Asosiy mavzular
21 yanvar 2019

Odilboyning ozodlikka chiqishi Mirziyoevning tashvishini kamaytirdi

Zeromax kompaniyasining sobiq rahbari Mirodil Jalolovning ozodlikka chiqarilishi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Germaniyaga rasmiy tashrifiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Mazkur safar oldidan paydo bo‘lgan xabarlar yana shunday taxminni dadil ilgari surishga imkon beradi.

Prezidentning Germaniyaga borishi haqida ma'lum bo‘lganidan so‘ng bir qancha nemis kompaniyalari bu tashrifdan Zeromax dan o‘z qarzlarini undirishda foydalanish harakatiga tushib qolgan edi.

Germaniyaning yirik nashrlaridan biri Süddeutsche Zeitung (Zyuddoyche Tsaytung) gazetasi nemis shirkatlari o‘n yildan buyon Toshkentdagi Anjumanlar saroyi va “Bunyodkor” stadioni qurilishidagi ishtiroki uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 130 million yevro mablag‘ni ololmayotganini yozdi.

Shu bilan birga, bu mablag‘ni undirish ishiga bundestag a'zosi Renata Alt ham qo‘shilib, Germaniya federal hukumatiga prezident Mirziyoev bilan uchrashuvda qarzlar masalasini ko‘tarish yuzasidan so‘rov jo‘natgani bildirildi.

E'tiborlisi, Mirodil Jalolov qamoqdan ozod qilinishi bilan nemis kompaniyalari oldidagi qarzdorlik masalasi o‘z-o‘zidan hal bo‘ldi.

Bu kompaniyalar manfaatlarini ifodalayotgan tadbirkor Valdemar Kisner “Ozodlik” bilan suhbatda eski qarzlar masalasida O‘zbekistonning yangi rahbariyatiga talabi yo‘qligini ma'lum qildi.

Qolaversa, u Zeromax ning nemislar oldidagi qarzi miqdoriga ham oydinlik kiritdi. Bu qarzdorlik 130 million yevro emas, balki 72 million yevroni tashkil etadi.

O‘zbekiston hukumati ilk bor kreditorlarning ozodlikka chiqqan Mirodil Jalolov bilan uchrashuviga ham ruxsat berdi.

“Men Mirodil Jalolov bilan Toshkentda uchrashdim. U bilan muzokaralar o‘tkazdim… O‘zbekiston hukumatiga huquqiy tarafdan ham, ma'naviy tarafdan ham e'tirozu shikoyatimiz yo‘q. Shu bois, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Germaniyaga kelganida bu masala kun tartibiga kiritilmasligini istaymiz”, degan Valdemar Kisner.

Intervyuning e'tiborni tortadigan jihatlaridan biri aynan shu so‘zlarda. Ya'ni nemis tadbirkorlari Germaniyaga otlangan o‘zbek delegatsiyasiga mazkur qarzdorlik sababli bosim o‘tkazish urinishlarini bas qilgan.

Buning evaziga, birinchidan, O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralarda nemis kompaniyalari mamlakatdagi yangi qurilish loyihalariga ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishga erishdi.

Ikkinchi tomondan, Mirodil Jalolovning ozod etilishi ularning o‘z pullarini qaytarib olishini ta'minlashi ehtimoli ham oshdi.

Bunday deyishga to‘liq asos bor. Zero, o‘tgan yilning oktyabrida Zeromax sobiq rahbarining rafiqasi Fotima Jalolovaga tegishli ekani aytiladigan feysbukdagi sahifada 2016 yilda Jalolov o‘ziga aktivlaridan biri qoldirilsa, kreditorlarning talablarini bajarishni kechiktirish yoki ularning ayrimlari bilan kelishuvga erishishga va'da bergani yozilgandi.

F.Jalolova o‘z eriga nisbatan yangi ayblovlar ilgari surilayotgani sababli shunday faktlarni oshkor qilishga majbur bo‘layotganini bildirgandi.

Voqealar rivoji nemis shirkatlarining qarz masalasiga O‘zbekistonning yangi rahbariyatini aralashtirish niyatidan qaytishiga Mirodil Jalolovning ozodlikka chiqarilgani ham muhim rol o‘ynaganini ko‘rsatadi.

Bu bilan Mirziyoevning Germaniyaga tashrifi arafasida o‘zbek rasmiylari kamida ikkita ijobiy maqsadga erishishiga yo‘l ochildi.

Birinchidan, uzoq yillar boshog‘riq bo‘lib kelgan qarzdorlik masalasida tomonlar uchun maqbul yechim topildi.

Ikkinchidan, nemis investorlarining O‘zbekiston hukumatiga ishonchini tiklash, demakki, mamlakatga yangi sarmoyalar kelishiga zamin yaratildi.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 fevral 2018
Istanbuldagi Otaturk qo‘nalg‘asida 1 kilo 75 gramm qoradorini Toshkentga olib ketayotgan 35 yashar O‘zbekiston vatandoshi S.K ushlandi. Turkiyadagi «Hurriyat» ...
9 dekabr 2019
Abduvali Qutbiddin 8 dekabr kuni 59 yoshida Toshkentda vafot etdi. Zamondoshlari nazdida u o‘zbekning dalli bir shoiri edi. Undan ...
10 noyabr 2015
Akmal Nabiev Eltuz.com Qish mavsumi yaqinlashgani sabab keyingi paytlarda o‘zbeklar muhokama qilayotgan asosiy mavzulardan biri uyni isitish, qanday qilib ...
22 fevral 2018
O‘zbekiston prokuraturasi matbuot bo‘limi xodimi 23 fevral kuni telefonda «Eltuz» muxbiriga Qodirovning qamoqqa olinmaganini, boshqa yana bir manba esa ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...