Multimedia
7 may 2021

Imperativ-25. Pastkashlik kompleksi

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

Hech inglizlarning «Boshda kepkam, yuradirman g‘o‘ddayib», degan tahdidini eshitganmisiz? Albatta, eshitmadingiz, eshitmaysiz ham.

Ular dunyoning yarmini yuzlarida sovuq tabassum bilan bosib oldi.

Surgunga quvganimiz shoh Boburning Hindistonda insho etgani 300 yillik saltanatni yiqar ekan, ularning yuzlarida sovuq jilmayishdan boshqa hech bir ifoda yo‘q edi.

Ular Arabistonda ajdodlarimizning boshqa bir urug‘i (o‘g‘uz) qurgan Usmoniylar imperiyasini yiqayotganida ham Qirollik yuzida ayni ifoda bor edi. Buni mashhur ingliz josusi Lourens haqidagi filmda ko‘rgandirsiz.

Biz nega inglizlar qadar sovuqqon bo‘la olmadik dushmanlar qarshisida?

Qachon biz yengilishni qismat o‘laroq qabul eta boshladik?

Siynalarda bu pastkashlik kompleksi qachondan boshlab urchiy boshladi?

Amir Temurning vafoti aqobinda yiqilgan saltanatmidi cho‘kishning boshlanishi?

Shayboniy davlati edimi bizning so‘ng sapchishimiz?

So‘ngra millat va davlat sifatida parcha-parcha bo‘lish – qochib bo‘lmas qismatmidi haqiqatan ham? Xoinlar Toshkentning darvozalarini ruslarga ochib berayotganida Qo‘qon nega «To‘xta!» deya hayqirmadi; nega Buxoro amiri joriyalarning quchog‘idan chiqib, rusga «Hey, nima qilyapsan?» demadi; nega Xiva xoni chilimdan boshini ko‘tarib, dushman «Toshkentni ishg‘ol etdi, hamma jihodga!» deya oyoqlanmadi?

Pastkashlik kompleksining faqat qon bilan tozalanishini chuqur his etgan «bosmachilar» rus bosqinchisiga qarshi qo‘lidan kelganini qildi, ammo og‘izbirligi bo‘lmagani uchun hammasi halok bo‘ldi.

Qardoshlarimga jihodda yordam beraman, deb Turkiyadan Turkistonga kelgan general Anvar Posho ham bu parokanda ummatni, pastkashlik kompleksi qon-qoniga singib ketgan bu millatni zalolatdan qutqara olmadi. Bu kompleks har qanday dushmandan tahlikaliroq edi. Chunki dushman tashqarida, pastkashlik tuyg‘usi esa naq ko‘ksimizga yerlashgan edi.

Bu xastalikka qarshi kurashda jadidlar o‘z hayotlarini fido etdi.

Ammo ularning shahodati ham bizda dushmanga nisbatan kin uyg‘ota olmadi.

Aksincha, jadid kabi o‘ldirilishdan qo‘rqib, dushmanga madhiyalar yozdik. Bu it sadoqati uchun xuddi itlar musobaqasida g‘olib kelgan ko‘ppakka medal taqqaniday, bo‘ynimizga «xalq shoiri» medalionini osdilar.

Biz esa bu medalionlarni sollantirgancha shahid jadidlarning mozoriga borib, «Taqiqlangan kitobingni yaqinda chiqaramiz, rus ruxsat berdi, ruhing huzur ichida yotsin, shahidim!» deya nutqlar o‘qidik.

Biz haqorat va xo‘rlikka ko‘nikkan edik:

KO‘NIKISh

Shu qadar xijolat bo‘lardiki, sho‘rlik,

Ko‘zi tinib, hech narsa ko‘rmasdi.

Uyat kuchli edi, kuchli edi xo‘rlik,

Yer yorilmas edi, yerga kirmasdi…

Odam har narsaga ko‘nikar ekan,

Ko‘nikib oldi u taqdirga

Endi yer yorilar edi uyatdan,

u bo‘lsa, kirmasdi yorilgan yerga! (1981)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
17 fevral 2017
«Xalq so‘zi» gazetasi (15.02) «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining yoshlar qiziqish va qarashlarini o‘rganishga bag‘ishlangan so‘rovi natijalarini e'lon ...
16 noyabr 2022
O‘zbekiston rassomlar uyushmasi a'zosi, rangtasvir, grafika va karikatura ustasi, yetuk rassom, Eltuz ijodiy jamoasi a'zosi Shavkat Muzaffar (Shavkat Turopov) ...
8 noyabr 2021
Prezident Shavkat Mirziyoev 6 noyabr kuni yangidan lavozimiga o‘tirish oldidan qasamyod qilarkan, O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish niyatini bildirdi. Biroq ...
9 may 2017
Bu haqda mahalliy o‘zbek matbuotida ilgari yozilmasdi. Garchi O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi qator yillardan buyon O‘zbekistondagi majburiy mehnat tizimini ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...