Asosiy mavzular
30 yanvar 2017

Yashasin tovuq yoki o‘quvchi sig‘mas sinfxonalar

So‘nggi vaqtlarda tovuq boqishni O‘zbekistonda milliy harakat darajasiga chiqarishga qaratilgan intilishlar davom etmoqda. Qaysi gazetani varaqlamang, albatta, tovuq boqish mavzusidagi maqolaga duch kelasiz.

«Oila davrasida» (26.01) gazetasi 50 ta tovuqdan qancha daromad olish mumkinligini ko‘rsatib beradigan maqola e'lon qildi. Bu faoliyatni boshlashga «Agrobank» taklif etayotgan 500 ming so‘m kredit asos qilib olingan.

Xullas, gazetaga ishonilsa, 50 ta tovuq boqib, yiliga 1,7 million so‘mdan ortiq sof foyda qilish mumkin. Ammo buning uchun kredit bilan qo‘shib hisoblaganda qariyb 1,9 million so‘m xarajat qilish kerak.

Demak, «tadbirkor oila» kredit summasini chiqarib tashlaganda salkam 1,5 million so‘m o‘z mablag‘ini sarflashi talab etiladi. Buncha puli bor odam agar tovuq boqqisi kelsa, o‘zining bor puliga ham boqaveradi-ku, bankning foizga beradigan 500 ming so‘miga qarab o‘tiradimi, deb so‘raydigan odam yo‘q. Bankning kreditini olish uchun talab etiladigan hujjatlarni yig‘ishga ham ancha vaqt va pul ketib qoladi-ku, degan haqli savol bermaydi hech kim.

Gazeta aytilgan gaplarning ishontirish kuchini oshirish uchun payariqlik «ilg‘or tovuqboqar» ayaning amaliy tajribasini ham keltirib o‘tgan. Aya erinmasdan ikki kunda bitta tuxum qiladigan tovuq kuniga bitta tuxum qiladiganidan yaxshiroq ekanini isbotlab bergan.

Xuddi shu gazetada ko‘pgina maktablarda boshlang‘ich sinflarda bitta sinfda 45 talab o‘quvchi o‘qitilayotgani, bu esa ta'lim sifatiga juda yomon ta'sir etayotgani masalasi ham ko‘tarildi.

Ma'lum bo‘lishicha, qonunchilikka ko‘ra, 1-9 sinflarda o‘quvchilar soni 35 ta qilib belgilangan. Ammo ko‘plab maktablarda bitta sinfda 40-45 ta o‘quvchi borligi sababli o‘qituvchilar ko‘ngildagidek dars o‘ta olmayotir, o‘quvchilarning aksariyati ham e'tibordan chetda qolmoqda.

Bundan tashqari, bunday sinfxonalarda «partalar zich joylashtirilgan, o‘quvchilarning o‘tirib-turishi uchun ham juda noqulay».

Xalq ta'limi vazirligi mas'uli bu masalada fikr bildirar ekan: «… poytaxtda bundan 10 yil avval 1-sinfga o‘quvchilar qabuli 29 ming 124 tani tashkil etgan bo‘la, joriy o‘quv yilida 46 ming 884 tani tashkil etdi», degan.

O‘qituvchilar o‘quvchi ko‘pligidan butun dars mobaynida faqat 4-5 ta faolroq o‘quvchi bilan ishlashga ulgurayotganidan shikoyat qilayotgan bir paytda vazirlik vakili «tajribali o‘qituvchi o‘qitishning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda mashg‘ulot olib borish hisobiga o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga erishilmoqda», deya ko‘z bo‘yashga tushib ketgan.

Ammo mutasaddining javobida mazkur muammoni hal etish uchun samara beradigan qandaydir aniq choralar ko‘rilayotgani haqida bir og‘iz ham so‘z yo‘q. Buning o‘rniga u poytaxtdagi ayrim maktablarda 1-sinfga o‘quvchilar qabulini vatinchalik cheklashga qaror qilingani, shuningdek, 2017/18 o‘quv yilida qabul rejasini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilganini aytgan.

Agar qabul cheklansa, qolgan bolalar qaerda o‘qiydi, degan savol ochiq qoldirilgan. Na muxbir, na mutasaddi bu savolga javob izlamagan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 fevral 2019
Jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardaev «Eltuz»ga bergan intervyusida shahar hokimligi unga qarshi da'vo arizasi bilan fuqarolik sudiga murojaat qilgani ...
28 sentyabr 2016
Ba'zi imomlar, hattoki, paxta terish har bir musulmon uchun «vojib amal» deya hukm chiqargan, shu bilan birga, Ozodlik radiosi ...
27 sentyabr 2017
Farg‘ona viloyatida huqumatning o‘qituvchi va shifokorlarni paxtadan qaytarish buyrug‘iga qaramay, ular hamon dalada qolib paxta terishmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, shifokorlar ...
28 oktyabr 2016
Shu yilning 11 dekabrida reportaj fotografi sifatida dunyoga tanilgan fotojurnalist Yuriy Abramochkin 80 yoshga to‘ladi. Uning axborotlarga bo‘lgan rasmiy ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...