Asosiy mavzular
23 aprel 2023

23 aprel – rus generali Toshkentni bosib olish uchun harakat boshladi

Chimkentga o‘rnashib olgan rus bosqinchi generali Mixail Chernyaev 1865 yilning 23 aprelida Toshkentni ishg‘ol qilish uchun yo‘lga chiqdi.

Sakkizta piyodalar rotasi, ikki yuz kazak jangchisi, o‘nta zambarak bilan qurollangan bosqinchilar Toshkentga hujum qilishdi. Hujum paytida bosqinchilarga yana ikki rota askar ikki zambarak bilan qo‘shildi.

Biroq Toshkent ruslarga jiddiy qarshilik ko‘rsatadi.

rasm1203
General Chernyaev, 1882 yil

Toshkent qamali

Toshkentliklar qarshiligiga duch kelgan Chernyaev shaharni qamal qilib, sillasini quritishga azm etdi.

Bosqinchi chor generali Niyozbek qal'asini ishg‘ol qilib, Toshkentga boradigan suv yo‘lini to‘sib qo‘ydi.

Niyozbekni egallagach, Chernyaev tag‘in Toshkentga qarab harakat qiladi va undan sakkiz chaqirim naridagi Saritepa tepaligida qulay paytni poylash uchun to‘xtaydi.

Rossiya imperatori anchadan beri ko‘z tikib kelayotgan Turkiston hududiga kirish uchun sabablar juda ko‘p edi.

AQShdagi fuqarolar urushi tufayli Rossiyaga paxta eksporti to‘xtab qolgandi.

Bosqinchilar suvsiz qolgan shahar aholisi jangsiz taslim bo‘lishini kutadi. Shaharda oziq-ovqat va suv tanqisligi himoyaning ancha susayishiga sabab bo‘ldi.

Biroq shahar taslim bo‘lmaydi, o‘sha yili sentyabr oyida Chernyaev qo‘shini Toshkentga hujum boshlaydi.

Qo‘qonlik Alimqul qo‘shinlari qarshiligi

Qal'ani qo‘riqlash uchun Qo‘qondan kelgan jangchilar qal'a atrofiga xandaq qazib qo‘yishgandi. Qal'adan otilgan o‘qlarga uchrab ko‘p safdoshlarini yo‘qotgan rus askarlariga Chernyaev chekinishga buyruq beradi.

Qal'ani shturm qilgan chor podpolkovnigi Obux (Vasiliy Vasilevich Óbux) shu jangda yaralanib, Chimkentda o‘ladi.

1865 yili Chernyaev qo‘shini yana Toshkentga qarab yo‘lga chiqadi. Nazarbek yaqinida to‘xtab, lager tiklaydi.

Qo‘qondan Toshkentga yordam berish uchun asli qo‘ng‘irot urug‘iga mansub bo‘lgan lashkarboshi Mulla Alimqul boshchiligida 40 ming kishilik qo‘shin keladi.

1865 yilning 9 mayida Mulla Alimqul qo‘shini ruslar lageriga hujum boshlaydi. Jangda og‘ir yaralangan lashkarboshi qo‘shinga chekinishga buyruq beradi. Biroz o‘tib, og‘ir yaralangan Alimqul vafot etadi.

Qo‘shin Qo‘qonga qaytib ketadi.

Toshkentlik savdogarlar xoinligi

Toshkent qal'asi ichidagi savdogarlar va ba'zi hunarmandlar qal'aning Qo‘qon xonligi boshqaruvidan chiqib, ruslarga qaram bo‘lishini istashardi.

Ularning ko‘pchiligi ruslarga qaram bo‘lgan Chimkent va Turkiston taraflarga chiqib ketadi.

Shuningdek, u yerdagi ba'zi din peshvolari va harbiylar Toshkentning Buxoro amiriga qaram bo‘lishini ma'qul ko‘rishardi. Ular Buxoro amiriga chopar yuborib, shaharni qutqarish uchun yordam so‘rashadi.

Shaharliklar ichida Qo‘qon xonligi boshqaruvidan norozi bo‘lib, ruslarga taslim bo‘lishni istagan savdogarlar guruhi bor edi. O‘shalar rus generaliga Toshkent davrozalarining kalitlarini topshiradilar.

Shaharning taslim bo‘lishi

9 iyun kuni kechasi ruslar Kamolon darvozasi tarafidan hujumga o‘tadilar. Kechasi qal'a tepasigacha chiqishga muvaffaq bo‘lgan rus askarlarining bir guruhi darvozani ochadi va tashqarida kutib turgan otliqlar shaharga bostirib kirishadi.

Shahar ichida boshlangan urush davom etib, ruslar qal'aning Qoshg‘ar darvozasini ham ochishga muvaffaq bo‘ladilar. Ikki tarafdan shaharga kirgan ruslar tor ko‘chalarda katta qarshilikka uchraydi. Shu zaylda bir haftacha urush bo‘lib, oxiri 17 iyun kuni shahar ruslarga taslim bo‘ladi.

Buxoro amiri Toshkentga yordamga chiqqani xabari ruslarga yetib keladi. Vaziyat qiyinlashganini sezgan Chernyaev qal'aning taslim bo‘lishini kutib o‘tirmay, amirning qo‘shini kelishidan oldin hujum boshlashga qaror qiladi.

Bosqinchilarga taslim bo‘lishni istamagan aholi rus qo‘shinlari kelmagan Ko‘kcha va Samarqand darvozalaridan bola-chaqasini Buxoro va Qo‘qon taraflarga olib chiqib ketadilar. Toshkent shahri hokimi Yoqubbek Qoshg‘arga qochadi va u yerda bir muddat Xitoydan mustaqil bo‘lgan davlat quradi.

Shuningdek, shaharni himoya qilgan Siddiq to‘ra va Arslon to‘ra askarlari bilan Buxoro amiri xizmatiga ketadilar.

Ruslar qo‘shini egalari urushdan oldin tashlab ketgan shahardan tashqaridagi Qoshg‘ar mahallasiga joylashdi.

Shahar ishg‘olida o‘lgan barcha rus askarlari alohida bir qabristonda dafn qilindi. U yerda cherkov qurildi. Keyinchalik har yili 15 iyunda shu yerda mazkur urushda o‘lganlarni xotirlash marosimlari o‘tkazish odat tusiga kirdi.

General Chernyaev shaharning 4 ta dahasidan kelgan 4 ta oqsoqol bilan bitim tuzadi.

Bitimga ko‘ra, bundan keyin Toshkent shahri rus imperatoriga qarashli bo‘lib, shahar aholisi Oqposhshoning fuqarolari hisoblanadilar va o‘z dinlariga muvofiq yashashlari mumkin. Lekin quldorlik bekor qilinadi va barcha qullar shu kundan e'tiboran ozoddir va hokazo…

Bu bitim mazmuni jarchi orqali bozorda o‘qib eshittiriladi.

Shundan boshlab Toshkent shahri mintaqada ruslarning asosiy qarorgohiga aylanadi.

General Chernyaev ko‘p xarajatsiz va tezlik bilan atigi bir necha yil ichida Qo‘qon xonligiga qaram bo‘lgan Pishkek, To‘qmoq, Oqmachit, Olmaota, Turkiston, Chimkent va Toshkentni, ya'ni Markaziy Osiyodagi ulkan hududni bosib olgan va Rossiyaga qaram qilgandi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 yanvar 2023
Toshkentdagi Lunacharskiy, 1-conli hukumat statsionari va Toshkent tashqarisidagi Do‘rmon oromgohi, 3 yanvardan 20 yanvargacha faqat hokimlarga xizmat qilish uchun ...
5 aprel 2015
Bizning huquq himoyachilarimiz, muxolifatchilar va oddiy fuqarolar ham odatda hokimiyatdan adolat va himoya izdashadi, – ular shunchaki hokimiyat yo‘q ...
3 fevral 2020
Qashqadaryo viloyatida 30 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIB binosidagi gumondor o‘limi yuzasidan brifing bo‘ldi. Ichki ishlar vaziri axborot xizmati ...
5 sentyabr 2016
O‘zbekistonda qatag‘on yillarining qoralovchilaridan biri bo‘lgani iddao qilinadigan 54 yoshli Nig‘matulla Yo‘ldoshev shaxsi haqida matbuotda juda kam eshitganmiz. Nig‘matilla ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...