Asosiy mavzular
15 sentyabr 2016

Qonunsizlikni xaspo‘shlash boshlandi

Dunyoning qator ommaviy axborot vositalari, xususan, o‘zbek tilli mustaqil nashrlar O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev «Konstitutsiyaga zid ravishda o‘zining prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishiga erishgani»ga oid maqolalar chop etayotgan bir paytda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA mamlakat parlamenti deputatlarining bu fikrni rad etuvchi iddaolarini e'lon qildi.

Xususan, 11-12 sentyabr kuni O‘zA saytiga qo‘yilgan maqolalarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Saidov va Senat devonining yuridik bo‘limi mudiri o‘rinbosari A.Mahmudov Sh.Mirziyoevning prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishini Konstitutsiya va boshqa qonuniy hujjatlar asosida oqlab berishga urinadi.

Ular bu tayinlov «Islom Karimov yuritgan siyosatning bardavomligini ta'minlash» maqsadida amalga oshirilganini ham ta'kidlaydi.

Maqolalar mualliflari o‘z fikrini mustahkamlash uchun AQSh, Frantsiya, Rossiya va Chexiya kabi davlatlar tajribasini ham tilga oladi.

«Yuqorida qayd etib o‘tilgan xorijiy mamlakatlar qonunchiligi tahlili asosida amaldagi Prezident o‘z zimmasidagi vazifalarni bajara olmagan va Parlament yuqori palatasi rahbari ushbu vazifalarini o‘z zimmasiga olishni rad qilgan hollarda, ushbu vazifalar Hukumat rahbari zimmasiga yuklatilishi eng ilg‘or xorijiy tajribaga hamda zamonaviy va demokratik tartib-taomillarga mutlaqo mos kelishining guvohi bo‘lishimiz mumkin», deyiladi maqolalardan birida.

Eng e'tiborlisi, maqolalar mualliflarining barchasi o‘z fikrlarini huquqshunos olim sifatida bildirganiga urg‘u beradi.

Deputat Rahimjon Hakimov esa bosh vazirning prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishini shubha ostiga olganlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunbuzarlikda ayblaydi.

«Ayrim qo‘shtirnoq ichidagi ekspertlarning turli Internet sahifalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining joriy yil 8 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi qarori qonuniyligini shubha ostiga olishga qaratilgan urinishlarni Bosh Qomusimizning 16-moddasini qo‘pol ravishda buzish, deya baholashimiz mumkin», deydi deputat.

Yana bir e'tiborli jihat shundaki, odatda O‘zA materiallari mahalliy matbuotda birinchi darajada e'tibor qaratish lozim bo‘lgan maqolalar hisoblanadi va ular majburiy ravishda chop etiladi.

Ammo O‘zAning yuqorida biz tilga olgan materiallari mahalliy bosma nashrlarda e'lon qilinganiga ko‘zimiz tushmadi. Nazarimizda bu materiallar mahalliy o‘quvchilar, kuzatuvchilar uchun emas, xorijdagilar uchun mo‘ljallangan. Mahalliy aholi esa bosh vazirning prezidentlikni noqonuniy ravishda egallab olganini bilmagani ma'qul ko‘rinadi.

Dunyo OAVlari Karimov davrini maqtayaptimi?

rasm1865
SPIEGEL Online O‘zbekiston hech qachon demokratik mamlakat bo‘la olmagani, bu davlat g‘irrom saylovlar, har qanday muxolifatga nisbatan shafqatsiz qatag‘onlar va qiynoqlarga asoslanganini yozdi.

Kuni-kecha eltuz.com nashrida Islom Karimov vafoti munosabati bilan nemis OAVlarida e'lon qilingan maqolalar tahlili e'lon qilingan edi.

Undan sal oldinroq esa «Xalq so‘zi» gazetasi (10.09.2016) «Jahon» axborot agentligining «Chet el ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston qayg‘usiga sherikdir» sarlavhali maqolasini chop etdi.

Bu maqolada Frantsiya, Ispaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Osiyoning boshqa qator davlatlari ommaviy axborot vositalarida «zamonaviy O‘zbekiston tarixida Islom Karimovning tutgan o‘rni, mamlakatimizning suveren, demokratik va gullab-yashnayotgan davlat sifatida shakllanishida buyuk yo‘lboshchimizning beqiyos hissasi xususida ham atroflicha fikr yuritilayotgani» aytiladi.

Xususan, Germaniyaning «Berlin City Report» gazetasi «Islom Karimov xalqning keng qo‘llab-quvvatlashiga erishgani, 2015 yilgi prezident saylovida 90 foizdan ziyod ovoz to‘plagani bu fikrni tasdiqlashi»ni yozgani ta'kidlanadi.

«Islom Karimov rahbarligi davrida respublika rivojlanishning muvaffaqiyatli yo‘lini bosib o‘tdi», deb xulosa qilibdi bu gazeta jurnalisti.

Saytimizda nemis OAVlarida bu mavzuda e'lon qilingan maqolalarda ularning aksariyati I.Karimovni avtokrat, shafqatsiz diktator sifatida tilga olgani bildirilgandi.

Xususan, I.Karimov o‘z xalqiga nisbatan qatag‘on siyosatini yuritgani ta'kidlanib, buning isboti sifatida 2005 yilgi Andijon voqealariga ishora qilingani aytilgandi.

Shunday ekan, garchi O‘zbekiston matbuoti dunyo OAVlari Islom Karimov shaxsiyati haqida maqtovli maqolalar e'lon qilgani aytilayotgan bo‘lsa-da, nemis matbuotining yuqorida biz tilga olgan sharhi ularga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish talab etilishini ko‘rsatadi.

Zero, bu matbuot birinchi marta yolg‘on tarqatayotgani yo‘q. Til bilganlar bu maqolalarning asliyati bilan tanishib ko‘rsa, yomon bo‘lmasdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 yanvar 2023
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman. Sovuqlarda dirdirayotgan toshkentliklar, siz bilan hamdardman. MS: ...
10 avgust 2018
«Uchinchi zarbada og‘riqdan, boshqa og‘riqlarga qaraganda «farqli» og‘riqdan «voh!» deya o‘rnimdan sakrab turganimni o‘zim ham sezmay qolaman. Bu safargi ...
1 dekabr 2016
«Milliy tiklanish» gazetasi (30.11) shu nomdagi partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Sarvar Otamurodovning saylovoldi uchrashuvlari yakuniga bag‘ishlangan kattagina ...
12 avgust 2023
Toshkent shahar IIB binosidan 12 avgust kuni 33 yashar Doniyorbek Usmonovning o‘ligi chiqdi. Eltuz manbalari uni IIB uyushgan jinoyatchilikka qarshi ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...