Catira
27 sentyabr 2017

Prezidentga ishongan yozuvchi tuzoqqa ilindi

Prezident Mirziyoev va'dalariga ishonib vatanga qaygan dissident yozuvchi Nurilla Otaxonov (Nurullox Muhammad Raufxon)ning, 27 sentyabr kuni Toshkent aeroportida hibsga olinishi ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbek segmentini junbushga soldi.

Siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov, voqeaga izoh bildirib, uni «Mirziyoevning «ezgu» niyatlari haqidagi illyuziya va o‘z soddaligining ilk qurboni» deya atadi.

«Bechora, quvg‘indagi yozuvchi Nurullo Otaxonov, yurtdoshlarini, jumladan dissidentlarni vatanga qaytishga chaqirgan prezidentning propagandistik tryuki qarmog‘iga birinchi bo‘lib ilindi», deb yozdi Alisher Ilxomov o‘zining feysbuk sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea «allaqachon chemodan isitmasi qamragan horijdagi o‘zbeklarni xushyor torttiruvchi signal» bo‘lishi lozim.

O‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solih ham, prezidentning va'dalariga ishonib yo‘lga chiqqan yozuvchining harakatini «o‘z jallodiga ham rahmi keladigan o‘zbek»ning soddadil fe'liga yo‘ydi.

«Yangi rahbarning va'dalariga ishonib, yo‘lga chiqqan va jallod mirshablarning qo‘liga tushgan o‘zbekning buyuk yozuvchisi Nurulloh Muhammad Raufxon ham shu sodda millatning bir fardidir.

Uni bu jallod tuzum panjasidan qutqarib olish uchun harakat har bir vijdon va iymon sohibining vazifasidir», deya bayonot berdi u o‘z sahifasi orqali.

Ayni paytda, transport prokuraturasi talabi bilan Toshkent aeroportida 27 sentyabr kuni xibsga olingan va Yashnaobod tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan yozuvchiga nisbatan jinoyat ishi ochilgan, advokat olish maslahati berilgan.

Uning yaqinlariga ko‘ra, jinoyat ishiga, adibning 2016 yili Turkiyada chop qilgan «Bu kunlar» kitobiga yozilgan ekspert xulosasi asos qilib olingan.

O‘sha yili Andijonlik 37 yashar masjid noibi Botirjon Tojiboev Nurilla Otaxonovni “Podshoga shak keltirgan” o‘zbek yozuvchisi deb atagan edi.

Yozuvchining bu asarida O‘zbekistondagi o‘zgacha fikrlovchilar, jumladan, dindorlar va siyosiy muxolifatga qarshi qatag‘on siyosati qoralangan.

Nurilla Otaxonov Toshkentga uchish oldidan «Eltuz» muxbiriga bergan intervyusida, ayni «Bu kunlar» kitobi mazmunidan o‘rin olgan g‘oya yangi prezident og‘zidan chiqayotganidan ruhlanib vatanga qaytishga ahd qilganini aytgan edi.

«Eltuz» nashri voqea tafsilotlarini surishtirishda davom etadi.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 dekabr 2019
Kechgan yilda O‘zbekiston tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirdi, biroq bundan o‘zbek xalqi ro‘shnolik ko‘rmadi. 2018 yil boshidan «O‘zbekneftgaz» ...
11 iyun 2018
O‘zbekistonning marhum prezidenti qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, Shveytsariya banklarida muzlatilgan 800 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ning bir qismini ...
6 iyun 2016
O‘quvchilarimizga ma'lumu mashhur Quddus A'zamovning navbatdagi bir ko‘rsatuvi «Tinchlik uchun kurashmoq kerak» mavzusiga bag‘ishlandi. Ana tok shou, mana tok ...
5 may 2021
Frantsiyaning qudratli imperatori Napoleon Bonapart 1821 yilning 5 mayida (Napoléon Bonaparte) Avliyo Yelena orolida bandi bir tarzda olamdan o‘tdi. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...