Vaqt mashinasi
12 noyabr 2023

12 noyabr – Murod Jo‘raev ozod etilgan kun

O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi faoli, jamoat arbobi va parlament deputati, dunyoda tinch siyosiy faoliyati uchun eng ko‘p qamoqda o‘tirgan Murod Jo‘raev 2015 yilning 12 noyabr kuni 63 yoshida, o‘limidan ikki yil burun turmadan ozod etilgan edi.

1994 yilning 18 sentyabrida hibsga olingan Murod Jo‘raev nohaq yigirma bir yil panjara ortida o‘tirdi. Dastlabki to‘qqiz yillik jazo turli bahonalar bilan 12 yilga uzaytirildi. Bu davr mobaynida uni muttasil qiynoqlarga tutishgan va u jiddiy kasal bo‘lgan.

O‘zbek hukumati Jo‘raevning qiynoqlarga solingani, o‘zboshimchalik bilan jazo muddati muttasil cho‘zib kelingani, unga turmada zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmagani yuzasidan faktlarni astoydil o‘rganishi kerak, deyiladi «Hyuman rayts uotch» (HRU) inson huquqlari tashkiloti e'lon qilgan bayonotda.

«So‘nggi yigirma bir yil Murod Jo‘raev va uning oilasi uchun misli ko‘rilmagan jahannam bo‘ldi, – deydi HRUning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

– O‘zbek hukumati endi Jo‘raevni qiynoqqa solgan va qamoq muddatini o‘zboshimchalik bilan uzaytirgan shaxslarni javobgarlikka tortishi lozim».

Hibsga olinguniga qadar Jo‘raev 1991-1992 yillarda parlament deputati, muxolifatdagi “Erk” partiyasining taniqli arbobi, shuningdek, Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hokimi bo‘lgan.

«Sovet Ittifoqi qulagach, Jo‘raev birinchilardan bo‘lib kompartiyaning shahar qo‘mitasini tarqatib yuborgani uchun prezident Karimov g‘azabiga duch kelgan shaxsdir», deyiladi HRUning matbuot relizida.

1994 yilning 18 sentyabrida u Qozog‘istonda hibsga olinib, O‘zbekistonga jo‘natilgandi. U hibsga olish payti qattiq kaltaklanadi, qovurg‘alari sindiriladi.

1995 yilning 31 mayida Jo‘raev, jumladan, taqiqlangan “Erk” partiyasiga a'zo yoshlarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazgan, degan tuhmat bilan sudlanadi. Hokimiyatni ag‘darmoqchi bo‘lgan, degan iddao bilan dastlab 12 yilga ozodlikdan mahrum etiladi, keyinchalik muddat 9 yilga tushiriladi.

«O‘zbek hukumati o‘zining potentsial tanqidchilari sifatida ko‘rgan ko‘plab mahkumlarni muttasil jazolagan, ularning qamoq muddatlarini mantiqsiz ayblovlar bilan asossiz tarzda cho‘zib kelgan», deydi Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti (IHXH) direktori Brijit Dyufar.

Hukumat o‘zboshimcha tarzda Jo‘raevning jazo muddatini 2004, 2006, 2009 va 2012 yillarda to‘rt marta «qamoqxona qoidalarini buzish» ayblovi bilan cho‘zib kelgan.

Jo‘raevga qo‘yilgan ayblovlar sirasiga «sabzini noto‘g‘ri to‘g‘raganlik» va kazarmaga kirishda «poyabzalni noto‘g‘ri joylash» kabi mantiqsiz sabablar ro‘kach qilingan. Shu zayl u 21 yil Karimov turmasida qolgan.

2011 yili Frantsiyaning ASAT tashkiloti uni turmada qattiq qiynoqqa solishgani va u sil kasaliga chalinganini bildirgan. Jo‘raev rafiqasi bilan 2013 yili uchrashganida barcha tishlarining tushib ketgani, qiyin ovqatlanayotgani, doimo boshi va oshqozon og‘rig‘idan, o‘ng qo‘li esa vaqti-vaqti bilan jonsizlanib qolishidan shikoyat qilgan.

U so‘nggi bor tergov chog‘ida uni turmada tirik saqlab turgan yagona narsa “muttasil uzoq davom etgan mahkumligi davrida ruhan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan o‘z rafiqasiga bo‘lgan minnatdorlik tuyg‘usi” ekanini bildirgan.

Sog‘lig‘i yomonligi va yelkasida kuchli og‘riq borligiga qaramay, turma mulozimlari Jo‘raevni g‘isht zavodidagi og‘ir ishlarni bajarishga majbur qilishgan.

Murod Jo‘raev 2017 yilning 4 dekabrida Qashqadaryo viloyatining Muborak shahridagi uyida 65 yoshida vafot etgan.

Qarindoshlarining aytishicha, Murod Jo‘raev choy ichib o‘tirgan vaqtida to‘satdan joni uzilgan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 sentyabr 2017
Farg‘ona viloyatida huqumatning o‘qituvchi va shifokorlarni paxtadan qaytarish buyrug‘iga qaramay, ular hamon dalada qolib paxta terishmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, shifokorlar ...
1 fevral 2021
Davlat xavfsizlik xizmatining 7-bo‘linmasi sobiq tezkor xodimi Sherzod Haitov dekabr oyining birinchi yarmida DXX xodimlari tomonidan hibsga olindi. Bu ...
5 iyul 2017
Istanbulning Pendik tumanida o‘zbek fohishalari va politsiya o‘rtasida yuz bergan qochdi-quvdida ikki ayol yaralandi. Hurriyat gazetasi muhbiri Muslim Sariyorning ...
9 yanvar 2021
Oq quyonim alomat,otini qo‘ydim SalomatDikir-dikir o‘ynaydi,limon bersam yemaydi. Jizzaxlik talaba Sayfiddin Okanov Shavkat Mirziyoevga o‘zi yozgan shig‘irni o‘qib berdi. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...