Vaqt mashinasi
18 may 2023

18 may – Bir surat tarixi: Abdullabek va Rahbarxonning sevgi hikoyasi

1914 yilning 18 mayi deya tarix yozilgan bu surat markazida turgan Abdullabekning evarasi, shu kunlarda Toshkentda yashayotgan Umida Haqnazar Eltuz.com ga o‘z bobosi haqida maqola yozib berdi.

rasm1402Toshkentning so‘nggi romantigi

1914 yilning 18 mayida Frantsiyaning Yelisey saroyida Daniya qiroli sharafiga ziyofat berildi. Rimdagi tamaki fabrikasi ishchilari ish tashladi. Tokioda o‘n beshinchi odam o‘latga chalinib o‘ldi. Dengizda halokatga uchragan «Solferino» kemasiga badaviy arablar hujum qildi. Tiflisda ilk texnika dorilfununi binosiga tamal toshi qo‘yildi.

Aynan 18 may kuni Rossiya imperiyasi orqa hovlisi sifatida ko‘rilgan Turkistonning Toshkent shahridagi fotostudiyaga jadid yoshlar – Abdullabek, Abdunosir, Omon va Badir kirib keldi.

rasm1403Rasmdagi Abdullabek mening katta bobom bo‘ladi. Abdullabek Mirzaahmadbek (Niyozbek) va Zulayho begim oilasidagi to‘rt o‘g‘ilning ikkinchisi edi.

Tabiatan kamtar, zakiy va romantik odam bo‘lgan, Yevropa qadriyatlari asosida tahsil olgan Abdullabek ayollarga ehtirom bilan qarar, ularning qalbi va aqlini zabt qilish istagida edi.

Abdullabek 24 yoshga kirganida Toshkentning aslzoda xonadonlaridan birida kamol topgan Rahbarxon degan ayolni sevib qoladi. Rahbarxonning ota-onasi esa uni diniy ulamolardan birining o‘g‘liga unashtirib qo‘yishgandi. Fotihani buzish o‘sha davrda oila sha'niga darz keltirishi mumkin edi.

rasm1405Abdullabek va Rahbarxon qochishga ahd qilishadi. Sevishganlar poezdga o‘tirib, imperiya boshkenti Sankt–Peterburgga kelishadi. Bu nikohdan Muhabbat degan qizaloq dunyoga keladi.

Sankt-Peterburgning rutubatli havosi toshkentlik oshiqlar tabiatiga to‘g‘ri kelmaydi. Ikki yillik g‘urbat so‘nggida ular Toshkentga qaytishadi.

Sankt-Peterburgning nam havosida zotiljam kasaliga yo‘liqqan Rahbarxon olamdan o‘tadi. O‘limini sezgan ayol eriga vasiyat qilib, “olti oydan keyin albatta uylaning, qizim onasiz o‘smasin”, deydi.

Ammo onasining o‘limidan sal o‘tmay qizaloq ham vafot qiladi. Shu tariqa toshkentlik romantikning sevgi hikoyasi fojeaviy yakun topadi.

Keyinchalik Abdullabek boshqa ayolga uylanib, bola-chaqali bo‘ldi, bu endi ayri hikoya. Abdullabekning o‘zi esa 1925 yili olamdan o‘tgan.

Umida Haqnazar

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 noyabr 2023
Toshkentda o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan professional boks kechasi tadbirkor-mafiozi G‘ofir Rahimovga xalq nazaridan chetda qolmaganini ko‘rsatish uchun yaxshina bir fursat ...
26 noyabr 2019
Bu galgi «Yozarning sasi» ruknida «Eltuz» O‘zbekiston xalq shoiri, 98 yashar adib Shukrullo domlaning fikrlarini e'tiboringizga taqdim etadi. Shukrullo ...
5 iyun 2017
Shafqatsiz kaltak jarohatlaridan vafot etgan Toshkent tibbiyot kolleji talabasi o‘limi aybdorlariga jazo so‘ralgan petitsiyaga 15 mingdan ziyod imzo to‘plandi. ...
25 fevral 2022
Chegaradan 40 km uzoqlikdagi Xarkov shahrining ham olinmaganligi rus armiyasining ahvoli ChATOQLIGINING isbotidir. Xabarlarga qaraganda, rus armiyasi Xarkov shahri ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...