Asosiy mavzular
1 aprel 2021

Imperativ-17. Odam jamlab olsa o‘zini

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

Moskvadagi ikki yillik hayot milliy qarashlarimni sezilarli darajada radikallashtirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bu sovet rejimiga qarshi qurolli kurash orzusi emasdi. Buning imkonsiz ekani aniq edi.

Ayni paytda shuurimda jo‘n romantika ham emas, real hayotda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan sahnalar gavdalana boshlagan edi:

ODAM JAMLAB OLSA O‘ZINI

Vujud, tomirlaring yopib ol,

Kiritma u yerga sotqin titroqni…

Ko‘krakka lag‘cha cho‘g‘ temirni

Bosganda dushman,

Og‘iz, gullab qo‘yma ko‘krak sirini!

Qichqirib yuborma, bo‘g‘iz,

Ingrab, hirqirama azobdan

Odam jamlab olsa o‘zini,

O‘zini katta bir maydonga yig‘sa,

U ulkan lashkardir.

(1980)

«Valfajr», 1983 yil

Bu she'rdagi buyruq ruhning badanga buyrug‘i edi. Yozayotgan, hatto bosilayotgan she'rlarimning matnosti ifsho etilganida edi, menga «antisovetchi» tamg‘asini urib, darhol «chora ko‘rishlari» ehtimoli yo‘q emasdi. Buni tashkillashtirish juda qulay edi KGB uchun. «Yo‘q narsa»dan jinoyat uydirayotgan KGB mening matnlarimda NARSAning o‘zini topishi uchun diqqatini matnga qaratishi kifoya edi.

She'rda ko‘rsatilgan «lag‘cha cho‘g‘» shundoq yonginamizda qrimlik qardoshlarimizning ko‘ksiga bosilayotgan edi. Nima uchun? Faqat vatanlariga qaytishni istaganlari uchun.

Men ham vataniga qaytishni istayotgan bittasi edim, ishg‘olchilardan ozod qilingan vatanimga. Ammo hozircha xuddi «vatani bor odamday» yashayapman. Quyidagi she'r milliyatchining shu chorasizligi haqda:

AYTGANDAY

Darvoqe, siz buncha to‘g‘risiz,

Makkadan yaqinda qaytganday?!

Aytganday, siz kimning o‘g‘lisiz,

Kimning nabirasi, aytganday?

Aytganday, hech uyalmadingiz,

Andisha yo‘q, aytganday, sizda

Xalq oldida, kuppa-kunduzi

Millat haqda gap sotdingiz-a?

Aytganday, siz sal takabbursiz,

O‘zingizni kamtarroq tuting.

Keragidan ortiq mag‘rursiz,

Vatani bor odamday xuddi!..

(1985)

«Olis tabassum soyasi», 1986 yil

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
5 sentyabr 2018
Telia shirkatining sobiq rahbarlari ustidan Stokgolmda davom etgan sudda Toshkentdagi «Dado» guruhi qo‘shiqchisi bo‘lgan Rustam Madumarov Gulnora Karimovaning rasmiy ...
6 sentyabr 2021
Ko‘rayotganingiz bu shodon odamlar qatiq bayramini qutlamoqda. Qatiq sharafiga alyorlar aytishmoqda. O‘zbekiston «Yashasin mustaqillik», deya shivirlayotgan paytda Turkiyaning Silivri ...
26 mart 2019
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi joriy qilgan IIV xodimlarining yangi formalari eskisidan tubdan farq qiladi. Aksariyat atributlari kulrangda bo‘lgan militsiyaning ...
30 noyabr 2018
1992 yilning dekabr oyida Qahramon Xo‘jaqulov yana o‘z manbalaridan jiddiy ma'lumot oladi. Bu safar MXX xodimlari Afg‘onistondan O‘zbekistonga konteynerda ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...