Asosiy mavzular
20 noyabr 2018

Davlat xizmatlari haqi nega qimmat?

Prezident Shavkat Mirziyoevning eng katta islohotlaridan biri aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan yaxshilash bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Hozir Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan aholiga yuzdan ortiq turli xizmatlar taqdim etilmoqda. Eng asosiysi, bu xizmatlarni my.gov.uz sayti orqali internet vositasida olish imkoniyati mavjud.

Hammasi yaxshi-yu, ayrim davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan xizmat narxining qimmatligi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lyapti.

Ilgari yashash joyi haqida ma'lumotnoma olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini raisi yoki kotibiga ikki ming so‘m bersangiz, ishingiz bitardi.

Hozir esa buning uchun 20 ming so‘mdan ko‘proq xizmat haqi to‘laysiz. Odam ko‘p bo‘lsa, yana ancha vaqt navbat kutishga ham to‘g‘ri keladi.

Yaqinda Ma'rufga chet elga chiqish uchun sudlanmaganlik to‘g‘risida ma'lumotnoma olishga to‘g‘ri keldi.

“Ma'lumotnomani internet orqali olmoqchi bo‘ldim. Elektron raqamli imzo olishning to‘lovi eng kam ish haqining 10 foizini tashkil etadi”, deydi Ma'ruf “Eltuz” bilan suhbatda.

Bu elektron imzo ikki yil davomida amal qiladi. Agar u yo‘qotilsa, boshqatdan olishga to‘g‘ri keladi.

My.gov.uz sayti ma'lumotlariga ko‘ra, ERI kalitini istalgan davlat soliq inspektsiyasidan olish mumkin. Bu yerga talabgor shaxsan boradi va unga ERI kaliti sertifikati beriladi.

Ma'ruf ham shunday qilganidan so‘ng sudlanmaganlik haqida ma'lumotnoma olish uchun o‘zi haqidagi ma'lumotlarni internet orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yubordi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ma'lumotnoma olish uchun yana qo‘shimcha 20 ming so‘mdan ortiq xizmat haqi to‘lashiga to‘g‘ri kelgan.

“Hozir ko‘p joylar turli ma'lumotnomalar so‘rashadi. Ularni olish osonlashgan bo‘lsa-da, narxi qimmatligi ko‘pchilikka malol kelyapti”, deydi Ma'ruf.

Davlat xizmatlari agentligidan ayrim hujjatlarni olish uchun da'vogarning shaxsan borishi talab etiladi. Shuning uchun bu yerda ko‘pincha navbatlar yuzaga kelishi kuzatiladi.

Bunday paytda shoshib turganlar yuz ming so‘mdan ko‘proq pul to‘lab, o‘ziga kerakli hujjatni navbatsiz, tezlashtirilgan tartibda olishi mumkin.

Bu ham qonuniy. Lekin hamma ham buncha pul to‘lab, hujjatlarni navbatsiz olish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun ba'zan navbatda turganlar va pul to‘lagani uchun navbatsiz xizmat ko‘rsatilayotganlar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqish holatlari ham kuzatiladi.

Ayrimlar bu holatni jamiyatni tabaqalashtirish sifatida baholamoqda. Puli borning ishi oson bitadi, puli yo‘q esa sarg‘ayib navbatda turaveradi.

Qolaversa, xizmat haqining katta ekani bir so‘mini ham hisoblab ishlatadiganlar uchun og‘irlik qilishi turgan gap.

Shuning uchun balki hukumat xizmat haqlari qiymatini aholining daromadiga moslab qayta ko‘rib chiqishi kerakdir?

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 noyabr 2023
Eltuz portaliga yo‘llangan navbatdagi beshta maktubni o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridan kelgan. Dastlabki shikoyat Qashqadaryo ...
12 fevral 2019
Bugun Toshkent metropolitenidan foydalanayotgan yuz minglab vatandoshlarimiz yana shu savolga javobni bilishga haqli. Lekin metropoliten rahbarlari nega bir necha ...
10 iyun 2023
2010 yilning 9 iyunidan 10 iyuniga o‘tar kechasi Qirg‘iziston janubida ommaviy qotilliklar boshlandi va uning qurbonlari asosan mahalliy o‘zbeklar ...
9 noyabr 2020
Yaqinda O‘zbek milliy akademik drama teatriga Nazar Eshonqul qalamiga mansub “Jaloliddin Manguberdi” spektaklini tomosha qilgani bordim. Bu yangi mavsumning ochilishi edi.  Karantinchilikdan zerikkan barcha ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...