Asosiy mavzular
12 mart 2022

”Kechir, amma…” 7-qism. Turk qahvasi

(Rassom Tuz hikoyalari. Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda.)

Xolli, uyqudan uyg‘onarkan, o‘zining qaerdaligini daf'atan eslay olmadi. Boshi qattiq og‘rirdi. O‘rnidan turib, telefondagi bir raqamini terdi. (Agar muammo bo‘lsa, shuni tering, deb, ko‘ktoshlik bola aytgandi)

«Oka yaxshi uxladingizmi? Bizga xizmat bormi?» degan ovoz eshitildi. Xolli bo‘lsa: «E chiroqchilik uka, bosh og‘riyapti. Paxmel qilishni iloji bormi?» deb so‘radi. Chiroqchilik bo‘lsa: «Oka, siz 5 minutda dushda cho‘milib chiqing. Keyin sizga turkcha kofe yubortiraman. Ichsangiz, shessekundda o‘zingizga kelasiz.»

Xolli umrida ilk martaba Turkiyaga kelgan edi. Xonaning bir tarafini butkul egallagan katta derazadan bekanor dengiz ko‘rinardi. Marti deb atalgan baliqchi qushlar chag‘-chag‘ qilib uchib yurardi. Xolli dushga kirdi. Dush karnayidan shovullab tushgan muzday suv oqimi tagida turgan Xollining es hushi o‘ziga kelib boshladi. Dushning bir yonida sarg‘ish marmardan bo‘lgan eni bir metr, uzunasi ikki metrlik marmar supa bor edi. Xolli qo‘lini tekkizib, ko‘rsa issiqqina ekan. Xolli ulkan sochiqqa o‘ralib, shu marmar supaga uzala tushib yotib oldi. Kun bo‘yi moshinda yuradigan Xollining bel og‘rig‘i bor edi. Issiq marmar supa shu dardga shifoday ko‘rindi. Shu payt eshik telefon qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Xolli qarasa, marmar supadan qo‘l yetadigan joyda telefon turibdi. Pastdagi retsepshnda ishlaydigan chiroqchilik bacha telefon qilib, kofe yuborganini aytdi. Xolli bo‘lsa: «Ko‘ktoshlik uka, menga qara, o‘sha bola o‘zini kaliti bilan ochib, kofeni dushxonaga obkirib bersin. Marmar supani ustida yaxshi yotibman,» dedi. Xuddi shunday bo‘ldi. Ko‘ktoshlik dastyor bola o‘ymoqday kofe finjoni¸ luqum solingan taqsimcha va bir stakanda suv qo‘yilgan patnisni Xolli yotgan marmar supa yoniga qo‘yib ketdi. Xonani yangi pishirilgan qaxva hidi tutib ketdi. Hid odamni mast qilguday kuchli edi. Bir paytlar Xolli payalnik bilan nasha tutatib, hidlab yurardi. O‘shanda u hidlarga sezgir bo‘lib qolgan edi. Sekin qaddini ko‘targan Xolli finjondagi qahvadan xo‘pladi. «Daaa…. Chiroqchilik bola bilar ekan.» Xollining boshi og‘rishdan to‘xtab, o‘zini tetik his qildi.

Qaynarcha mahallasi

Sal o‘tib yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Sevar xonim pastda nonushta yeyiladigan ochiq restoranda kutib o‘tirgan ekan. Darvoqe, Xolli Istanbulga marmar supada yastanib yotish uchun kelmadi-ku. U bugun «Kim millioner bo‘lishni istar?» ko‘rsatuvida ishtirok qilib, eng kamida 50 ming dollarni yutishi kerak. Bu 50 ming dollarga archa ko‘chadagi moykani sotib olganidan keyin marmar supada yalpayib yotsa yarashadi. Xolli tez kiyinib, pastga tushdi. Lift oldida turgan ko‘ktoshlik bola Xollini oldiga tushib, Sevar xonimning oldiga olib bordi. Sevar xonim qog‘ozlar to‘ldirilgan papkani stolga qo‘ygan kuyi po‘rtaxol sharbati ichib o‘tirardi. Xollini ko‘rishi bilan Sevar honim jilmayib, yonidan joy ko‘rsatdi. Sevar xonim Xolliga ko‘rsatuv qanday olinishi va o‘yin qoidalarini tushuntirdi. Xolli qandaydir kelishuvlar yozilgan qog‘ozlarga imzo chekdi. Sevar xonim Xollining ust boshiga qarab: «Boshqa kiyimlaringiz bormi?» deb so‘radi. Xolli boshini irg‘adi. «Hamma kiyimlaringizni bir sumkaga solib obchiqing¸ kostyumlar bo‘yicha rassomimiz ulardan birini sizga tanlab kiydiradi,» dedi Sevar xonim. Sal o‘tmay yonboshiga ATV deb yozilgan va orqa o‘rindig‘ida Xolli o‘tirgan minivan Qaynarcha mahallasi bo‘ylab ketardi. Bahorda Istanbul yashil chiroy ochib yanada go‘zallashadi. Pendik qadimiy bo‘lga bo‘lib, «besh devor» degan ma'noni bildiradi. Bundan 500 yil oldin ham bu yerda tsivilizatsiya bo‘lgan. Qadim osori atiqalar bunga misol. Dengiz sohilidagi botanika bog‘i va o‘nlab shohona villalar oralab ketayotgan minivan katta yo‘lga chiqaverishda propkaga tiqilib qoldi. Qop-qora qopday kiyimga o‘ralgan ko‘chadagi tilanchi xotin moshin derazasini chertib sadaqa so‘radi. Sadaqa – raddi balo. Xollining otasi Quvondik aka katta bir yumush qilishdan oldin doim moshennik, lo‘li xotinlarga sadaqa berib kelardi. Xolli ham cho‘ntagini kavlab, 20 lira oldida tilanchiga uzatmoqchi edi¸ sho‘pr unga qarab: «Oka, 5 lira bersangizam, bo‘vuradi. Sizdan mendan boy u tilanchi xotin,» deb qoldi. Shu paytgacha indamay kelayotgan sho‘pr Toshkentning kallaxonasidan Rixsitilla degan yigit ekan. Odatda toshkentliklar viloyatliklarga past nazar bilan qaraydi. Ammo kalaxonalik sho‘pir Rixsitilla dehqonobodlik Xollini astoydil hurmat qilardi. «Oka, millioner shouga dehqonobodlik brat kevotti, degan gapni eshitib, otdushi xursand bo‘p ketdim. Oka, siz savolga javob bervotganda vedushshiyning ko‘ziga tik qarab turing. Sal nito javob berganingizni uning ko‘zidan bilvolasiz. U ko‘zini qisib tulkiday tirjaysa, bilingki, xato qivossiz. Agar dalshe borolmasangiz, srazi to‘xtab yutuqni olib, o‘yindan chiqib keting. Buyam qimorday gap. Voxtida to‘xtash muhim. Men har hafta shu ko‘rsatuvga odam tashiyman.» Bu gaplarni aytib bo‘lganidan so‘ng Rixstilla signalni bosib, turkcha so‘kinib- so‘kinib tashladi. Propkani yorib o‘tgan minivan shahar chekkarog‘idagi ATV studiyasi oldiga bordi. Studiyaning orqa eshigi oldida uzun quyruq navbat bor edi. Odamlar millioner shouda tomoshabin bo‘lib qatnashish uchun navbat kutayotgan edi. Sevar xonim Xollini VIP mehmonlar kiradigan chap tarafdagi shisha eshikdan olib kirdi. Xolli aeroportdagiga o‘xshash taqasimon xavfsizlik darvozasida tekshiruvdan o‘tdi.

Toxo

Sevar xonim Xollini sochlarini yelkasiga turmak qilib bog‘lab olgan, bo‘yi ikki metrlik yigitga topshirib, chiqib ketdi. Bilaklariga tatu chizilgan bu yigitning ismi Toxo edi. Toxo Xolli olib kelgan sumkadagi kiyimlarni olib katta ayvon burchagidagi ustiga lampalar yoqilgan ko‘zgu oldida kuymalashgan kostyum bo‘yicha rassom va grimer oldiga olib bordi. Yashil ko‘zli pushti ro‘molni bo‘yniga boylab olgan rassom yigitni Jem deb chaqirishar edi. «Bechora, sovuq suv ichib tomog‘i og‘rigan shekilli, bo‘ynini boylab olibdi,» deya o‘yladi Xolli. Jem afishani chaynamoqchi bo‘lgan echkiday Xolliga bepisand nazar tashlab, Xolli olib kelgan sumkani ichidagi kiyimlarni betakalluf yerga to‘kdi. Xuddi ijirg‘anganday kiyimlarni bir-bir olib ko‘rdida: «Barbod,» deb burnini jiyirdi. Keyin boshqa bir kuylaklar uyumidan bumazidan bo‘lgan chaqmoq naqshli ko‘k kuylakni olib, Xolliga tutib ko‘rib: «Mukammal» dedi. Jem degan rassom faqat to‘rtta so‘zni ishlatar ulardan biri «Barbod» yana biri «Mukammal» edi. Jem qo‘lidagi sofit nurini Xolliga qaratib: «Barbod» dedi. Gap shundaki, Xolli mashinasini tuzatayotganida svarka apparat uchquni o‘ng qoshiga tegib kuygan va qoshi ola bo‘lib qolgan edi. «Marva¸ Marva» deb chaqirdi Jem. Marva degani chigirtkaday pildirab yuradigan qumg‘on burun qiz ekan. Yugurib kelib Jemga termuldi: «Bu ayiqni odamga aylantir. Qoshini bo‘ya¸ yuzi yog‘li ekan, pudra surt qalin qilib. Sochini boshqatdan tara. Hadi chabuk-chabuk,» dedi Jem. Xullas Xollining yuziga upa qoshiga o‘sma surtildi.

O‘yin qoidalari

Televizion dasturning o‘z qoidalari bor va bu qoidalarni hech kim hali bekor qilmagan. Tanlovda jami 12 ta savol mavjud. 2-savolda 2.000 turk lirasi, 7-savolda 30.000 turk lirasi bor. Agar Xolli musobaqada yutqazsa, oxirgi o‘tish savoli uchun mukofot uniki bo‘ladi. Bundan tashqari Xolli istalgan vaqtda unga taqdim etilgan 4 ta joker imkoniyatning 3 tasidan foydalanishi mumkin. 7-savoldan keyin boshqa joker imkoniyatdan (ya'ni ikki javob to‘g‘risida) foydalanishi mumkin.

Xolli qatnashayotgan tanlovda eski tanlovdan farqli ravishda bitta “ovozli savol” berilishi aytildi. Xolli avvalo audioyozuvni tinglaydi va audioyozuv haqida berilgan savolga javob berishi lozim. Ovozli savol birinchi 7-savol bo‘limida beriladi, shu jumladan 7-savol, 2-bosqich savoli sifatida qabul qilinadi. Millioner shouda qatnashish bo‘yicha Xolli hali Toshkentda ekanligidayoq qora telefondagi robot opadan ham instruktsiya olgan edi. Bu instruktsiyaga ko‘ra, Xolli birinchi va ikkinchi savolga o‘zi javob berishi. Uchinchi savoldan boshlab barcha joker imkoniyatlarni foydalanish lozim. Xolli 11 savolga o‘zi javob berishi bilan o‘yinni to‘xtatib, yutuqni olib ketishi lozim edi. Yuziga upa surilib, sochlari silliq taralib lak sepilgan Xolli bir chekkada Toxo bilan birga turar edi. Toxoning ishorasi bilan u maxsus koridordan yurib, ko‘rsatuv suratga olinayotgan maydonga borib stolga o‘tirishi kerak. Toxo Xollining ko‘kragiga masofali tugmacha mikrofonni taqib signalni tekshirib ko‘rdi va qo‘lidagi ratsiya orqali «hammasi OK» deb, raport berdi. Xolli yurishi kutilayotgan koridor ustida svetoforga o‘xshash jihoz bor edi. Hozir u qizil yonib turibdi. Yashil yonishi bilan Xolli o‘z orzusi tarafga qadam otadi.

Nemis asiri haqidagi hikoya

O‘sha tanish musiqa yangradi. «Ërishmaning navbatdagi mehmoni Dehqonobodlik taksi shofyori Xolli Berdiev» degan tantanavor ovoz yangradi. Xolli nima qilishini bilmay qotib qoldi. Toxa uning orqasidan turtib koridorga yo‘lladi. Xolli projektorlar yoritgan maydonga kirib borganida zal qarsaklardan larzaga keldi. Agar ko‘rsatuv boshlovchisining kulimsiragan yuzi bo‘lmaganida, Xolli umuman o‘zini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lardi. «Xollibey marhabo. Qani keling, taksi drayver,» dedi Kenan.

Xoli Kenanbeyga qarama qarshi o‘rindiqqa o‘tirdi. «Demak, taksi shofyorisiz. Skorsezining shunday film bor. 1976 yili Kann festivalida sovrin olgan.» Boshlovchi Kenan huddi Xollining eski do‘sti kabi suhbatlashib o‘tirardi. «Xollibey siz maktubingizda fortepiano muallimi bo‘lgan rahmatli ammangiz haqida yozgansiz. Agar mumkin bo‘lsa, ikki og‘iz gapirib bera olsaizmi. Qanday qilib Dehqonobod kabi olis tog‘ qishlog‘idagi qiz dunyo klassik kuylarini pianinoda chalishni bu qadar mukammal o‘rgandi?» Xolli bu savolga javob berayotganda ulkan plazma ekranda rahmatli ammasi To‘lg‘onoyning surati paydo bo‘ldi. Xollining tomog‘iga bir narsa tiqildi. Ko‘zidan yosh shudring donasi kabi dumalab pastga tushdi. Kenanbey bo‘lsa, kiborlarcha stoldagi qutidan qog‘oz ro‘molcha olib uzatdi. O‘zini tutib olgan Xolli gapirib boshladi: «Men ilgari hech kimga aytmagan va faqat oiladagi bir necha odam bilan hikoyani aytsam. Sovet davrida Dehqonobodda kaliy ishlab chiqaradigan harbiy zavod bo‘lgan. Shu zavodda Kurt Kaylxolst degan nemis asiri ishlagan. Barcha asirlar Germaniyaga qaytib ketsa ham, Kurt negadir qaytmagan. Rahmatli katta enam shu asirga rahmi kelib, uyda pishgan ovqatdan chiqarib turardi. Kurtning uyida fortepiano bor edi va u urushdan oldin Germaniyada yaxshigina pianist bo‘lganini aytgandi. Ammam To‘lg‘onoy ovqat olib borganida Kurt klassik kuylarni pianinoda chalib bergan. Shu tariqa ammam pianino chalishga havaslangan. Keyin bobom Berdivoy ota nemis plenni oldiga borib, shu qizimga pianino o‘rgat deb, pul bersa, nemis olmagan. Shu tariqa ammam pianino chalishni o‘rgandi. 1973 yili ministr xotinning nazariga tushib, Moskvadagi eng buyuk pedagoglar qo‘lida o‘qidi. Gap shundaki o‘sha ministr ayol ham bir vaqtlar qashshoq tikuvchi bo‘lgan. Harbiy asir va tikuvchidan chiqqan ministrning yordami bilan ammam o‘z davrining yetuk fortepiano cholg‘uchisiga aylandi.» Xolli bu gaplarni gapirayotib, ko‘rsatuvda unga belgilangan xronologik muddat chegarasidan chiqib ketgan. Kulisda turgan asistentlar taymover deya signal berardi. Kenanbey bo‘lsa, o‘z boshlovchilik huquqidan foydalanib, Xolliga bemalol gapirish imkonini berdi. Xolli gapirar ekan ekranda ammasi To‘lg‘anoyning¸ madaniyat vaziri Furtseva¸ komfirqa kotibasi Abdullaeva bilan birga tushgan rasmlari ko‘rsatib turildi…

Oq shayx?

Nihoyat ko‘rsatuvning savol javob qismi boshlandi. Birinchi savol: «Turkiya poytaxti qaysi shahar?» Javoblar: A. Istanbul. B. Anqara. V Tokio. G. Odiyomon. Xolli Turkiya poytaxti Anqara ekanini bilardi. Birinchi savolga to‘g‘ri javob berib ming lira hajmidagi yonmaydigan summa egasi bo‘ldi. Ikkinchi savol turkcha «Otdan tushsa ham» degan maqolning davomi haqida bo‘ldi. A. Eshakdan tushmaydi. B. Egardan tushmaydi. V Mashinadan tushmaydi. G. Ipini qo‘yib yubormaydi. Xolli «Otdan tushsa ham, egardan tushmaydi,» degan maqolni otasi Quvondiq akadan ko‘p eshitgan edi. To‘g‘ri javob berdi. Uchinchi savol: Boyazid Yildirim qaysi jangda Amir Temurga yengilgan? A. Istanbul jangida. B. Stalingrad jangida. V. Xalxingol jangida. G. Anqara jangida. Xolli Amir Temurning Anqara jangida g‘olib bo‘lgani haqida yaqindagina kitob o‘qigan edi. «Javob G. Anqara jangida,» dedi Xolli va yana g‘olib bo‘ldi.

To‘rtinchi savol ancha murakkab edi. Shu filmlardan qaysi biri rejisser Federiko Fellinining ilk filmi?

A. «Fantomas». B «Titanik». V «Satirikon». G «Oq Shayx».

Xollining peshonasi asabdan tirishdi. Titanikni Fellini suratga olmganini bilardi. Ammo… Javob uchun ajratilgan daqiqalar tugashiga oz qolgan.

Kenanbey kulimsiraganicha Xolliga qarab turar edi….

(Davomi bor)

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
26 yanvar 2018
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov Dubayda qiymati 12 million dollar bo‘lgan turar joy inshooti qurdirgani haqidagi ma'lumotni ...
19 oktyabr 2017
15 oktyabr kuni Samarqandda «Qo‘rqmaslar» guruhini tamsil qiluvchi faollar – Maloxat Eshonqulova va Yelena Urlaeva ichki ishlar xodimlari tomonidan ...
4 avgust 2018
Ezgulik farishtalari 21 yillik qamoqdan yupun chiqqan mahkumga kiyim eltayotgan bir paytda SNB va MVDdagi yovuzlar sobiq mahbusning keyingi ...
4 sentyabr 2020
Hafta aylanib yana takiyamni kiyib sizga qarab og‘iz juftladim. Televidenie bo‘yicha o‘tgan treninglarimda mentor ohang, ya'ni aql o‘rgatish tomoshabinni ...
Bloglar
15 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...