Asosiy mavzular
13 yanvar 2020

Fermerlarni xonavayron qilayotgan klaster

Uchko‘prik tumanidagi bir guruh fermerlar prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan klaster tizimi o‘zlarini xonavayron qilayotganidan shikoyat etishdi.

Bu muammoni hal etish yuzasidan tuman fermerlari mamlakat prezidenti, bosh vaziri, Senat va DXX raislari, bosh prokuror, adliya vaziri, biznes ombudsmanga ariza bilan murojaat qildi.

Nusxasi “Eltuz”ga ham yetib kelgan ushbu arizada yozilishicha, unitar korxona shaklidagi “Real trans logistik” klaster korxonasi uchko‘priklik fermerlardan paxta xomashyosi uchun 26 milliard so‘m qarzdor bo‘lib turibdi. 

Tumandagi qariyb 180 ta fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzgan ushbu klaster fermerlarga selektsion naviga qarab har bir tonna paxta xomashyosi uchun o‘rtacha 4 million so‘mdan to‘lab berish majburiyatini olgan. 

Shartnomada fermerlarning haqi 2019 yil 31 dekabrgacha to‘lab berilishi belgilangan. 

Fermerlar rejadagidan 1500 tonna ortiqcha paxta xomashyosi topshirganiga qaramay, “Real trans logistik” UK fermerlarning 26 milliard so‘m mablag‘ini to‘lamay kelmoqda. Har bir fermerning haqdorligi o‘rtacha 150-200 million so‘mga to‘g‘ri keladi.

Natijada fermerlar quyidagi muammolarga duch kelmoqda:

  • O‘z haqini vaqtida ololmasligi hisobiga fermerlar yil boshida olingan bank kreditini to‘lay olmay, ortiqcha penya va jarimalarni to‘lash majburiyati ostida qolmoqda. 
  • Hozirgi kunda o‘rtacha 40-65 million so‘m soliq qarzdorligiga ega fermerlar ortiqcha penya va jarimalar to‘lash tahdidi bilan to‘qnash kelmoqda. Tumandagi fermerlarning soliq qarzdorligi o‘rtacha 7-8 milliard dollarni tashkil etadi. 
  • Lizingga texnika olgan fermerlar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshira olmayotgani sababli ulardan ajralib qolishi mumkin.
  • Fermer xo‘jaliklarida ishlaydigan 10-11 ming ishchining oylik ish haqlari vaqtida to‘lanmasdan qolmoqda. Bu esa aholining noroziligini keltirib chiqaryapti.
  • Yoqilg‘i uchun mablag‘ yo‘qligi sababli 2020 yil hosili uchun tayyorgarlik ko‘ngildagidek emas.
  • Fermerlar 2020 yilgi g‘alla hosili uchun ajratilgan kreditlarni xuddi shu yilgi paxta rejasiga ajratilgan maydonlarni shudgorlashga sarflashga majbur bo‘layotir. Bu esa ortiqcha qarzdorliklarni yuzaga keltirmoqda.

Fermerlar mavjud muammolar yuzasidan tuman hokimi, prokurori, IIB, soliq inspektsiyasi, adliya bo‘limi boshliqlariga qilingan murojaatlar javobsiz qolganidan norozi. 

Aksincha, arizada yozilishicha, ular fermerlarning emas, klasterning manfaatlari yo‘lida harakat qilmoqda. 

Ajablanarlisi shundaki, arizadan ma'lum bo‘lishicha, klasterning na tayinli ofisi, na inventari, na asosiy vositalari mavjud.

Klaster rahbarlari fermerlar bilan solishtirma dalolatnomalarni tasdiqlashdan bosh tortib kelayotir.

“Shunga qaramay, tuman hokimi Akmaljon Mahmutaliev fermerlarga bosim o‘tkazib, majlislar zaliga qamab, fermerlarga pul bermayotgan “Real trans logistik” klasteri bilan majburan yangi shartnomalarni muhrlab berishni talab qilmoqda”, deyiladi fermerlarning arizasida. 

Klaster hisobchisi esa fermerlarning qarzni to‘lab berish talablariga javoban ariza berib ishdan bo‘shagani, klasterning to‘lovga imkoniyati yo‘qligini aytish bilan kifoyalanyapti. 

Uchko‘priklik fermerlar yuqoridagilarni inobatga olib, prezident administratsiyasi va huquq-tartibot organlari xodimlaridan iborat respubika miqyosidagi ishchi guruh tuzish, “Real trans logistik” UK faoliyatini tekshirish va jinoyat ishi qo‘zg‘ash, 26 milliard so‘m qarzdorlikni undirib berish, soliq va kredit uchun hisoblangan ortiqcha penya va jarimalarni bekor qilish talabini ilgari surmoqda. 

Ular “firibgar klaster korxonasi o‘zlarining ishonchini butunlay yo‘qotganini” bildirar ekan, amaldagi qonunchilik asosida boshqa korxona bilan shartnoma tuzish imkoniyati berilishini so‘ragan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 sentyabr 2021
Falsafaning katta bobosi Heygel “Bir daryoga ikki marta tushib bo‘lmaydi”, degan edi. Ammo bir kontsertning o‘zida korruptsioner hokimlar ikki ...
8 aprel 2019
So‘nggi vaqtlarda tadbirkorlik sub'ektlariga tegishli bo‘lgan mulkning Milliy gvardiya foydasiga tortib olinayotgani bilan bog‘liq ikkita mojaro kuzatildi. Bularning birinchisi ...
1 may 2015
Bugun olamdan o‘tgan Ro‘zi Nazar aka biz kabi temir parda ortida yashagan turkistonliklarga ta'sir o‘tkazgan yalovbardor edi. U kishi ...
8 yanvar 2022
Hikoyamiz qahramoni qirq bilan ellik orasidagi dehqonobodlik yigit. Toshkentning eski pedinstitut yaqinidagi Bobur ko‘chasida, to‘rt qavatli g‘ishtin uylardan birida ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...