Sayhunobod hokimi direktorlarni nega do‘pposladi?
12 sentyabr kuni tarmoqda Sirdaryoda tuman hokimining maktab direktorlarini urayotgani aks etgan video tarqaldi.
Kun.uz nashri tarqatgan videoda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiev qarshisida qo‘l qovushtirib saf tortgan o‘ntacha maktab direktorini birma bir haqorat qilib, qulochkashlab uradi.
Tuman hokimining so‘zlaridan, maktab direktorlari Mustaqillik bayramiga o‘qituvchilarni olib kelmagani uchun do‘pposlanishayotganini tushunish mumkin.
«Nimaga chiqmiysan? Nimaga mas'uliyatsizlik qilasan? Qo‘lingni tushir!» dech uradi, o‘zini oqlashga harakat qilayotgan maktab direktorini.
«Bechora rayono mudirini itdek qilaman, aslida sen ham aybdor. Nega rayoningni hurmat qilmaysan?», deya baqiradi hokim.
Navbatdagi direktorga o‘girilib ketma-ket musht tushirarkan «Nima, uyatmasmi? Mustaqillik bayrami! Vatanni bayrami! Ey iflos!» deya haqoratlab do‘pposlashda davom etadi hokim.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, viloyat hokimi Mustaqillik bayrami yuqori saviyada tashkillashtirilmagani uchun, tuman hokimi Nosirjon Egamberdievga xayfsan bergan. Tuman hokimi esa o‘z navbatida alamini maktab direktorlaridan olgan.
Sirdaryoda Kasb hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Nosirjon Egamberdiev Sayxunobod tumaniga 2016 yilning oktyabrida hokim etib tayinlangandi.
Rassom Tuz
Eltuz.com