirolmaydi.

Ularni juda katta ijtimoiy voqealar, loaqal, inqilob bo‘roni uchirishi mumkin.

Ayniqsa, Toshkentday uzoq shaharga.

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
7 sentyabr 2020
Prezident Shavkat Mirziyoev 31 avgust kuni mamlakat mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda maska taqish zarurligi haqida ...
12 sentyabr 2016
«Oila davrasida» gazetasi (08.09.2016) bugungi O‘zbekistonning oddiy aholisini eng ko‘p o‘ylantirayotgan muammolardan biri – bank plastik kartasi orqali moliyaviy ...
7 may 2021
Zihi davroniy, Farxunda nishoniy. Zamon o‘ldi – O‘rusiya zamoni. Furqat Hormang, Ramazon oyida ro‘zalarni tutib, qalblari iymon nuriga to‘layotgan ...
15 yanvar 2017
O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatini 1995 yilning 26 iyunidan beri boshqargan Rustam Rasulovich Inoyatov, mamlakatdagi yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqqan ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...