Kuyovdan mulla ham, doktor ham pora so‘radi
Namanganlik kuyov, ayni paytda tibbiyot ko‘rigi bo‘limi mijozi Ibodulla Boymatov o‘zi olgan videoni Eltuzga jo‘natdi.
«Arshin mololon» kinosidagi kuyov uchun bir kalla qand, uch so‘m pul va bitta mulla kifoya edi. Namanganlik bo‘lg‘usi kuyov esa, doktordan spravka olaman deb to‘yi kechikdi, boz ustiga pulsiz mulla ham nikoh o‘qimadi. Buni uning o‘zi Eltuzga aytib berdi.
U hatto, mulla va nikohni qayd qilish bo‘limiga lozim qog‘ozlarni undirish uchun tibbiyot ko‘rigi bo‘limidagilar bilan janjallashishgacha borganini aytadi.
Ayni janjal, uning Eltuzga jo‘natgan videosida aks etgan. Videoni u Namangan viloyati Uychi tumani Poliklinikasida mobil telefoniga olgan.
Niyat uylanish edi…
«O‘zi yaxshi bir niyat – uylanish uchun qog‘oz olaman, deb borgandim u yerga», dedi u Eltuzga.
Uning bildirishicha, bo‘lim xodimasi, unga «kasali yo‘q» degan qog‘ozni yozib berish evaziga «15 ming so‘m» so‘ragan.
«Bermaganlarni menga o‘xshab shantaj qilarkan», deydi kuyov bo‘lmish.
Uning iddao qilishicha, shifoxonaning bu bo‘limi «yog‘liq joy». Janjalga esa, uning pul qistirmagani baxona bo‘lgan.
Janjal kattalashgach, Uychidagi bir erkak «razbor»ga chaqirilgan.
«Razborshik»ning dag‘dag‘asi hech narsamasku, lekin asabbuzarlik bo‘lib, quda tomonlar oldida shu qog‘ozni qilib bermay noqulay ahvolga solishdi», deya hikoyasini davom ettiradi sho‘rlik kuyov.
Bizda hamma yoq «Pole chudes»
Eltuz bilan suhbatida, keyinchalik 200 ming so‘m bilan ishini bitirishga muvaffaq bo‘lganini bildirarkan, «Bu toza pora puli» ekanini pisanda qiladi.
Chunki, pul oldi-berdisi hech qaerda aks etmaydi.
«O‘zi pulni olib, bo‘limma-bo‘lim yugurib, qilib beradigan odamlari bor», deya qo‘shimcha qiladi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birgina rentgen uskunasiga homilador ham, qo‘l-oyog‘i singan ham, kasali og‘ir boshqa bemorlar ham, qariyalar ham kuni bilan navbatda turishadi.
Bundan tashqari yana OITS markazi, analiz, qon topshirish va hokazo boshqa bo‘limlar bor.
«Agar pora bermay, o‘zingiz navbatga turib bu ishlarni qilsangiz ham vaqtingiz ketadi, ham asabingiz buzilgani qoladi», deydi suhbatdosh.
Mullaning nikohi – alohida tragikomediya
Kuyov bo‘lmishning tag‘in bildirishicha, nikoh oldidan O‘zbekistonda majburiy tibbiy tekshiruv joriy qilinganiga ancha bo‘lgan.
«Bunday qog‘ozsiz na ZAGS xodimi, na biror mullaning nikoh o‘qishga haqqi yo‘q», deydi u.
Biroq tibbiy spravkani olganidan keyin ham nikoh masalasi tezgina bitmaganini aytadi.
«Bizning Namanganda mulla nikoh o‘qimasa juda yomon bo‘larkan», – deydi suhbatdosh.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga mulla «nikoh o‘qimayman» deb, oyoq tirab turib olgan.
Keyin «nikoh puli»ni masjid hisobiga rasmiylashtirib kelish uchun ancha vaqt yo‘q bo‘lib ketgan.
Shundan keyingina, Nikohnoma degan qog‘oz qo‘lga tekkan.
«Bonusiga, «G‘usul» surasi yozilgan bir parcha qog‘oz ham berdi. Bu sovg‘a emish», deydi o‘z hikoyasiga baxtli yakun yasarkan namanganlik kuyov.
Video: https://youtu.be/0qQ0ezpZRZ8
Eltuz.com