Asosiy mavzular
27 yanvar 2020

Chiroqchida IIBning gumonlanuvchini o‘ldirgan 5 xodimi qamaldi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB qidiruv bo‘limining besh nafar xodimi gumonlanuvchini so‘roq paytida urib o‘ldirib qo‘yganlikda ayblanib hibsga olindi.

«Eltuz» tasarrufidagi tergovgacha surishtiruv hujjatlarida yozilishicha, joriy yilning 23 yanvar tungi soat birlarda 32 yashar gumonlanuvchi Yusuf Abdurahmonov IIB binosida o‘lgan. 

Hujjatlarga ko‘ra, Langar qishlog‘ida mol o‘g‘irligida gumonlanib hibsga olingan Abdurahmonovning jasadi Chiroqchi tumani IIB JQ guruhi tezkor vakili, 30 yoshli katta leytenent Bekzod Ochilovning 3- qavatdagi kabinetida topilgan.

Gumonlanuvchi o‘limi yuzasidan Qashqadaryo prokuraturasi tekshiruv boshladi. Kuzatuv kamerasi tasvirlari o‘rganilmoqda. Bu o‘lim bilan bog‘liq jinoyat ishi figuranti sifatida Chiroqchi tumani IIBning besh nafar xodimi qamoqqa olingan.

Abdurahmonovning jasadi viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirildi. «Eltuz»da mavjud bo‘lgan hujjatda yozilishicha, marhumning chap ko‘zi, chap yelkasi, chap bilagi va ikkala qo‘li yuza qismida shafqatsiz qiynoq alomatlari mavjud.

“Aybiga iqror” qilishning o‘zbekcha modeli

Langar MFY To‘laqul qishlog‘ida 2019 yilning yozida beshta ho‘kizni kim o‘g‘irlaganini aniqlash maqsadida shu tumandagi o‘nlab turg‘unlar olti oy davomida IIB binosiga olib kelinib, so‘roq qilinavergan. 

Shunday gumonlanuvchilardan biri (hozirda marhum) Yusuf Abdurahmonov 2020 yilning 22 yanvar kuni kechqurun soat to‘qqizlarda qo‘liga kishan solingan holda tuman IIB ma'muriy binosiga olib kirilgan. 

Kuzatuv kameralarida Abdurahmonov katta leytenant Ochilov yetovida binoga olib kirilgani aks etgan. 

Hujjatlarga ko‘ra, Ochilov gumonlanuvchi Abdurahmonovni bino uchinchi qavatidagi o‘z xonasiga kirgizib, mayor, 31 yashar Nurbek Ovlaev va IIB JQ guruhi tezkor vakili, 35 yashar kapitan Anvar Jonqobilov qo‘liga topshirgan.

Hujjatlarda katta leytenent Ochilovning chiqib ketgani aytiladi (ammo kuzatuv kamerasi tasvirlarida buning aniq dalili yo‘q).

Tergovgacha surishtiruv bayonnomasida yozilishicha, 22 yanvar 23.30da mayor Ovlaev va kapitan Jonqobilov gumonlanuvchi Abdurahmonovning sog‘lig‘i so‘roq paytida birdan yomonlashganini IIB FMB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Mengnorovga bildirishadi. Chaqirilgan shifokorlar tomonidan Abdurahmonovning o‘limi qayd qilinadi. 

23 yanvar kungi ma'lumotnomada yozilishicha, “marhumni so‘roq paytida urib qiynab o‘ldirgan Ovlaev va Jonqobilov noma'lum tomonga qochib ketib qolishgan”. Ma'lumotda Ovlaev va Jonqobilov qidiruvga berilganini yoziladi. «Eltuz»ga 27 yanvar kuni ma'lum bo‘lishicha, mayor Ovlaev va kapitan Jonqobilov doxil IIBning yana uchta xodimi qo‘lga olingan.

Qashqadaryo prokuraturasi ushbu jinoyatni o‘rganmoqda.

Mazkur hodisa yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Bundan oldin, 2013 yilda Yakkabog‘ tumani Chordara qishlog‘ida yashovchi 32 yoshli Husniddin Oqqo‘ziev Chiroqchi tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan qiynoqqa solinishi oqibatida o‘lgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 mart 2017
Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning O‘zbekistonga sirli tashrifi na mahalliy matbuotda, na biz kuzatishga muvaffaq bo‘lgan rus ...
10 sentyabr 2016
O‘zbekistonda Islom Karimov o‘limidan so‘ng hokimiyatning Bosh vazir tomonidan qo‘pol tarzda uzurpatsiya qilinishi kuzatilmoqda. O‘z mushtumzo‘rligi bilan tanilgan Bosh ...
22 iyun 2020
Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida 15 iyun kuni ochilgan “Oq kema” bolalar oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi byudjeti, ya'ni ishchi-xizmatchilar kasaba ...
12 mart 2022
(Rassom Tuz hikoyalari. Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda.) Xolli, uyqudan uyg‘onarkan, o‘zining qaerdaligini daf'atan eslay olmadi. Boshi qattiq og‘rirdi. O‘rnidan ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...