Multimedia
4 iyun 2021

Muhammad Solih: “Mening butun panturkizmim qardoshimning nafasini yonimda eshitmakdir”

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 30-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

Qutulishing yagona yo‘li esa dunyo turklarining birligidir.

Gapirilaverib deyarli siyosiy demagogiyaga aylantirilgan bu sho‘rlik g‘oya safsatalar kuli ostida hali ham o‘chmagan bir cho‘g‘. Bundan yigirma yil burun yozganim quyidagi matn o‘sha cho‘g‘ning taftidir:

MUHAMMAD SOLIH: “MENING BUTUN PANTURKIZMIM QARDOShIMNING NAFASINI YoNIMDA EShITMAKDIR”

(Bu matn 2000 yilda Turkiyadagi kommunistlarining “Oydinlik” gazetasida chop etilgan tuhmatlarga javoban Istanbul turkchasida yozilgandi. Do‘stlarning talabiga binoan uni takror yoyinlashga  qaror  qildik. Faqat matnning bu versiyasi turk dunyosidagi joriy voqelik hisobga olingan holda biroz o‘zgartirildi).

Sovet davrida kommunistlar kaminani panturkizmda ayblashardi, so‘ngra yana o‘sha kommunistlar (mustaqillik davrida) meni shariatchilikda aybladilar.

Eng qizig‘i, Turkiyaga kelganimizdan keyin turk kommunistlarining bir gazetasi ham o‘zbek g‘oyadoshlariga jo‘r bo‘lib, meni islom radikalizmida ayblay boshladi.

Bu kommunistik jazavaga javob berishga majbur bo‘ldim va ushbu maqolani yozdim:

Ha, men turk irqiga mansubman, aniqrog‘i, turkistonlik turkman. Turkiston deganda turklar yashaydigan zamin tushuniladi.

Ha, biz 70-80 yillarda turk dunyosining birlashishini orzu qilardik. Bu bizning yoshlikdagi idealimiz edi. Biz endi keksaya boshladik, ammo idealimiz hali ham navqiron. Turk dunyosi birligi orzusi qalbimizda yashashda davom etmoqda. “Turkiston” va “Turon” tushunchalari nihoyat bizning adabiy xayollar olamidan chiqib, dunyoda o‘zining loyiq bo‘lgan geosiyosiy o‘rnini olishi kerak.

1917 yildagi Vladimir Lenin uyushtirgan oktyabr to‘ntarishidan keyin rus bolsheviklari Turkiston nomini o‘zgartirdilar. Ular bu hududni besh qism (“respublikalar”)ga bo‘lishdi va bu parchalarga beshta nom berishdi.

Bugungi kunda O‘rta Osiyo respublikalari bolsheviklar tomonidan ularga berilgan o‘sha nomlarni tashiyapti. O‘zbekiston ulardan biri. Men o‘sha mintaqadanman. Ya'ni o‘zbek turkiman.

Turkligidan xijolat bo‘lmagan, turkligidan uyalmagan turk.

Yaratgan uni shunday yaratganiga shukur etgan turk.

Ammo turk ekanidan g‘ururlanmagan turk.

Endi shu uch tuyg‘uga, uyalmaslik, shukur etmak va g‘ururlanmaslikka izoh beraman.

Turkiston 135 yil davomida avval Chor Rusiyasi, so‘ngra bolsheviklar Rusiyasining mustamlakasi sifatida yashadi. Ushbu 135 yilning 30 yili ruslarga qarshi goh alangalanib, goh so‘nib turgan mustaqillik uchun janglar bilan kechdi. Turkiston xalqining bu qo‘zg‘olonlari doim eng qonli shaklda bostirildi.

Mintaqa aholisi surunkali madaniy va etnik assimilyatsiyaga tobe tutildi. Sovet davlati tub aholini manqurtlashtirishga ko‘p urindi.

Rus tilini bilmaganlar davlatning yuqori lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

Ammo Turkiston xalqi ota-bobolari gapirgan tildan voz kechmadi. Urf-odatlarini ham, qonga singib ketgan madaniyatini ham unutmadi. Ya'ni bu odamlar o‘zlarining turkligi uchun hech qachon xijolat bo‘lmadilar, uyalmadilar.

Yuqorida “uyalmaslik” haqida gapirganda shuni nazarda tutgan edim.

Xalqimni va meni bu noqislik tuyg‘usidan himoya qilgani uchun Allohga shukur etaman. To‘rt ming yillik tariximizga nazar tashlaganimda, bu shukur tuyg‘usi yanada kuchayadi.

Dushman tarixchisi turk haqida bunday yozishi mumkin: “Biz ahmoq turklarni chiroyli so‘zlar bilan aldadik!” Yoki: “Biz turklarni bir-biriga qarshi qo‘ydik!” Yoki: “Biz turklarning orqasidan xanjar urdik!” va hokazo deya yozishlari mumkin.

Ammo hech bir dushman tarixchisi: “Turklar do‘stlariga xiyonat etdilar”, “Turklar va'dalarini bajarmadilar”, “Turklar vafosiz”, “Turklar jangda qo‘rqoqlik qildilar”, deb yoza olmaganlar. Kamina ushbu olijanob qavmning bir parchasi o‘laroq, yaratilgani uchun Allohga shukur qilaman. Yuqorida “shukur” haqida gapirganimda shuni nazarda tutgandim.

G‘ururga kelsak, Mmen turk ekanimdan g‘ururlanmayman. Chunki turklik mening xizmatim emas. Meni turk irqida yaratgan Allohdir. Bundan g‘ururlanishga haqqim yo‘q.

Agar rus yoki ingliz-sakson yoki habash o‘z irqi va millati bilan g‘ururlansa, bu ularning ishi. Men faqat o‘zini, o‘z ruhini tanishga intilayotgan, lekin hali ham to‘la taniy olmagan bir bandaman.

O‘z ruhini tanishga harakat qilgan kishi mening aytayotganlarimni tushunadi.

Agar o‘zimizni bilsak, tanisak, biz yashayotgan asr mo‘'jizalar asriga aylanajakdir.

Bu bilim bizni yangi davr texnologiyasining sehriga asir tushish xavfidan qutqarajak. Bu bilim irqchilik tuzog‘iga tushmasdan, milliy qadriyatlarimizni, diniy aqidaparastlikka berilmasdan, iymon-e'tiqodimizni saqlab qolishga vasila bo‘lajak. Agar inson zamonasini nafaqat yuqori texnologiya, balki yuksak axloq asriga aylantirish niyatida yangi davr darvozasiga yaqinlashsa, u odam zotiga yuklangan missiyasini bajargan bo‘ladi.

Demoqchimanki, axloq inson faoliyatining butun jabhalarining, ayniqsa, siyosatning asosi bo‘lishi kerak. Zamonamiz  tahlilchilari davlatlarning cho‘kishi sabablarini har sohada izlashadi, ammo ishning axloqiy tarafiga kamdan-kam qaraydilar. Chunki ular axloqsizlikni siyosiy hayotga ziyon yetkazadigan bir kuch deya hisoblamaydilar. Shu tarzda siyosatdagi axloqsizlik odatiy hol sifatida qabul qilinadi.

Bu yondashuv universal. Sharqda ham, G‘arbda ham, dunyoviy davlatlar kabi teokratik rejimlar siyosatida ham normal qabul qilingan holat bu. Ammo teranroq nazar tashlansa, davlatlar va jamiyatlarning qulashidagi eng muhim omilning axloqsizlik ekanini ko‘rish mumkin.

Mutaxassislarning u yoki bu davlat, u yoki bu tsivilizatsiya o‘limiga sabab sanagani barcha “iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ichki va tashqi” omillar asosida axloqiy omil yotadi.

Davlatlarni ichdan kemirib, bitirgan poraxo‘rlik, korruptsiya, adolatsizlik va hokazo illatlar axloqsizlikning bevosita oqibatlaridir.

Rimni yoqib yuborgan Nerondan tortib, to Markaziy Osiyo xalqlarini qashshoqlik botqog‘iga botirgan O‘zbekboshi, Turkmanboshi tipidagi kommunistik diktatorlargacha – hammasi axloqsizlik farzandlaridir.

Aksincha, qachonlardir ota-bobolarimiz hukmronligi ostida gullab-yashnagan, huzur va rafoh ichida yashagan davlatlar tarixiga nazar tashlasak, bu davlatlarning qudrati yuksak axloqiy tamoyillarga sodiq shaxslarning siyosiy zakosi mahsuli bo‘lganini ko‘ramiz.

Bu o‘rnaklar ko‘z oldida turar ekan, biz siyosiy tuzum va davlat modellarini tanlashda muammoga duch kelmasligimiz kerak.

Albatta, biz barpo etishni orzu qilgan davlat huquq davlatidir.

Ammo bu davlat tamaliga axloqiy qadriyatlar qo‘yilmas ekan, demokratiya anarxiyaga, huquq esa safsataga aylanadi. Tarixda bunga misol ko‘p.

Bugungi kunda turk dunyosi axloqiy siyosat va yuqori axloqli siyosatchilarga juda muhtoj.

Ushbu dilemmaning yechimi siyosiy va iqtisodiy masalalarni hal qilishdan muhimroq.

Agar bugun bir siyosatchi “bosh”imiz chiqib, “Turkiston – barcha turklarning uyi, turklar birlashsin!” deb hayqirsa, unga hech kim ishonmaydi. Yoki korruptsiya va bo‘g‘ziga qadar poraxo‘rlikka botgan boshqa bittasi  yuksalib: “Yashasin Adriatikadan Xitoy devorigacha Turk dunyosi!” deya hayqirsa, unga ham ishonadigan odam topish qiyin.

Shu paytgacha bizning siyosatchilarimizning turk dunyosi integratsiyasi haqidagi otashin nutqlari kutilgan natijani bermadi, aksincha, quruq so‘zlar bu muqaddas g‘oyani obro‘sizlantirdi. Hatto turk dunyosi uchun yagona alifbo kabi o‘ziga xos loyihani uddalay olmadik.

Turk davlatlari arboblari turk dunyosi integratsiyasi uchun emas, balki o‘zlarining mahalliy hukmdorlari egosini silaydigan “o‘z alifbosi”ni tuzmoqdalar. Ular tuzgan alifbolar turk tillarini yaqinlashtirishga emas, aksincha, ularni bir-biridan uzoqlashtirishga sabab bo‘lajagi tayin. Yangi alifbo tuzishdagi bu tendentsiya oxir-oqibatda turk tillariga xos singarmonik mohiyatga, unlilar uyg‘unligining ifodasiga zarar beradi.

Shunday g‘alati bir sabotaj kuzatilyapti turk dunyosida.

Ayni intizomsizlik turk qavmlari o‘rtasidagi birdamlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash masalasida ham davom etmoqda. Turk dunyosining ochiq yarasi – Sharqiy Turkistonda tinimsiz qon to‘kilyapti. Xitoy uyg‘urlarga qarshi genotsid siyosatini bizning ko‘z o‘ngimizda olib bormoqda. Turk davlatlari rahbarlari birodarlariga qilinayotgan bu zulmni o‘zlarining “milliy tillarini” yutib jim kuzatmoqdalar.

Hatto ba'zilar AQShning uyg‘urlarga qarshi Xitoy siyosatini qoralashiga munosabat bildirib,”bu Amerikaning geosiyosiy manfaatlari yo‘lidagi o‘yini”, deya kinoya qilishgacha borishdi.

Xo‘p, sizning manfaatingiz qaerda?

Xitoy yovuzligi oldida o‘jarlik bilan sukut saqlashga sizni qaysi manfaat majbur qilmoqda?

Yuz minglarcha uyg‘ur birodaringizni qiynoq lagerlariga qamab, xotinlarini zo‘rlayotgan vahshiy rejimga  qarshi bir so‘z aytishdan sizni qaysi manfaat man qilyapti?

Bundan o‘ttiz yil muqaddam turk siyosatchilari leksikasida “asir turklar” iborasi bor edi.

Amerikadagi turk fuqarolik jamiyatlari totalitar tizimlar bo‘yinturug‘i ostida yashagan turklarning huquqlarini himoya qilish uchun har yil bir marta Nyu-York ko‘chalariga chiqishardi. Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin turklar mustaqillikka erishdilar va “asir turklar” haqida gapirishdan to‘xtadilar.

Holbuki, Sharqiy Turkistonda yashagan millionlab uyg‘ur birodarlarimiz bugun ham asirlikning eng dahshatli qismatini yashashda davom etmoqdalar.

Afsuski, shunday tarixiy bir davrda, turk dunyosi taqdiri hal bo‘layotgan davrda turk jumhuriyatlari tobora super davlatlar tayin etgan siyosiy kon'yunkturaning tutqunlariga aylanmoqdalar.

Bu achinarli vaziyatda qardoshlarga dastak majburiyatini xalq o‘zi olishi kerak zimmasiga. Dunyoda turklarga nisbatan qilinayotgan adolatsizliklarga qarshi samarali kurashish uchun butun jumhuriyatlarda fuqarolik tashkilotlarini tuzish zarur.

Turk dunyosi ertami-kechmi birlashishiga men ishonaman. Agar dunyo bunday ittifoqdan zarar ko‘radigan bo‘lsa, Ovrupa Ittifoqidan ko‘rgan zarari qadar ko‘rar. Foyda ko‘radigan bo‘lsa, bu foyda Ovrupa Ittifoqidan kelgan foydadan ko‘proq bo‘lishiga aminman.

Turk dunyosining birlashuvi Ovrupa Ittifoqiga kirgan butun davlatlar hududidan o‘n baravar kattaroq hududga barqarorlik olib keladi. Ayni kenglikdagi hududga xavfsizlik va iqtisodiy farovonlik yerlashadi.

Ha, turk dunyosi birlashuv arafasida.

Ushbu kelayotgan yangi davlat suldori (silueti) xayollarimizda jilvalanar ekan, yoningda birodar nafasini eshitmoq go‘zal bir hisdir.

Mening butun panturkizmim bu nafasni eshitish istagidan boshqa narsa emas.

Muhammad Solih

(2000-2019)

Tag‘in o‘qing
22 iyun 2018
Avvallari Turkiya bizning Markaziy Osiyo davlatlari va turk olami uchun siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy model bo‘lishini orzu qilardik. Biz ...
12 avgust 2024
12 avgust kuni bir guruh uzbek va shved vatandoshlari Muxtor Abror Aliy tahallusi bilan tanilgan diniy bloger 48 yoshli ...
20 iyun 2018
Ayrim nashrlar marhum prezidentning korruptsioner qizi Gulnora Karimovaning Shveytsariya banklarida muzlatilgan pullarni O‘zbekiston hukumatiga qaytarish masalasi «ijobiy hal bo‘layotgani» ...
24 sentyabr 2019
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mutasaddilari tashkil etgan “trollar fabrikasi” haqidagi gap-so‘zlar bir necha kundan buyon internetning o‘zbek segmentida qizg‘in ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...