Asosiy mavzular
28 mart 2020

RTdan va'z: Ishtonni boshga kiyadigan zamon

Mana o‘lmagan qul, hafta o‘tib yana siz bilan yuzlashdim. Hamma ishga bormay, uyidan ishlayotgan ekan. Men bo‘lsa, shakllangan introvert o‘laroq, esimni taniganimdan beri uydan ishlayman.

Gaz va elektr tanqisligi, qimmatchilik yetmaganidek, koronavirus balosi ham boshimizga tushdi. Ammo ko‘pga kelgan to‘y, deb o‘zimizni yupatsak bo‘ladi.

Afandi bozordan kelib xotiniga: “Bugun bozordagi barcha odam pulini o‘g‘irlatdi. Shular ichida men ham borman”, degan ekan. Gapning to‘g‘risi ham shu. Boshimizga dard tushgan birinchi odam emasmiz. Oxirgisi ham.

Tarix takrordan iborat

1348 yili Italiyada o‘lat tarqagan paytda o‘nta yosh yigit-qiz oziq-ovqatini g‘amlab, bir qasrga berkinib olishadi. Zerikmaslik uchun ularning har biri galma-galdan hikoya aytib beradi. Bu hikoyalarni yozuvchi Bokkacho to‘plab nashr qiladi. Shu tariqa «Dekameron» degan mashhur kitob dunyoga keladi.

Antiklerikalizm va yumor bilan sug‘orilgan bu asar dunyoda eng ko‘p o‘qiladigan kitoblar sirasiga kiradi. Uni taniqli o‘zbek tarjimoni Qodir Mirmuhammedov o‘zbek tiliga qoyilmaqom tarjima qilgan. O‘zbek tilida ko‘p ming nusxada bir necha bor chop qilingan bu kitob bir yomonlikdan yaxshilik chiqishiga misoldir.

Koronavirus avj olib turgan bir paytda «Milliy TV» o‘zbek kinochisi asaridagi o‘pishish sahnasini qaychilab efirga beribdi. Jaa unaqa so‘rishib o‘pishmagan. Shunchaki odob bilan bo‘sa olgan. O‘pishish qanday bo‘lishi borasida «O‘tkan kunlar» kinosida Otabek bilan Kumush mahorat darsi bergan edi.

Hozir «Nu, pogodi» multfilmidagi hayvonlarning emchagi ko‘rindi, deya 16+ belgisi yopishtiriladigan zamon.

Bir paytlar Mopassanning «Azizim», Moravianing «Rimlik ayol» va Bokkachoning «Dekameron» kitoblari kutubxonada hech qanday 18+ belgisi qo‘yilmasdan turardi. Men tanigan amaki va otaxonlar bu kitoblarni 7 yoki 8-sinfda o‘qishgan.

Yaxshiyam o‘sha paytda «Milliy TV»dagi avrat qorovuli bo‘lmagan ekan. Tolstoyning «Anna Karenina» yoki Markesning «Yuz yil tanholikda» asarlarini «ichida intim sahnalari bor», deb taqiqlashmaganiga shukur.

Ëki ustoz adib Odil Ëqubovning «Ko‘hna dunyo» asaridagi Abu Shilqim Shahvoniyning seksual mujodalasidan kitobxon benasib bo‘lardi. Shu ma'noda sovet muharrirlarini ayblasak, haqimiz ketadi. Bugungi «uyatchan»lar boshqa «produkt».

O‘zbek mulozimlari «uyatchan»mush. Qarg‘alar kuladi bu gapga. Bryussel va Parij kabi shaharlarga borgan o‘zbek rasmiy delegatsiyasi mehmonxonada kechasi bilan porno ko‘rib chiqqani va pulni to‘lamay survorgani ortidan hisob qog‘ozlari elchixonaga borganini bilamiz. Porno ko‘rish uchun esa pul to‘lash kerak.

Xullas, vaqtimiz mo‘l. «Dekameron» yoki «Anna Karenina» o‘qiylik.  Bo‘lmasa cho‘pchak va bomba tayyorlash yo‘riqnomalari batafsil yozilgan kitoblar to‘ldiradi bo‘sh qolgan javon va miyani.

Millat qanday shakllanadi?

Hozir Xitoydan bitta o‘zbek menga yozdi. U mahalliy karantinga amal qilib elga kelgan to‘y deb Xitoyda qolibdi. O‘zbekistonga boraman deb sargardon bo‘lgandan ko‘ra, shu yerda o‘tiraman, degan qarorga kelgan ekan. Kasal ham bo‘lmay, yana ishiga qaytibdi. Mana, Xitoyda asta-sekin karantin bekor bo‘lyapti. Eng malakali virusshunos do‘xtirlar ham ashag‘da. Qaytanga mashag‘dagilarni tashag‘i chig‘ib ketdi.

Chetda yurishganida qaytib kelganlar haqida ular «O‘zga yurtning bog‘i bilan bog‘chasi o‘z yurtimning yantog‘icha tatimas», deb qo‘shiq aytishardi. Ammo O‘zbekistonga kelvolib «sharoiti besh yulduzmas», deb dodlashmoqda. Yo‘l azobi – go‘r azobi. Safarga chiqqan odam o‘sha safarning mashaqqatlariga bo‘yin bo‘lib chiqadi. Kemaga tushganning joni bir.

Qo‘shnim Oysha xola: «Kasallikni chet elda soqqa qib yurgan o‘zbeklar obkevotti. Chetda yuqtirdimi, o‘shatda davolansin, kemasin bo‘tga. Bitlagan yerida silkinsin», deb qarg‘anib o‘tiribdi.

Ammo bu johil Oysha xola davlatchilik nimaligidan bexabar.

Agar bir amerikalik bir joyda qolib ketsa, uni AQSh davlati qancha xarajat bo‘lsa ham olib keladi. Balki o‘sha qopketgan odam bomjdir, lekin uning qo‘lida vatandoshlik pasporti bor.

Davlatchilik shuni taqozo qiladi. Hozir Istanbul va Vnukovo terminallarida qolib ketgan vatandoshlarga malomat qilyapmiz. «Nega haq talab qilasan, nega «Ozodlik»ka video jo‘natding!» deb yoqasidan olyapmiz. Srazu aytaman, o‘sha ikkala aeroport terminalida o‘tirgan tolpaga simpatiyam nol. Ichi to‘la moshennik va umuman saviyasi past odamlar. Oldingi postlarimda hech kimni kiritmaslik haqida yozuvdim. Ammo davlatchilik ularni himoya qilishni taqozo etadi. Qolaversa, ularning norozilik bildirish haqi ham bor. Tutum bu. Tuzuk budir. Millat shunday shakllanadi.

O‘zbekning muammosi osh bilan…

Odamlar AQSh prezidenti Amerikaning har bir turg‘uniga ming dollardan pul berdi, deb yoqa ushlab o‘tiribdi.

Pskentda prokuror Temur Sapaev buxanka non va 300 bog‘ isiriqni bepul tarqatdi. Sizlar Trampni gapirasizlar pul tarqatdi deb

Rossiyadagi aeroportda 3 kundan beri ucholmay yotayotgan o‘zbekdi rozi qilishlik shest sekund.

Masalan, men konsulman. Bir-ikki o‘zbek kafega akaxonlik qilaman. (busiz bo‘maydi, MIDdi oyligiga uborshitsa ham ishlamaydi) Xullas, bu bitiga botib, «Ozodlik»ka video yuborib, yig‘i-sig‘i qilib yotganlarning oldiga bir qozon osh qo‘yaman.

Kafedagi bollar sariq sabzi solib, zo‘r qib, tovuq go‘shtiga damlab oborishadi. Endi bu guruch oshamlayotgan olomonning minnatdorligini aytmaysizmi.

«Moshollo, savobdi tagiga ko‘milib qoldingiz, hoji», deb duoni qilib, har oshamida bir go‘sht qo‘yib, yeb yotishibdi. Rasmga olib, instaga qo‘ysam, qolgan butun 32 millionidan duo obtashayman.

Holbuki, bularning muammosi hal bo‘lmadi. Uchoq ajratilmadi. Aeroport gastinsasining arzonroq nomeriga ham joylashtirilmadi. Umuman joyidan jilgan narsa yo‘q. Lekin hamma xursand. Yashasin konsul. Ayniqsa, kampirlar jilab-jilab duo qib turibdi. Bir qozon osh bilan muammo hal. O‘risga och o‘ris, deydigan qavmdi ahvoli.

Ammo yo‘lini topgan qaytayapti. Yer yumaloq. Kechaginda tadbirkor Londondan uchib keldi. Keyin uni virusga gumon qilib, karantinga oilasi, xotini, bollari bilan olib ketishibdi. Buni eshitib, kechga yaqin bir juvon borganmish do‘xtirxonaga.

«O‘sha Londondan kelgan tog‘a aeroportdan chiqib mening uyimga birrov kirib o‘tuvdi, tekshiring», deb. Qiziq joyi, haligi juvonni o‘ynashining xotini bilan bir joyga karantinga qo‘yishibdi.

Ayollar o‘sha yerda ham tinch o‘tirmay, bir-birini yeb yotishganmish. Haligi kishi esa chetdan turib: «E koronavirusingga ham o‘t tushsin! 8 yildan beri birov payqamagandi-ya, endi nima bo‘ladi», dermish. Xo‘p, bu gapni latifa deylik. Ammo….

Yo‘lini qilib Frantsiyadan qaytgan yana bittasi Eyfel minorasi shaklidagi 35 dona yodgorlik va yana allaqancha magnitkani o‘z qo‘llari bilan tavarik qilib, keganlarga berdi.  Epidemiya tarqalgan paytda bu qadar befarq bo‘lgan odam traktorchi emas, oliy toifali vrach.

Bosh sanitariya vrachi Bahrom Almatov O‘zbekistonda dastlabki qayd etilgan bemor haqida:

«Frantsiyadan kirib kelgan ilk bemor yetib kelgan kuni o‘z xonadonida 35 kishi ishtirokida bayram qilgan. O‘sha mehmondorchilikda qatnashganlardan 13 kishida bugungi kunda bu kasallik qayd etildi. U bilan samolyotda 250 kishi kelgan, aeroportda tushganidan keyin oila a'zolariga ham yuqtirgan. Keyin ishiga chiqqan va ish joyida 80 nafar xodim va 42 nafar bemor bilan muloqotda bo‘lgan».

Uyda o‘tirish kerak

Nima qilish kerak?  Albatta, uyda o‘tirish kerak.

Qo‘shnim nemisning urushida qatnashgan. Bitta o‘q yalab ham o‘tmagan. Qanday o‘lmay qoldingiz desam, «Likkillamay, okopda yotdim», derdi.

«Ummon» degan ashulachi gruppasi «Uyda jim o‘tirey» degan qo‘shiq chiqardi. Ko‘zdi yumib, boshdi xam qilib, qalin ko‘rpacha tagiga nosdi tuplab, ko‘k choydi ichib, to‘ndi yelkaga tashab, eshitadigan katta ashula. Faqat nega jim o‘tirish kerak. Gaplashib o‘tirsak bo‘maydimi?

Nasafiy degan ashulachi esa koronavirus bizga yuqmaydi, deb ashula ham aytdi.

Nasafiyning gap xato. Ehtiyot bo‘lish kerak.

Maska taqish kerak. Ajinaning maskasi bo‘lsa ham bo‘laveradi. Endi tibbiy niqob ishlab chiqarish uchun litsenziya shart emas. Tikuv mashinasi. Gazlama va ishtonbog‘ rezinkasi. Yasab sotib boying. Bitta emchak xaltadan ikkita zo‘r maska chiqar ekan. Bitta o‘ris tog‘a erkaklar ishtonidan qanday qilib tibbiy niqob qilinishi haqida video tavsiya berdi.

(video)

Ishton boshga kiyiladigan zamon keldi.

Va'z boshida aytganim, «Dekameron» kitobida ayollar monastiridagi rohibalar boshlig‘i bo‘lgan xotin monastir bog‘boni bilan aysh qilayotganida eshik taqillaydi. Ruhoniy ona shoshganidan hijob o‘rniga bog‘bonning ishtonini boshiga tashlab eshikni ochadi.

(kulgi)

Umuman, eshik taqillasa, ehtiyot bo‘laylik.

Eshik taqillaydi, ochasiz. Ikki kishi turibdi, biri sariq, biri ko‘k skafandrda. Uyingizni dezinfektsiya qilishga 602-qaror bor, deydi sariq skafandrdagisi. Siz mayli, deysiz. Ko‘k skafandrdagi «dezinfektor» kotta sumka bilan ichkariga kirib ketadi. Sariq skafandrdagisi esa bu paytda termovizorni peshanangizga tirab, «isitma» o‘lchab turadi. Bir pasdan keyin ko‘k skafandrdagi amaki «ishini bitirib» tashqariga chiqib ketadi. Sariq skafandrdagi esa sizni quvontirib, «temperatura yo‘q», deydi.

Bir qog‘ozga qo‘l qo‘ydiradi va tekin niqob padarka qilib chiqib ketadi. Siz bir muddatdan keyin o‘zingizga kelib qarasangiz, uy ship-shiydon. Ishkobdagi qora kunga atalgan 3 ming dollar ham yo‘q. Tavsiya? Skafandrli odamlarga eshikni ochmang. Jumanazar aka kesayam ichkariga kiritmang.

Hushyorlik – davr talabi. Hozir Toshkentda avtobuslar yurishi taqiqlandi. Ammo viloyatlarda yurib turibdi.

Avtobusda issig‘i oshgan yo‘lovchi birdan yo‘tala boshladi. Butun avtobus ahli unga dahshat bilan qarab turibdi.

Konduktor:

— Siz koronavirusga chalinganmisiz ?

Yo‘lovchi :

— Yo‘q, nima deyapsiz! Men tuberkulyozga chalinganman. Sil kasalman !

Konduktor:

— Ey, xudoga shukur!

Kulgi

G‘alati davr. Odamlar qo‘lini yuvmoqda. Ayolu erkak hijobda. Ko‘chada begonaga ko‘z qisish o‘rniga ko‘t qisilib, hamma uyida ovqat pishirib, yeb o‘tiribdi kafega bormay. Umuman qorasini ko‘rsatmaydigan er 24 soat xotinning peshanasida o‘tiribdi. Har kuni payshanba. Bolalar ham otasining rangi-ro‘yini nihoyat aniq ko‘rishdi. Eng dahshatlisi, bular endi o‘tirib birga kitob o‘qirkan. Shunga ishonmadim. Antiutopiya-ku bu.

Rivoyat o‘rnida buguningizni aks ettirgan hikoyani aytib bersam. 

Bo‘rsiq yog‘i

Xullas, uch kun bo‘ldi uydaman. Karantin. G‘alati bo‘larkan. Odatda ertalab sahar 7 da chiqib ketib, uch yo to‘rt kundan keyin kechqurungi 1 da kirib kelardim.

Uyni kun yorug‘ida ko‘rmagan ham ekanman. Binoyidek uy. Oboylar ko‘chibdi. Hammomning chirog‘i vklyuchatelni yoqqandan keyin yana o‘chib qolar ekan. O‘qlov bilan bir ursa yonib ketar ekan. Otvertkani olib tuzatib qo‘ydim.

Qo‘limga instrument solingan qutini olib hammayoqni inspektsiya qilib chiqdim. PVA kley bilan oboyning ko‘chgan joyini yopishtirib qo‘ydim. V rode hamma yoq OK. Qiladigan ishim tugab qoldi.

Qarasam, eshik ochilib uzun-qisqa bo‘lib yon pod'ezddagi qo‘shni xotinlar kirib keldi. Ularning yurishiga, uyda o‘zini tutishiga qarab, har kuni kelishini bilvoldim.

Kuxnyadagi yarim yumaloq divanga o‘tirvolishdi. Xotin ularning oldiga choy bilan tort qo‘ydi. (Blin, men ko‘chalarda firibgarlar bilan jang qilib, uyga bir burda non topay deb mujodala jihod qilib yurganimda ular tort bilan choy ichib o‘tirishar ekan). Sekin borib gap poyladim.

Bitta qo‘shni ovsinini, yana bittasi qaynanasini yomonladi. Keyin erlarining noshudligini gapirishdi. Har ikkala qo‘shnimning eri asbobi yaxshi turmaydigan impotent ekanligini bilvoldim.

Menam qiziqib-qiziqib ularga juda yaqin masofaga borib qolsam bo‘ladimi. Menga baqrayib qarab qolishdi.

Xotinimning jahli chiqib «uyda tuz tugabdi», deb qo‘limga simto‘rva tutqazdi. Ortga qarab-qarab gapning davomini yo‘l-yo‘lakay eshitib chiqayotsam, «Ko‘t artadug‘on qog‘oz ham apkeling», deb baqirdi zavjai mukarrama.

Ko‘chaga chiqib, o‘zimni o‘z stixiyamda sezdim. Ko‘cha havosidan simirib nafas oldim. Xuddi suvga tushgan baliqday bo‘ldim. Do‘konning oldida ochered ekan. Bir-ikkisi bilan yoqalashib-so‘kishib xumordan chiqdim.

Tuzdi oldim. Ko‘t artadig‘on qog‘ozdan ham 20 rulon oldim. O‘zi ko‘tni kessakka artish joiz. Qag‘dan chiqdi bu pul to‘lab, qog‘oz olib ko‘t artish. Xullas, uyga ayag‘im tortmayapti. Ko‘chada yurishga yana bahona qidirdim.

Ammo ko‘chada qiladig‘on ishim yo‘q. Maskayam taqmaganman. Xuddi front chizig‘ini bosib o‘tib dushman zonasiga yaqinlashgan askar kabi alanglab uyga kirib bordim. Napoleon aytganiday, «Mudofaaning eng yaxshi usuli hujumdir». Namoyishkorona tomoq qirdim.

Qaqqillab o‘tirgan qo‘shnilar jimib yerga qarashdi. Tualet qog‘ozini ustalning ustiga qo‘yib: «Apkirib qo‘y ichkariga, qora kunda kerak bo‘ladi. Hozircha «Xalq so‘zi»ga art ketingni, enag‘ar», deb o‘shqirdim.

Uyda kim xo‘jayin ekanini qo‘shni xotinlar bilsin-da. Xotin bo‘lsa, pinagini buzmay: «Qo‘shnimiz Dilpuzdi eriyam sizga o‘xshab gemarroy bo‘pqopdi bechara. Anavi bo‘rsiq yog‘idan qolganini so‘rab chiqibdi», desa bo‘ladimi.

Dilpuz qo‘shni menga ko‘ngilchanlik aralash achinish bilan qarab turardi. E onasini fil majaqlasin koronavirusning, obro‘yim bir tiyin bo‘ldi.

(Kulgi)

 Shu o‘rinda bitta gap.

Maska tekshirish uchun tashalgan Milliy gvardiya xodimlari rassom Tuzning juma va'zini telefonida baland qo‘yib eshitishmoqda. Rahmat, okala. Boshqalar ham o‘rnak olsin.

Endi sizlarning ko‘nglingiz ko‘tarilsin, deb hazil qildim. Aslida ichimni it tirnaydi.

«Ëtib yeganga tog‘ ham chidamaydi», deyishadi. Ishga chiqmay pulsiz qolib ochlikdan qirilib ketmaymizmi, degan andisha ham bor ichimda.

Italiyaning aholisi 56 million. Davlat soliqlardan tushgan pulni sog‘liqni saqlashga yo‘naltiradi. Aholining 90 foizi (balki ko‘proq) tibbiy sug‘urtalangan. Anchayin yaxshi tibbiyot tizimi bor edi. Ammo shu tizim ham bas kela olmadi. O‘zbekistonda Italiya tibbiyot tizimidagi uskunalarning 10 foizi ham yo‘q.

Mirziyoev qurdirgan «Humo» muz saroyi, kongress xoll va masjidlar yopildi. Kasal jamiyatga muz saroyimas, KASALXONA va DOKTOR zarur.

Biz sizdan davo topdik…

Mamlakatga dushman bostirib kelsa, askarlar qutqaradi bizni. Vabo va o‘lat bostirib kelganida esa doktorlar qutqaradi.

Doktorlar, sizlar bugungi kunimiz botirlarisiz.

Keyingi 6 oy davomida biz ularni urdik, kaltaklab, mayib qildik. Bonusiga poraxo‘rsan, ta'magirsan, dedik. Mashina glushiteli teshilganida ustaga shartta 200 dollar chiqarib beradigan krutoy boy odammiz. Ammo medsestra ukol qilganiga 5 ming so‘m olsa, chetga chiqib uning onasidan so‘kdik.

“Biz sizdan davo topdik, mehribon shifokorlar”, deb qo‘shiq kuyladik. Ammo 8 yil o‘qigan odamga tuzukroq maosh tayin qila olmadik.

Harf tanimaydigan prokuror million dollarlik qasrlar sotib olib yashayapti. Doktorlar esa oq xalatini yuvish uchun kir mashina sotib olsa, taraddudlanib cho‘ntak kavlaydi.

Bugun ular uxlamay bizning dardimizga davo izlamoqda. Uch kundan beri uyiga bormagan doktorlar bor.

Aziz doktorlar. Shifokor va hamshiralarim. Novvot va shiralarim. Bratlarim. Medbratlarim. Sizga tasanno va ta'zim. Siz bugun Luqmonsiz, Hakimsiz, Ibn Sinosiz, Gippokratsiz, Doktor Aybolitsiz.

Sizni beqadr qilganimiz uchun ular nomidan uzr so‘rayman.

Italiyadagi to‘rtta hamshira pitstsa buyurtirganida pitstsachi pulini olmadi.

Kassa qog‘oziga “sizga rahmat”, deb yozib berishdi.

Kulfatdan saboq chiqarib shifokor qadriga yetgan itoliyonlardir.

Koshki, bozorda meva sotayotgan o‘zbek tujjor ham xarajat qilayotgan doktordan bir safar pul olmasa, deb orzu qilaman.

Ammo osmon uzilib tushsa ham bunday bo‘lmaydi. Non bergan odamning qo‘lini, yo‘l ko‘rsatgan odamning oyog‘ini sindirib o‘rganib qolganmiz.

Ammo na esa…

Men sizdan davo topdim, mehribon shifokorlar. Sizga sharaf, sizga shon – zamonamiz Ibn Sinolari.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
19 oktyabr 2023
O‘zbekistonda issiqxona xo‘jaliklari yo‘q bo‘lib ketish arafasida, deya hisoblamoqda o‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupov. Uning ijtimoiy tarmoqda chop etgan ...
6 sentyabr 2021
Ko‘rayotganingiz bu shodon odamlar qatiq bayramini qutlamoqda. Qatiq sharafiga alyorlar aytishmoqda. O‘zbekiston «Yashasin mustaqillik», deya shivirlayotgan paytda Turkiyaning Silivri ...
5 mart 2020
Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limi sobiq tergovchisi, militsiya katta leytenanti 34 yashar Shokir Ashurov DXX xodimlari unga qarshi tuhmat uyushtirib, ...
15 may 2016
«Panama hujjatlari» deya nom olgan ma'lumotlarda o‘z mablag‘larini horijdagi ofshorlarga yashirgan 100 dan oshiq o‘zbekistonliklarning ham ism familiyalari, manzillarigacha ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...