Asosiy mavzular
17 aprel 2018

Migratsiya agentligi o‘zbeklarni Rossiyaga sotdimi?

O‘zbekiston Bandlik va mehnat vazirligining Tashqi migratsiya agentligi tomonidan Rossiyaga rasman ishga jo‘natilgan yigitlar odam savdosi qurboni bo‘lganini aytmoqda.

Shulardan biri Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanilik Orifjon Jo‘raevdir. O‘zi singari o‘nlab yigitlarning migratsiya agentligi xodimlari tomonidan odam savdosi qurboniga aylantirilganini iddao qilayotgan O.Jo‘raev mamlakatga qaytganidan buyon aybdorlar javobgarlikka tortilishiga erisha olmayotganini ta'kidlamoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, respublikaning turli viloyatlaridan bo‘lgan yigitlarni ishlashga jo‘natgan migratsiya agentligi ish beruvchi bo‘lmish Rossiya kompaniyasi bilan shartnoma tuzmagan. Ish beruvchi ham mehnat migrantlari bilan shartnoma qilmagan.

“Men 2017 yilda migratsiya agentligi tomonidan Rossiyaga jo‘natilganman. Lekin pulimizni ololmadik. Bir yillik shartnoma bilan ketib, 2,5 oyda sog‘lig‘imizni yo‘qotib qaytdik. Boshqalar esa 4 oyda qaytib keldi”, deydi O.Jo‘raev.

Uning aytishicha, Rossiyada ishlaydigan yigitlarga 40 mingdan 80 ming rublgacha oylik va'da qilingan. Ular 30-45 daraja sovuqda qurilishda monolit quygan.

«Bizni jo‘natganlar migratsiya agentligidan Xo‘jabahriddin Asomov va agentlik xodimlari. Avval 36 kishi jo‘naganmiz. Keyin yana 12 kishi keldi. Hammasini noqonuniy qilib, sotib yuborishgan».

Ishlayotgan yigitlarning oziq-ovqat ta'minoti haminqadar bo‘lgan. Mehnat muhojirlarining o‘zlari tomonidan olingan videotasvirda yigitlar oddiy suvga no‘xat va guruch qaynatib yeyayotganini ko‘rish mumkin.

Ayrimlari esa piyozni yoqqa qovurib, non bilan yeyishga hozirlanayotgani ko‘rinadi.

“Necha kun bo‘ldi oziq-ovqat olib kelinmagani? To‘rt kundan beri oziq-ovqat kelgani yo‘q. Mana, non ham tugayapti. Bundan keyin ro‘za tutiladi”, deydi kadr ortidagi ovoz.

Davlat rasmiy tashkilotiga ishonib odam savdosi qurboniga aylangan bu yigitlarning dodini hech kim tinglamayapti.

2018 yil 6 aprel kuni bosh prokuror Otabek Murodov jadval bo‘yicha fuqarolarni qabul qilishi kerak edi. Lekin qabul bo‘lmadi.

«Bosh prokuror qabuliga to‘rt marotaba kelib ham kirolmadim, u bilan uchrashishning iloji yo‘q. Chunki qabul yo‘q. U yoqqa ketgan, bu yoqqa ketgan deyishadi», deydi Jo‘raev.

U shu yil 17 fevral kuni Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgan. Keyin esa bosh prokurorning shaxsan o‘ziga ham pochta orqali alohida murojaat yo‘llaganman. Lekin hamon natija yo‘q.

Qo‘lida odam savdosi qurboniga aylanganiga oid barcha hujjat-dalillar borligini aytayotgan Orifjon boshqa idoralarga murojaatlari ham natija bermayotganini bildirdi.

So‘zlariga ko‘ra, u Rossiyadan qaytib kelgach, adolat izlab dastlab mamlakat bosh vaziriga murojaat qilgan. Bosh vazir uni qabul qilmagan. Uning yordamchilari bilan gaplashgan bo‘lsa-da, bundan samara bo‘lmagan.

O.Jo‘raev Rossiyaga Toshkentdan jo‘natilgani uchun Qashqadaryo viloyati sudlari va ichki ishlar idoralari ham bu masalada yordam bera olmasliklarini ma'lum qilgan. Oliy suddagilar esa quyi instantsiyalarga ariza bilan murojaat qilishni maslahat berish bilan kifoyalangan.

Xullas, hukumat idorasi xodimlari tomonidan o‘zining odam savdosi qurboniga aylantirilayotgani da'vo qilayotgan yigitning adolat izlab yelib-yugurishlari hech qanday samara berayotgani yo‘q.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari turli xorijiy davlatlarda odam savdosi qurbonlariga aylanayotgani muammosi uzoq yillardan buyon dolzarb bo‘lib kelmoqda.

Mamlakatning Shavkat Mirziyoev boshchiligidagi yangi rahbariyati bu muammoga yechim topish harakatlarini boshlab yuborgan. Tashqi migratsiya agentligi mehnat muhojirlarining xorijda qonuniy faoliyat ko‘rsatishini tashkil etishga asosiy mas'ul idora hisoblanadi.

Yuqorida tilga olingan mavzu tafsilotlari ko‘rsatib turibdiki, bu idora xodimlari nafaqat vazifasini ko‘ngildagidek uddalay olmayapti, balki odam savdosiga hissa ham qo‘shyapti.

Malohat Eshonqulova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 may 2019
Andrey Saxarov 1921 yilning 21 mayida Moskvada tug‘ildi. Vodorod bombasini ixtiro qilgan, internet kelajagi haqidagi gipotezani ilgari surgan Saxarov ...
8 aprel 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solih audiokitobining davomi. Boshi «Eltuz»ning «Imperativ» ruknida. Davomi bor.) «Yoshullichilar»ning hammasini ham Nurali Qobul kabi ...
1 sentyabr 2016
Miyasiga qon quyulgani aytilgan Islom Karimovning tug‘ilgan uyidan 100 metr naridagi Chorraxa masjidi bo‘ladigan muhim tadbir – dafn marosimi ...
9 noyabr 2021
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ikkinchi muddatga qasamyod qilganidan bir kun o‘tib, matbuot erkinligini himoya qilishga va'dalari ortidan hukumat xorijlik ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...