Asosiy mavzular
27 avgust 2018

GM Uzbekistan. Narx oshdi, atrof jim-jit…

O‘zbek jamiyatidagi keskin norozilikka qaramay, GM Uzbekistan kompaniyasi o‘zi ishlab chiqarayotgan avtomobillar narxini oshirganini e'lon qildi.

Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, ayrim avtomobil modellari narxi o‘rtacha 7,7 foiz oshirilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, narxlarni oshirish qarori bir qancha vazirlik va idoralar vakillari, aholi fikri va mulohazalarini e'tiborga olgan holda qabul qilingan. Eng ommabop modellar – “Spark”, “Neksiya” va “Kobalt”ning narxi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

“Ushbu qarorni qabul qilishda “Jeneral motors O‘zbekiston”ning og‘ir moliyaviy holati va ayrim avtomobil modellarini ishlab chiqarishning norentabilligi hisobga olindi. Ammo, avvalo, aktsiya solig‘i stavkalarini optimallashtirish va dilerlik marjasini kamaytirish hisobiga narxlar keskin o‘sishining oldini olishga erishildi”, deyiladi kompaniya xabarida.

Ta'kidlash kerakki, 30 iyul kuni “O‘zavtosanoat” rahbari Shavkat Umurzoqov Xalqaro press-klub yig‘ilishida 1 avgustdan avtomobillarning o‘rtacha narxi 14 foiz o‘sishini e'lon qilgandi.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda, hatto mahalliy OAVda ham keskin norozilik to‘lqini vujudga kelgandi.

Ayrim jurnalistlar narxlarni sun'iy ravishda ko‘tarib olgan monopolist tashkilot bo‘lmish “O‘zavtosanoat” shuncha yillardan buyon xalqning moliyaviy qudratini so‘rib kelayotgani, bu esa ayrim to‘dalarning boyishini ta'minlab, iqtisodiyot o‘sishiga salbiy ta'sir qilayotganini yozgandi.

Hatto Asakada avtomobil zavodining qurilishi O‘zbekiston uchun foydadan ko‘ra zarar keltirgani haqida fikrlar yangragandi.

GM Uzbekistan avtomobillarining xorijda mahalliy bozordagidan arzon sotilishi uchun nega o‘zbek xalqi tovon to‘lashi kerak, degan savollar o‘rtaga tashlangandi.

Mazkur norozilik to‘lqinidan so‘ng “O‘zavtosanoat” narxlar oshirilishi vaqtincha to‘xtatilishi e'lon qilishga majbur bo‘lgandi.

Ammo shundan keyin dilerlar yangi narxlarni kutib, aholiga avtomobil sotishni butunlay to‘xtatib qo‘ydi. Natijada mahalliy ikkilamchi bozorda mashinalar sezilarli qimmatlashdi.

O‘shanda ko‘pchilikning e'tirozi sabab bo‘lgan holatlardan biri mamlakat antimonopoliya idoralarining bu narx o‘sishiga umuman e'tibor qaratmagani bo‘ldi.

Bu idoralar avtomobil narxining yangidan oshirilishi to‘g‘risidagi so‘nggi qarorga ham munosabat bildirishni hali ham o‘ziga ep ko‘rgani yo‘q.

GM Uzbekistan saytida e'lon qilingan yangi prays-listga ko‘ra, endi Captiva 260,4 mln so‘m ($33,3 ming), Damas DLX – 62,8 mln so‘m ($8 ming), Lacetti SX esa 107,2 mln so‘mdan ($13,7 ming) sotiladi.

Mashinalar narxi oshirilgani bu safar na ijtimoiy tarmoqlarda, na mahalliy matbuotda jiddiy munozaraga sabab bo‘lmadi.

Buni narxlarning avval e'lon qilinganidek 14 foiz emas, 7,7 foiz oshirilgani, ayrim ommabop mashinalar narxi o‘zgarishsiz qoldirilgani bilan izohlasa bo‘ladi.

Lekin bu sohada hali javobi topilmagan savollar anchagina. Jumladan, nega mahalliy bozordagi monopolist GM Uzbekistan ning moliyaviy ahvolini yaxshilash iste'molchilar, ya'ni xalqning hisobidan amalga oshirilishi kerak, degan masala hamon ochiq qolyapti.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 yanvar 2020
O‘zbekiston so‘nggi yillarda tobora ko‘proq oltin sotmoqda. Shunga qaramay, mamlakatning tashqi savdo aylamasida salbiy saldo hajmi oshib boryapti.  Masalan, ...
16 oktyabr 2023
Rossiya qo‘shni davlatlar, jumladan O‘zbekiston orqali sanktsiyalarni chetlab o‘tayotgani, Ukrainaga qarshi ishlatilyotgan qurol aslahalarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan detallar topilgani ...
18 may 2021
“Eltuz”ga yaqin va bir-biridan mustaqil manbalarning xabar berishicha, O‘zbekistonga go‘yoki yirik investitsiyalarni amalga oshirish uchun kirib kelgan oligarx Fattoh ...
24 yanvar 2020
Prezident Mirziyoev 2020 yilni «Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili», deb e'lon qildi. Prezident Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisning Senati ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...