Nyu-Yorkdan nazar: O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yer islohoti muammolari
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov “Eltuz” orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosini qishloq xo‘jaligidagi yer islohotlari muammolariga bag‘ishladi.
“Yer islohoti bo‘lmasa, qishloq xo‘jaligi iqtisodi bo‘lmaydi. Yer islohoti deganda mulkchilik shakliga bo‘lgan munosabat nazarda tutiladi”, deydi Ospanov.
Uning bildirishicha, O‘zbekistonda yer islohotlari o‘tkazilgani haqidagi iddaolar mutlaqo yolg‘ondan iborat.
“Hukumat siyosati fermerlarni klasterlarga bo‘ysundirish bo‘lib qolyapti. Bu katta jinoyat. Boradi, bu yer meniki deydi, xohlagan yerini oladi. Keyin sotadi. Katta xolasining yerimi u, sotyapti. Bu yer fermerlarga tekin bo‘lib berilishi kerak. Qanday bo‘lmasin, xususiy mulkchilik amalga oshirilishi kerak”, deydi mutaxassis.
Ospanovning ta'kidlashicha, mahalliy amaldorlarning rahbarlar oldida bunday ko‘zbo‘yamachilik amallari uzoq sovet o‘tmishidan buyon o‘zgarishsiz kelmoqda.
Bundan ilgari “Eltuz” kanalidagi videochiqishlarida sobiq hokim Ismoil Ospanov mamlakatda energetika inqirozi, kadrlar siyosati, dehqonlar huquqlarining kamsitilishi, klaster tizimidagi korruptsiya holatlarini tanqid ostiga olgan edi.
Eltuz.com