Asosiy mavzular
4 aprel 2023

Haqini ololmayotgan ishchilar, suvsiz issiqxonalar va majburiy mehnat – EP65

Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Namangan, Xorazm, Buxoro, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan. Sizga o‘qib eshittirmoqchi bo‘lganimiz dastlabki maktub Kreyfers qandolat fabrikasi ishchilaridan kelgan. Ular korxona ma'muriyati ish haqini bermayotganidan shikoyat qilishgan.

«Kreyfers qandolat fabrikasi ishchilari nomidan murojaat yo‘llamoqdamiz. Korxonamiz ma'muriyati ish haqimizni bermay kelyapti. Oylik beringlar desak, xohlamasanglar ishdan ketinglar, deb qo‘pollik qilishyapti. Navro‘z bayramida pulsiz qoldik. Hattoki Ramazon oyiga ham uyimizga ro‘zg‘or qila olmadik. Faqatgina krediti borlarga naqd pul beramiz deyishyapti. 12 soatdan tinmay ishlaymiz, mahsulotlarimiz savdosi yaxshi, lekin nega oylikdan darak yo‘q?! Shokolod, karamel, pechene, vafli – hamma liniya ishchilari oyligini ololmayapti. Peshona terimiz bo‘lgan maoshimizni olishda amaliy ko‘mak so‘raymiz».

Keyingi maktub Namangan viloyatining Chortoq tumanidan. Issiqxonalar qurish uchun kredit olgan fuqaro suv yo‘qligidan, teplitsa qurilishi qoniqarsiz ekanidan nolimoqda

«Namangan viloyati Chortoq tumanidan yozyapman. Tumanimizda baland adirda 1000 ta issiqxona qurilishi qoniqarsiz holatda. Oddiy aholi vakillari issiqxonalarni kredit asosida olgan, hali ishlatilmasa ham bank kreditlarini to‘lashga majbur bo‘lishyapti. Issiqxona achinarli holatga kelishiga shart-sharoit va qulayliklar vaqtida yaratilmagani sabab bo‘lgan. Yana bir asosiy sabab – suv yo‘qligi. Prezidentimiz tashrifidan so‘ng ozgina vaqt o‘tib suv ta'minotida avval uzilish kuzatildi, keyin umuman suv kelmay qo‘ydi. Oqibatda aholi issiqxonaga ekkan birinchi ekin ham mevaga kirmay nobud bo‘ldi. Kreditga olgan fuqarolar allaqachon sudga chaqirilyapti. Mutasaddilardan holat bo‘yicha amaliy ko‘mak so‘raymiz».

Navbatdagi maktub Xorazmning Xiva shahridan. 97 son Maktab internati direktori qo‘li ostidagi pedagoglarni dala ishlariga majburlayotgani haqida.

«Xorazm viloyati Xiva shahridagi 97-sonli ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatidan  yozyapmiz. Internat direktori “bahor mavsumi, yuqoridagilar buyruq bergan” deb, bizni dala ishlariga majburlamoqda. Oramizda homilador ayollar ham bor. Qolaversa, Ramazon oyida majburiy mehnatga jalb etishni qanday baholash mumkin? Bunday holat avval ham kuzatilgan. Vakolatli idoralar holatni nazoratga olishini so‘raymiz.

Bu maktubga shuni qo‘shimcha qilish joizki. O‘zbekiston hukumati imzolagan Xalqaro hujjatlarga va mehnat qonunlariga ko‘ra mamlakatda har qanday majburiy mehnat taqiqlangan. Qonun hamma uchun bir xil «Baxor mavsumi», «Yuqorining buyrug‘i» va «Ramazon oyi»ning bunga dahli yo‘q.

Keyingi maktubni o‘qiymiz. Buxoro viloyatining  Shofirkon tumani Jo‘yrabot mahallasi turg‘uni qishloq yo‘llari og‘ir yuk mashinalari tufayli abgor bo‘layotganidan shikoyat qilgan.

«Men Buxoro viloyati Shofirkon tumani, Jo‘yrabot MFY dan murojaat qilyapman. 

Bizning tuman butun viloyatimizni shag‘al bilan ta'minlaydi. Ammo 40 tonnadan 120 tonnagacha yuk ortadigan og‘ir mashinalar tumanimizda tayyor yo‘l bo‘lishiga qaramay, yaqin bo‘lganligi bois bizning qishloqlarimiz ichidan o‘tyapti.  Ammo qishlog‘imiz yo‘llaridan 10 tonnadan oshiq yuk bilan o‘tish belgi bilan taqiqlangan.

Biz tumandagi GAI lardan qishlog‘imizda reyd o‘tkazishlarini so‘raymiz. Axir xalq to‘lagan soliqdan qilingan yo‘llarimiz abgor bo‘lyapti-ku!»

Va nihoyat so‘nggi maktub Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidan. Beshchorbog‘dagi ko‘prik qulashi mumkinligidan tashvish bildirishmoqda.

«Qashqadaryo viloyati  Dehqonobod tumani Boshchorbog‘ qishlog‘idan murojaat qilyapmiz.  Mahallamizdagi 30 yil oldin hashar   yo‘li  bilan qurilgan ko‘prik qulash arafasida. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevdan bu masalada yordam so‘raymiz.»

Bu sizga bugun o‘qib eshittirganimiz beshta shikoyatning so‘nggisi shikoyat edi. Ko‘rsatuvimizga kelayotgan izoxlarda ko‘pincha biz bilan qanday bog‘lanish. Qanday qilib murojaat qilish mumkinligi to‘g‘risida so‘rashadi.  Yana bir bor eslatamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.  

@eltuz

Tag‘in o‘qing
11 iyun 2018
Yaqinda OAV vakillari bilan uchrashgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi, prezidentning davlat maslahatchisi Qahramon Quronboev o‘zining zo‘ravonligi bilan ...
30 may 2017
Angren shahrida O‘zbekistonning sho‘rolar davrida ilk prezidenti bo‘lgan Yo‘ldosh Ohunboboevga o‘rnatilgan haykal buzib tashlandi. Bu haqda 29 may kuni ...
8 iyun 2016
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini masjidga kiritmaslik harakatlari davom etarkan, ramazon oylarida masjidlarda o‘qituvchilar navbatchilik iladigan bo‘ldi. «Yuqoridan shunday topshiriq berishdi», ...
10 mart 2016
Manzura Instagramdagi shaxsiy sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilayotgan ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...