Document UZ
4 aprel 2023

4 aprel – «Sadoi Turkiston» gazetasi tashkil topdi

1914 yilning 4 aprelida Toshkentda hunarmand oilasidan chiqqan Ubaydulla Xo‘jaev (Ubaydulla Asadullaxo‘jaev) «Sadoi Turkiston» gazetasini tashkil etdi. Bu gazeta uning muharrirligida 1915 yilning 10 apreliga qadar faoliyat ko‘rsatdi.

«Eltuz» nashri o‘rganib chiqqan arxiv hujjatlariga ko‘ra, «Sadoi Turkiston» («Turkiston ovozi») jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy gazetasi bo‘lib, Toshkentda o‘zbek tilida, avvaliga kunlik, keyinchalik moddiy qiyinchilik sabab haftada bir marta to‘rt sahifada bosilgan.

XIX asrning 80-yillariga kelib Turkiston hududida xususiy bosmaxonalar rivojlana boshlagan, ularda, asosan, madrasa va maktablar uchun darsliklar bosilgan. Ayni paytda Toshkentda chor hukumati manfaatlari, Rossiyaning harbiy va siyosiy maqsadlari va tsenzurasini ko‘zlagan bosmaxonalar bo‘lgan.

Gazeta Farg‘ona viloyatida A.A.Chaykinga tegishli bo‘lgan xususiy bosmaxonada bosilgan, tahririyat a'zolari gazeta faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 25 rubldan ulush qo‘shishgan.

Ubaydulla Xo‘jaev faoliyati

Asosiy kasbi advokatlik bo‘lgan, hunarmand oilasidan chiqqan Ubaydulla Xo‘jaev o‘z davrining ilm ma'rifatli shaxslaridan bo‘lgan. U Saratov universitetining huquqshunoslik fakultetida tahsil olgan. Rus tilida ham maqolalar yozgan.

1917 yili I Umumrossiya musulmonlari qurultoyida qatnashib, Milliy Sho‘ro MK a'zosi etib saylangan. O‘sha yilning mayida Toshkent shahri dumasi deputati bo‘lgan. Ayni paytda uning «Taraqqiyparvarlar» yashirin milliy-ma'rifiy tashkilot a'zosi bo‘lgani ham aytiladi.

1917 yilning sentyabridan Birlashgan Turkiston ishchi-dehqon va umummusulmon kengashi hay'ati a'zosi.

1917-18 yillarda Turkiston muxtoriyati harbiy noziri bo‘lgan.

Ma'rifat va millat taraqqiysi uchun

O‘zbek matbuoti tarixida xalq ongiga milliy ta'siri bilan eng ibratli nashrlardan biri bo‘lgan «Sadoi Turkiston» tahririyatining o‘zagini 20-asr boshidagi o‘zbek oydinlari Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdurauf Muzaffarov tashkil etgan.

Ular bosh muharrir Ubaydullo Xo‘jaevga gazeta faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashganlar, gazeta qiyofasini belgilovchi asosiy maqolalarni ham shular yozishgan.

rasm1095
Turkiston jadidlari

«Sadoi Turkiston»da o‘sha davr oydinlari To‘lagan Xo‘jamyorov (Tavallo), Abdulhamid Sulaymonov (Cho‘lpon), Abdulla Qodiriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Mirmuhsin (Shermuhammedov), Xolid Said, Saidnosir Mirjalilov, Mo‘minjon Muhammadjonov, No‘shiravon Yovush, Siddiqiy, Lutfilla Olimiy, Mulla Said Ahmad Vasliy, Fuzayil Jonboev, Muhammadjon (mudarris), Badriddin A'lamiy, Hoji Muin Ibrohim Davron, Shokirjon Rahimiy kabi millatparvar adib va ziyolilar hamkorlik qilishgan.

Turkistonning ma'naviy-ma'rifiy yuksalishiga ko‘maklashish maqsadida chiqarilgan bu gazeta milliy ta'limni zamonaviylashtirish, millat dardini aks ettiruvchi adabiyot va san'at yaratish, millat ongini yuksaltirishga xizmat qiluvchi matbuotni rivojlantirish, ayollarni ijtimoiy hayotga jalb etish, axloqiy tarbiya va davr uchun dolzarb boshqa muammolarni yoritgan.

Yurtparvarlik, milliy istiqlol va ma'rifat g‘oyalarini izchil targ‘ib qilgan gazetaning tarixiy xizmati milliy taraqqiyotni yuzaga chiqarishga qodir ma'rifatli, insofli, diyonatli insonlarni yetishtirganidadir.

Gazeta faoliyatining to‘xtatilishi

«Sadoi Turkiston» o‘sha davrdagi milliy matbuot nashrlari safida oldingi o‘rinda turadi. Biroq jadidlik va milliy liberal g‘oyalarni ilgari surgan gazeta chor hukumati tomonidan to‘xtatiladi.

Ayrim manbalarda uning faoliyati moddiy qiyinchiliklar tufayli to‘xtagani aytiladi. Boshqa manbalarda esa gazetaning yopilishiga chor oxrankasining 1916 yil sentyabr oyida Turkiston general-gubernatoriga ushbu gazetasining milliy mohiyati haqidagi ko‘rsatmasi sabab bo‘lgani aytiladi. Bungacha uning jami 66 soni chiqqan.

1916 yili Ubaydulla Asadullaxo‘jaev ushbu vaqtli nashr faoliyatini Andijon shahrida tiklamoqchi bo‘ladi, biroq Rossiya tsenzurasini tamsil qiluvchi Farg‘ona viloyati harbiy gubernatori gazetani chiqarishga ruxsat bermaydi.

Shu palladan boshlab Ubaydulla Xo‘jaev milliy maslakdoshlari bilan Turkiston muxtoriyatini tashkil etish va millat istiqloli yo‘lidagi kurashga qo‘shiladi.

rasm1102
20-yillar. Turkistonda sho‘rolar hukmronligi. Katta Sovet entsiklopediyasidan

Ma'rifat va millat tanazzuli

Biroq 1918 yildan Ubaydulla Xo‘jaev siyosatdan chetga chiqadi va faqat ma'rifiy-adabiy faoliyatga o‘zini bag‘ishlaydi.

Ayni shu sho‘rolar davrida u bilan birga matbuotni tashkil etish va taraqqiy toptirishda xizmatlari singgan Usmonxon Eshonxo‘jaev, Ziyo Said, Mo‘min Usmon, Mannon Romiz, A'zam Ayubov, Abulxay Tojiev, Muhammad Hasanov, Fayzulla Xo‘jaev, Akmal Ikromov, Qosim Sorokin, Qurbon Beregin va boshqa iste'dodli jurnalistlar, muharrirlar, publitsistlar o‘zlari tashkil etgan matbuotda «xalq dushmanlari», «partiyaga qarshi trotskiychi-zinovevchi-buxarinchi guruhlarning hamtovoqlari», «ashaddiy millatchilar» deb nohaq badnom qilindi va stalincha qatag‘on qurboniga aylandilar.

1929 yili u «o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik ko‘rsatgani» uchun 1 yil majburiy mehnatga hukm qilinadi.

1931 yili «aksilinqilobiy faoliyatda» ayblanib, Sibirga surgun qilinadi.

1937 yili muddatidan oldin ozod etilib, Toshkentga qaytadi.

1938 yilning 20 fevralida Toshkentda qayta hibsga olinadi.

1939 yili «aksilsovet va milliy» noqonuniy tashkilotga a'zolikda ayblanib 8 yilga hukm qilinadi.

1942 yili Ubaydulla Xo‘jaev (Asadullaxo‘jaev) turmada vafot etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 avgust 2018
Yevropada yashay boshlaganim qochqinlikning o‘ninchi yili yakunlanarkan, bugun ilk bor yarim asrlik umrim ortiga qaramoqchi bo‘ldim. Jo‘n ma'noda esa ...
16 oktyabr 2023
Rossiya qo‘shni davlatlar, jumladan O‘zbekiston orqali sanktsiyalarni chetlab o‘tayotgani, Ukrainaga qarshi ishlatilyotgan qurol aslahalarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan detallar topilgani ...
4 dekabr 2017
Ko‘p pul ishlab, mashina va uy olish uchun xotinini fohishalikka undagan o‘zbekistonlik erkak jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda 30 ...
16 dekabr 2023
Urganchdagi «Avesto» muzeyida eramizdan avvalgi ming yilliklarni ko‘rgan tosh daraxti saqlanmoqda. Toshga aylangan daraxt qoldiqlari dunyoning turli hududlarida saqlangan ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...