Asosiy mavzular
12 fevral 2019

Tashkent City qurilishi metro uchun qanchalik xavfsiz?

Bugun Toshkent metropolitenidan foydalanayotgan yuz minglab vatandoshlarimiz yana shu savolga javobni bilishga haqli.

Lekin metropoliten rahbarlari nega bir necha oydan buyon metroning “Xalqlar do‘stligi” va “Paxtakor” bekatlari oralig‘ida poezdlar odatdagidan sekin harakatlanishining asl sababini yashirib kelmoqda?

O‘tgan yilning sentyabrida bu bekatlar oralig‘ida poezdlar harakati sekinlashganiga sabab mazkur uchastkalarda shpallar va relslar almashtirilayotgani ekanini ma'lum qilgan edi.

Shu bilan birga, bu ishlar 5-10 kunda nihoyasiga yetkazilishi bildirilib, yo‘lovchilarning ko‘ngli tinchlantirilgan edi.  

“Metro sostavlarining sekinlashishi 5 kundan 10 kungacha davom etadi, yo‘lovchilarning bezovta bo‘lishiga hech qanday sabab yo‘q”,- degandi o‘shanda Toshkent metropoliteni mulozimi.

Biroq oradan 5 oydan ko‘proq vaqt o‘tsa hamki, poezdlarning harakati odatdagi maromga tushmadi. Bu esa turli shov-shuvlarni keltirib chiqarmoqda.

Jumladan, poezdlarning sekinlashuviga sabab Tashkent City qurilishi paytida tunnelga shikast yetganidir, degan gap-so‘zlar ham tarqaldi.

Ammo bu mish-mishlar Tashkent City ma'muriyati tomonidan ham, metropoliten mulozimlari tomonidan ham rad etib kelinmoqda.

“Eltuz” o‘z manbalari orqali bu savolga javob topishga harakat qildi. Ma'lum bo‘lishicha, metroning poezdlar sekinlashayotgan uchastkasida, metropolitendagi manbaning aytishicha, yoriqni mustahkamlash ishlari olib borilayotir.

“Hozir bu yoriqni bartaraf etish maqsadida mustahkamlash ishlari olib borilyapti. O‘sha uchastka temir tirgaklar yordamida mustahkamlanyapti”, dedi manba “Eltuz” bilan suhbatda.

Haqiqatan ham poezd sostavlari sekinlashadigan uchastkada tunnel devorlariga temir tirgaklar o‘rnatilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Faqat devorning bir tomonidagina kamida 10 ta shunday tirgak o‘rnatilgan.

Lekin “Eltuz” manbasi tunnel devorining yorilishiga nima sabab bo‘lganini aniq ayta olmasligini bildirdi.

“Tashkent City qurilishida og‘ir texnikalar ishlayapti. Bundan tashqari, baland binolar qurilayotgani sababli ularning poydevori ham chuqur olinadi. Hozir poydevor uchun chuqur qazilgandan so‘ng 14 metrlik uzun beton xodalar ham yerga qoqib chiqilyapti. Balki shular ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu faqat mening taxminim, xolos. Hatto bizga ham yoriq paydo bo‘lganining asl sabablari aytilayotgani yo‘q”, dedi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, metropoliten xizmatchilari o‘zaro gurunglarda bu nosozlikni “yoriq” deb aytadi. Aslida bu tunnelning cho‘kishimi yoki haqiqatan ham qandaydir yoriqmi, mazkur holat Tashkent City qurilishiga qanchalik bog‘liq, buni ko‘pchilik bilmaydi.

Ko‘pchilik, jumladan, yuz minglab yo‘lovchilarga ham aniq ma'lum qilinmayotgan bu nosozlik aslida nima ekanligini ochiqlash turli ortiqcha gap-so‘zlarga chek qo‘yadi.

Shunga qaramay, hozircha birorta rasmiy bunga jur'at etmayapti.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 dekabr 2019
– Unday bo‘lsa, yaxshilab eshiting. Sizlar, ya'ni 159 lar uchun zonada alohida rejim o‘rnatilgan. Siyosiy va dindorlar bir-birlari bilan aloqa ...
1 noyabr 2016
2002 yilda kanadalik o‘spirin Kristofer Xervig (Christopher Herwig) sobiq sovet respublikalaridan o‘tadigan velosiped poygasida qatnashganida ilk bora sovet rassomi ...
1 may 2016
O‘zbekistonda eng oliy hukumat izni bilan yagona monopolist pereferentsiyasi berilgan «General motors» ustamalariga boshqa «o‘g‘riboshi» egalik qilishi rejalangan ko‘rinadi. ...
25 sentyabr 2015
“Dalani ko‘rishga borgan o‘zbek huquqboni tahqirlandi” degan tagsarlavhani ko‘rganlar, pinak buzishmaydi, chunki O‘zbekistonda har yili paxta terilishi, tag‘in butun ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...