Prokuror Baxti Tashkentskiyga 20 yil so‘radi
“Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan mashhur O‘zbekistondagi yagona “vor v zakone” Baxtiyor Qudratullaev va “jinoyat olami”ning yana 36 nafar vakiliga oid ish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetmoqda.
So‘nggi sud majlisida prokuror “Baxti Tashkentskiy”ga 20 yillik qamoq jazosi so‘ragan.
Jinoiy uyushma tarkibida “Baxti Tashkentskiy”ning akasi Shuhrat Qudratullaev, o‘g‘illari Ixtiyor Qudratullaev va Bekzod Zafarovlar ham bor.
Prokuror Shuhrat Qudratullaevni 10 yilga, aka-uka Ixtiyor va Bekzodni 13 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan.
Jinoiy ish doirasida ja'mi 37 nafar shaxs sudlanmoqda.
“Baxti Tashkentskiy” va uning yaqinlari o‘tgan yilning dekabrida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida qo‘lga olingan edi.
Qudratullaev Baxtiyor Zaparovich – Jinoyat kodeksining 104-modda 3-qismi g-bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 109-modda 2-qismi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish), 138-modda 1-qismi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish), 165-modda 3-qismi a-bandi, v-bandi (Tovlamachilik), 168-modda 4-qismi a-bandi, v-bandi (Firibgarlik), 228-modda 3-qismi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 242-modda 1-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 276-modda 2-qismi a-bandi, b-bandi (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar), 277-modda 2-qismi b-bandi, v-bandi (Bezorilik)da ayblanmoqda.
Ayni damda Ikchi ishlardagi Eltuz manbalariga ko‘ra, “Baxti Tashkentskiy”ga yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Toshkent shahar IIBB yurituvida bo‘lgan ushbu ish doirasida “Baxti Tashkentskiy”ga qarshi Koreyaga odam yuborib, odam savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a'zolari ko‘rsatma berishmoqda.
Hozirda Eltuz ushbu ish tafsilotini aniqlashga harakat qilmoqda.
8 iyul, dushanba kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari Baxtiyor Qudratullaevning Qibraydagi dala hovlisida tintuv o‘tkazgan.
Eltuz manbalarining aytishicha, bu tintuvdan maqsad Baxti Tashkentskiy nazorati ostida bo‘lgan “obщak” mablag‘larini topish bo‘lgan.
«Obщak» («o‘g‘rilar kassasi», «qozon») – jinoiy jargonda, jinoiy hamjamiyat o‘rtasidagi o‘zaro yordam fondi.
«Obщak»ning ikki turi mavjud – ozodlikdan mahrum qilish joylarida va ozodlikdan mahrum qilish joylaridan tashqarida.
O‘g‘rilar qonunlariga ko‘ra, “obщak” jamg‘armasiga jinoyat olami vakillari va ko‘ngillilar ixtiyoriy ravishda badal to‘lab turishadi.
«Obщak» jinoyatchilarning ishonchidan bahramand bo‘lgan obro‘li jinoiy rahbarning nazorati ostida bo‘ladi.
Umumiy fondni yig‘ish, saqlash va undan foydalanish qoidalarini buzish qat'iy jazolanadi.
Eltuz manbalariga ko‘ra, huquq tartibot idoralari “Baxti Tashkentskiy” uyidan “obщak” mablag‘ini topishga uringanlar.
Tintuv chog‘ida Baxtiyor Qudratullaev uyi ag‘dar-to‘ntar qilingan: xonalarninng pollari va hammom taxtalari sug‘urib olingan, ammo hech narsa topilmagan.
Qidirilayotgan mablag‘ o‘nlab million dollarga tengligi aytiladi.
“Obщak” jamg‘armasi kimda va qaerda saqlanmoqda? Bu haqda Eltuzda o‘z surishtiruv xulosalari mavjud. Xulosalarni bilish uchun keyingi maqolamizni kuting. Eltuz kanaliga obuna bo‘ling.