Asosiy mavzular
16 dekabr 2016

Siyosiy hushyorlik – uzoq yashash sirlaridan biri

«Xalq bilan fikrlashgan odam kam bo‘lmaydi», deya mulohaza qildi «O‘zbekiston ovozi» gazetasi (13.12) saylangan prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yilni «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili», deb e'lon qilish ortidan.

«Mahalliy hokimlarning xalq oldida hisobot berishi, deputatlar va senatorlarning joylardagi muammolarni izchil o‘rganishi odamlarni o‘ylantirib kelayotgan muammolarga yechim topishda, vakillik hokimiyati va ijro hokimiyatining bir-biriga muvofiq holda faoliyat yuritishida, inson manfaatlarining ishonchli himoya qilinishida muhim ahamiyat kasb etadi», deb yozdi gazeta.

O‘zbekiston nashrlari bu haqda ilgari ham xuddi shu so‘zlarni qo‘llagan holda ko‘p va xo‘p yozgan. Lekin xalq o‘z taqdirida bu o‘zgarishlarni his qildimi? Yo‘q, albatta. Unda marhum prezident davridan qolgan bu quruq aravani yana sudrashdan ne naf? Bu teshik tog‘ora haqidagi naqlni eslatmayaptimi sizga?

Garchi yangi prezident hokimiyat xalqdan uzoqlashib ketganini ochiq aytganiga qaramay, gazeta bu haqda ochiq yozish mas'uliyatini o‘z zimmasiga olishni istamagan. Buning o‘rniga muammoning ildizini sovet zamoniga olib borib taqashga uringan.

«Ochig‘i, sovet zamonida xalqimiz osmono‘par shiorlardan, «qizil» gaplarlardan charchab, bezib ketgan. Odamlar hozir aniq vazifa, aniq maqsad, boshqacha aytganda, aniq savolga javob kutyapti», deydi nashr.

Gazeta hokimiyatning xalq bilan yaqinlashuvdan qochganligini sovet zamoniga borib ulaganiga bir sabab bor. Bechora nashr yaqin o‘tmishimizda, Karimov davrida shunday bo‘lganini ochiq ayta olmaydi. Chunki yangi yurtboshi eskisining yo‘lini davom ettiraman, deb aytib qo‘ygan.

Yangining gapiga qarshi gap aytish esa ular uchun o‘lim bilan barobar. Siyosiy hushyorlik uzoq yashash sirlaridan biri, deb biladi gazeta noshirlari.

Buni yaxshi tushunadigan gazeta xalq bilan muloqot qilish zarurati nisbatan amalda yangi prezident davridan anglana boshlaganini xaspo‘shlashga urinadi.

«Oxirgi yillarda mahalliy hokimiyat mutasaddilari bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar bu borada muhim qadam bo‘ldi», deydi gazetada chop etilgan maqola muallifi.

Birodar, marhum prezident xalq bilan muloqotdan chekinib, mavjud hokimiyatning taxtini omonat qilib qo‘ygani uchun yangi rahbarlar shunga majbur bo‘ldi, deb ochiq aytishga kuch qayda bularda?!

«Xalq istagi – ezgu, xalq istagi – haqiqat», deya xulosa qiladi gazeta. Bu gaplarni xalq biladi. Aslida bunday emasligini ham biladi. Mazkur haqiqatni amaldagi hokimiyat ham anglab yetganda edi, biz bugun bu gaplarni yozib o‘tirmagan bo‘lar edik.

Shuningdek, «O‘zbekiston ovozi» Oliy Majlis Senatida «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun muhokamasi to‘g‘risida ham material chop etib, unda XDPdan saylangan deputatlarning fikrini keltirib o‘tgan.

Deputatlar O‘zbekiston shu paytgacha korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi bir qator xalqaro konventsiyalarga qo‘shilganini eslatar ekan, yangi qonun bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qilishini ta'kidlagan.

Ammo ular mazkur illat O‘zbekistondagi butun hokimiyat tizimlarini qamrab olgani, uning jamiyatga yetkazayotgan zararini baholash masalasida biror og‘iz gapirishga «iymagan». Bu «iymanuvchanlik» ortidan ularning korruptsiyaga qarshi kurashish borasida biror ish qilishiga ham shubha uyg‘onadi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 iyul 2016
Mustaqillik deklaratsiyasi haqida qariyb 25 yildan beri bir gap yozishdan xuddi moxovdan qo‘rqqandek hadiksirab kelayotgan o‘zbek matbuoti, aniqrog‘i, «Hurriyat» ...
17 oktyabr 2015
Malohat Eshonqulova Mustaqil jurnalist, Eltuz.com 5 sentyabr, 2015 yil. Tungi soat 24.30. Eshik taqilladi. Qarasam, Urlaeva. “ortimdagi ayg‘oqchilarim dam ...
11 avgust 2023
Rassom Tuz: Azizlar mana zuvv etip xafta aylanib yana siz bilan yuzma-yuzman. Matchon Suqulish: Nichiksizlar xo‘jik birri, ham mo‘chchi oybikala. To‘y ...
7 may 2020
Sardoba suv ombori o‘pirilishidan zarar ko‘rgan aholi haqida reportaj qilish uchun Sirdaryoga borgan O‘zA muxbiri Anora Sodiqova 6 may ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...