Asosiy mavzular
22 oktyabr 2021

RTdan va'z: Ko‘rpa ostidagi o‘ymoq o‘yini

Hafta o‘tib yana siz bilan ko‘rishish nasib etdi. Mag‘rursiz, masrursiz va orangizda hayotga maftun, sevgidan majnun kishilar bor.  

Bugun men 24 oktyabrda o‘tadigan prezident saylovi haqida gapirishim kerak. Keyin esa, qonunga ko‘ra, sukut kuni boshlanadi. Sizning qo‘lingiz bilan, chet ellardan taklif qilingan mustaqil kuzatuvchilar nigohi ostida, ovoz berish yo‘li orqali va eski ko‘rpa ostida eski prezident o‘zini qayta saylaydi.

Saylov o‘tadigan bu ko‘rpa ham O‘zbekistonda ilgari o‘tgan saylovlar kabi eski. Buni chet ellardan taklif qilingan kuzatuvchilar ham, saylovchilar ham allaqachon bilib bo‘lgan. Lekin o‘zbek jamiyati doimgidek burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydirmaslikni lozim ko‘radi. Bu maqol unga ota meros. Garchi ko‘rpadagi korruptsion burgalar yana besh yil uning qonini ichishini aniq bilsa ham, joni og‘risa ham ota-bobolarining qoni so‘rilgan bu bitliqi ko‘rpani hech qachon yoqmaydi.

O‘zbekistondagi bu yilgi prezident saylovini qorong‘u xonada qora mushukni ham ko‘ra oladigan jurnalist, «Qorong‘u soyalar” kitobi muallifi Joanna Lillis ko‘rinmas saylov, deya atadi.  Ya'ni saylov deb atalgan qorong‘u xonada mushuk ham yo‘q.

O‘zbekistondagi  prezident saylovida amaldagi prezident televidenie ekranlari va gazetalarning bosh sahifalarida ustunlik qilmoqda va uning raqiblari deyarli ko‘rinmaydi, deya yozdi jurnalist Joanna Lillis Eurasianet nashrida chop etilgan maqolasida.  

Maqolada xalqaro kuzatuv missiyasi xulosalaridan iqtibos keltirilib, O‘zbekistonda prezident saylovi kampaniyasi boshlanishiga ikki hafta qolganida ham nomzodlar bir-biri bilan hech qanday mazmunli muloqot qila olishmagani aytilgan.

G‘irrom o‘yin

Hammaning ko‘zi o‘ngida bo‘layotgan saylov bir g‘irrom o‘yinni eslatadi. Bu o‘yinning ildiziga nazar tashlasak. O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunlarida yozilganidek, xalqda tanlov huquqi bo‘lishi uchun hokimiyat mustaqil shoxobchalarga – ijro hokimiyati, parlament va adliya hokimiyati tizimlariga ajratilishi kerak. Bitta qo‘l bilan boshqarilayotgan hokimiyat ostida esa bunday tanlov bo‘lishi mumkin emas.

Bizning huquq himoyachilarimiz, muxolifatchilar va oddiy qashshoq fuqarolar esa odatda hokimiyatdan adolat va himoya izlashadi. Ular shunchaki hokimiyat yo‘q joylardan – prokuratura, sud, militsiya, senat, prezident mahkamasidan qidirishadi haqiqatni. Oxir-oqibat saylovda ishtirok etib, qonunan o‘z nomzodlarini deputatlikka, prezidentlikka ko‘rsatishga ham urinishadi. Ammo bari behuda.

Chunki agar bunga ular qattiqroq jahd qilishsa, qo‘rinmas qo‘lning bir ishorasi bilan ularning ustiga shallaqi ayollar tashlanishi mumkin, bunday holga biz prezidentlikka “Erk” demokratik partiyasidan nomzodini qo‘yishga intilgan taniqli qo‘shiqchi Jahongir Otajonov taqdirida guvoh bo‘ldik.

Iyun oyida esa Adliya vazirligi ayni ko‘rinmas qo‘l ishorasi bilan Termiz universiteti sobiq rektori Xidirnazar Olloqulovning «Haqiqat va taraqqiyot» partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizasini rad etdi.

Yaxshiyam ularni sotsiumga talabgor o‘tmishdoshlari kabi Jinoyat kodeksining 159-moddasi – O‘zbekiston konstitutsion tuzumiga tajovuz qilishda ayblashmadi, garchi bu ham O‘zbekistondagi tez-tez uchrab turadigan holat.

Men ularni koyimoqchimasman, shunchaki bir haqiqatni tushuntirmoqchiman. O‘zbekistonda hokimiyatning barcha shoxobchalari xalqdan ajratilgan, biroq bir-biridan emas. O‘zbekistondagi hokimiyatning siyrati o‘ymoq o‘yiniga juda o‘xshash.

Mana, mening oldimda uchta o‘ymoq bor, buni O‘zbekistondagi hokimiyatning uchta shoxobchasi – qonunchilik, ijro va sud hokimiyati deb atash mumkin. E'tibor bering, barcha o‘ymoqlar bo‘sh – shunchaki u yerda hokimiyat yo‘q.

Mening qo‘limda esa zo‘ldir, boshqa mayda firibgarlarniki kabi porolondan emas, albatta, yaxlit temirdan quyilgan haqiqiy sharcha bor.

Uni bo‘sh o‘ymoqlardan biri ostiga qo‘yib, ularning o‘rinlarini almashtirib, aralashtiramiz. aralashtiramiz, aralashtiramiz… Endi, zo‘ldirning qaerdaligini toping?

Albatta «U qo‘lda!» – deya javob beradi mening zukko tomoshabinim va bu g‘irrom o‘yinlarga aralashmaslikni ma'qul ko‘rishini mag‘rur pisanda qiladi.

Men esa bunga qo‘shimcha qilib, o‘ymoqlar ham, hokimiyatning barcha uchta shoxi ham bitta odamning qo‘lida ekanini aytmoqchiman.

Ular hech kim bilan bo‘lashilmagan. Hokimiyatni anglatuvchi zo‘ldir uning xoxishi bilan biridan ikkinchisiga o‘tib, vaqtincha har qanday o‘ymoq ostida paydo bo‘lishi mumkin va biz ko‘rishni istagan joyda u hech qachon bo‘lmasligi mumkin.

Boshqa tomoni, agar e'tibor bergan bo‘lsangiz, zo‘ldirimiz quyma temirdan, rahbarlarimiz maqtanganidek, bizda haqiqatan ham tish-tirnog‘igacha qurollangan kuchli hokimiyat bor. Bu hokimiyat qush uchsa qanoti kuyadigan darajada qo‘riqlanadigan «Shovvozsoy» kabi qo‘rg‘onlariga ega.

Xalqda tanlov bo‘lishi uchun esa aslida jamiyat kuchli bo‘lishi kerak edi, afsuski, bizning istagimizga zid tarzda u juda zaif. Aks holda har qanday sodda odam ham hokimiyat tepasidagi bu firibgarlarning o‘yinlarini fosh qilgan, g‘irrom o‘yinchilarning joyi esa qamoqda bo‘lardi.

Qarzga botirilgan davlat

Ertaga eski prezident saylanadi, garchi uni boshqa saylamaslik uchun xalqda asoslar yetarli.

Masalan, ularning bittasi – mamlakatning qarzga botirilgani haqida gapirsam. Mirziyoev iqtidorga kelganidan beri o‘tgan 5 yil davomida O‘zbekistonning xorijdan olgan qarzi besh barobar ortdi va qariyb 36 milliard dollarga yetdi. Mirziyoevning 5 yilda olgan qarzi 20 milliardni tashkil qildi. Bu undan oldingi prezident Karimovning 27 yil davomida olgan qarzidan ham to‘rt barobar ko‘pdir.

G‘arb ekspertlariga ko‘ra, Xitoy va Rossiyaga o‘xshash manfaatdor davlatlar kambag‘al mamlakatlarga qarzni shunchaki bermaydi, garovga mamlakatning kelajakdagi barcha resurslari, boyliklari tikiladi va shunday bo‘ldi. Hokimiyatning barcha resurslari jamiyatni zaiflashtirish uchun sarflangani yetmagandek, olingan qarzlar ham xalq gardaniga yuklandi.

O‘zbekistonda siyosat ko‘rpaning tagida hal qilinayotgani va jiddiyat yo‘qligidan afsusdaman.

Xitoy dunyodagi qoloq davlatlarning mulozimlarini pora bilan sotib olib, o‘sha yerlarda xohlagan bo‘qini yeb yotibdi. Rasmiy Pekin nazarida eng poraga o‘ch, hatto ota-onasini pora uchun go‘shtga topshirishga tayyor mulozimlar O‘zbekistondadir.

Birinchidan, o‘zbekning sotqin mulozimi «otkat» evaziga o‘zbek gazini Xitoyga sotgan.

Ikkinchidan, Mirziyoev Xitoyning Eksimbankidan qarzga pul olib, Sardobani qurdirgan.

Odamlar, men sizlarga aytay, Xitoy o‘risdan ham yomon. Bu ya'juj-ma'juj bergan choychaqaga davlatni sotib tashlayotgan mulozimlarni eshakka ters mindirib shahar aylantirish kerak.

Shu yerda qo‘shiq ketishi kerak edi. O‘zim kuylab qo‘ya qolaman. Agar qo‘shiq qo‘ysam, yutub jarima qiladi.

Men mashag‘ tomonlarda gunohga botar bo‘lsam,

Kunni uyg‘otar bo‘lsa, tongni uyg‘otar bo‘lsam,

Kokillaring bo‘lsin dor ashag‘ tomonlarda…

Quyidagi matnni “Dionning jinnicha o‘ylari” sahifasi muallifi yozibdi.

Ashag‘dagi va mashag‘dagi kelinlar

Ashag‘ tomondagi to‘ylarda doim kuyov yig‘lagan, qizlar qiyqirgan. Mashag‘dagi to‘ylarda bo‘lsa, aksincha, qizlar dod degan, sochini yulgan, enasining oyog‘iga o‘zini tashlagan, chunki biladi bugungi to‘y gumbura qars o‘tadi-ketadi, ertadan real hayot boshlanishini.

Ularda esa hech nima o‘zgarmaydi, qiz ertalab turib ko‘cha supurmaydi, kechasi suv isitib cho‘milib, ho‘l soch bilan uxlab qolgani yetmaganday, ertalabdan qo‘lini sovuq suvga tiqib, suv sepmaydi, tsistit orttirmaydi, takasaltang, bitta to‘yni o‘tkazib, butun dalani to‘ntargandek gerdayib yotgan bir gala uy egalariga beli qabarib qolguncha salom bermaydi, umrida odam ko‘rmagan qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni qovog‘iga qarab o‘tirmaydi.

Odatda to‘ydan keyin hammasi yaxshi bo‘lish kerak, lekin bir gala olomon 9 oy chotingni tomosha qilib o‘tiradi (Hojiboy Tojiboy emotsiyasi eslansin), sen bu podaga yana o‘z qoning bilan hissa qo‘shishing, biomusorlar sonini oshirishing kerakdek. Sen onalikka tayyormisan, bolaning kamoloti uchun puling, sog‘lig‘ing, vaqting bormi, deb it ham so‘rab qo‘ymaydi.

Bolali bo‘lib ham qutularman, deb o‘ylarsan. Kelin kelib, hayotda o‘rni borligi, oilada endi yetakchi bo‘lishi esiga tushib qolgan johil qaynonaning o‘zi kabi past va mayda asabbuzarliklari, injiqliklari bilan o‘tkazilgan homiladorlik payti hayotingdagi eng og‘ir paytlar bo‘lib hayotingda muhrlansa kerak. Boshqalar «Its a boy, its a girl» qilib fotosessiya qilib yurganda, sen «Its a cow» degan molni tagida sut sog‘ib, qishga tappi yoqayotgan bo‘lasan. Bolangning boshi chotingga kelganda roddomga olib borishadi, tanish-bilish yo‘qligi uchun 2-3 soat u yerda ham itarilasan, ming azob bilan qo‘chqor bolani qo‘lga olganingda (qiz bo‘lsa, urdi Xudo) hech kim oldingga kelib, ahvolingga qiziqmay, qachon chiqishingni so‘ray boshlashadi.

Bu podaning tinmay bolalashidan tug‘ruqxonalar ham doim band, birorta kelin borib 1-2 hafta dam olib ham olmaydi, kelasan, tug‘asan, ketasan. Bizning paytimizda ichkariga qo‘yishmasdi, hozir tug‘ruqxonalar karvonsaroy. Bittasi u yoqda bo‘kirib yotibdi, bittasi bu yoqda chiyilllab yotibdi, palatada adashsang, tug‘ruqni qabul qilish xonasiga kirib ketish ham hech narsa emas. Ming azob bilan tug‘ilgan bolaning munozarasi boshlanadi keyin, kimga o‘xshabdi, nega dadasiga o‘xshamagan, nega dushman tomon (quda tomon)ga tortib ketgan, nega qon bosimi bilan tug‘ildi, nega suvi kir tug‘ildi, nega tug‘ruq og‘ir o‘tdi, biz dalada tap-tap tug‘ib ketaverardik, bular shuncha g‘amxo‘rlik bilan tug‘ib ham shuncha dard?!

Bolani olib chiqishga birorta «Masha-Medved» qilmagan ziqnalar qo‘shni mahalladagi karnay-surnaydan ham pulini qizg‘onadi. Oilaga bola kelishi judayam oddiy holat, ja-a e'tibor bermaslik kerak. Boshida bolaning boshida andarmon bo‘lganlar oxiri o‘zingga tashlashadi, yana avvalgi ish, ro‘zg‘or, yana ustiga bola.

Kelin bola tug‘sa ham kelin, 50 ga kirsa ham kelin, o‘lsa ham kelin. Tamom. Kelin – mehnat quroli, kelin – qul, kelin zabonsiz, ongsiz bir mavjudot, tamom. Kelinning vazifasi – bir baxtsiz o‘zbek xonadonini yanayam baxtsiz qilish. Shuning uchun bizning kelinlar to‘y kuni dod solib yig‘laydi, shunday bo‘lishi kerak.

Shuning uchun bizning yor-yorlar eng dardli, alamli. Sotilgan, otilgan qiz. Shuncha g‘amga mardonavor bosh egib ketayotgandan keyin bizning kelinlar yig‘lamay kim yig‘lasin? Kelinlarga odam qatori munosabat qilishni o‘rganmas ekanmiz, yigitlarimiz hech qachon to‘yda bunday ko‘z yoshi to‘kmaydilar, oilaning asl mas'uliyati, yukini his qilmaydilar.

Odamlar to‘yni majburiy vosita, yuzni ochib olish, mahalla-ko‘yga xo‘jako‘rsin, pul-boyligining mezoni sifatida qabul qilishi achinarli. To‘yingizda faqat ikkingiz bo‘ling, lekin yoningizda siz bilan baxt bo‘lsin. To‘y – yillab yig‘ilgan pulni sochadigan yovvoyilar bazmi emas, insonning hayotiga yangi sahifa olib keluvchi yo‘l bo‘lsin.

Xullas, bugun shu videoni ko‘rib, biroz xayolga cho‘mib, poyintar-soyintar gaplarni bitib qo‘ydim. Sizlar o‘qib turinglar, men ungacha kechki ovqatni yeb kelay. E'tibor bermanglar, to‘y to‘ydek, qo‘zi qo‘ydek bo‘lsin, o‘zimiz ham qo‘ydek semirib yuraylik.

Sizlarning sochayotgan pullaringizda biz bekorchilar maza qilib ichib, yeb, jin bazmi, it bazmi qilib, kamiga biror narsalaringni sindirib, hayotga kelganimizga xursand bo‘lib qo‘yaylik. Zero, o‘zbekda to‘ydan yaxshi narsa, motivatsiya, niyat, orzu va havas yo‘q. Nima bo‘lsa ham to‘y bo‘lsin, to‘ylar to‘xtamasin, oilalar ajrasin, bolalar yetim qolsin, lekin to‘y to‘xtamasin. Baxtli bo‘linglar, biomusorchalar, to‘y uchun umrini boy bergan tupoy zombilar.

Eski ko‘rpa ostida 

Yana mavzuga qaytsak. Shu yerda «Kun.o‘z» izohini keltirsam: ”Kishilarning birlashmasi jamiyat deb nomlanadi. Jamiyat bo‘lib yashash odamlarga ko‘plab qulayliklar keltiradi. Zero, jamiyatda odamlar birlashib, o‘z hayotiy muammolarini hal qilishadi.

Jamiyat qanchalik jips bo‘lsa, shunchalik muvaffaqiyatli bo‘ladi. Tarqoq bo‘lsa – muvaffaqiyatsiz.

Jamiyatni haqiqiy jamiyat qiluvchi omillardan biri – hayotiy qarorlarni ko‘pchilik bo‘lib qabul qilishdir. Buning yaxshi tarafi shundaki, qarorlar qabul qilishda yakka shaxslar yoxud jamiyatning ba'zi guruhlari emas, balki hamma bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi. Ko‘pchilikning aqliy salohiyati ishga solinadi.

Bu narsani ro‘yobga chiqarish vositalaridan biri – saylovdir. Bunda kishilar ichlaridan eng salohiyatlilarini saylab olishadi va ularga qarorlar qabul qilishni ishonib topshirib, ulardan kengash tuzishadi. Ammo ish shu bilan tugamaydi – saylaganlar saylanganlardan mudom qabul qilingan qarorlardan hisobot so‘rab turishadi, faoliyatlarini kuzatib borishadi.

Shu tarzda ba'zilargina emas, balki hamma jamiyat ishlarida, qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi va shu tarzda barchaning manfaati inobatga olinadi.  

Demak, saylov – muhim va kerakli narsa.

Ammo bu saylov haqiqiy saylov bo‘lsa!

Yakshanba kuni hamma bir bo‘lib yangi prezidentni saylashadi”. 

Eski prezident yangilanadi. “Yangi O‘zbekiston” yappa-yangi bo‘ladi. Saylov ham aslida to‘yning bir navi. Ommaviy tadbir. Saylov ham to‘y singari odatda yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Bizning O‘zbekiston ham kelinchakka o‘xshaydi. Bir ma'noda. Kuyov esa – bo‘lg‘usi prezident. Saylovchilar – bu mehmonlar. Gala-gala bo‘lib borishadi unga.

To‘yona ko‘tarib borishadi. Saylov varaqasi – to‘yona. Tashkilotchilar – bu hukumat. Markaziy saylov komissiyasi raisi – to‘yboshi. Qaynota va va qaynona – konstitutsiya. Javr-javr – kelinga javr. Xursandchilik bir kun. O‘tadi ketadi.

Keyin oila tashvishlari boshlanadi. Qanaqaligini boya tushuntirdim. To‘y yangi bo‘lgani bilan to‘shak-ko‘rpa eski. Kelin yo kuyov bilan, yo burga bilan sadomazoxistik munosabatlarga kirishadi. Tushunganlar tushundi. Tushunmaganlar o‘zlaridan ko‘rishsin. Nima bo‘lsa ham kuyovga insof bersin. Kelinga sabr.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
27 oktyabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mamlakatning o‘zida yetishtiriladigan O‘zbekistonda nega keyingi davrda go‘sht, tuxum va o‘simlik moyi kabi oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlab ...
16 oktyabr 2019
“Bizdan jiz-z!”ning bugungi sonida Shvetsiyada yashovchi o‘zbek faoli Do‘stnazar Xudoynazarov “Eltuz” muxlislari uchun pishloqli sharchalar (sыrniki) qanday tayyorlanishini namoyish ...
18 yanvar 2024
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyat maktublarini o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Jizzax, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan. Dastlabki ...
1 mart 2020
Gorbachyov davri yetishtirgan eng taniqli rus-sovet jurnalisti Vladislav Listev 1995 yilning 1 martida Moskvada otib o‘ldirilgan edi. O‘sha paytda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...