Asosiy mavzular
24 sentyabr 2020

O‘zbeklar to‘g‘onning halokatli o‘pirilishidan so‘ng javobgarlik va barqarorlikni izlamoqda

O‘zbekiston, Sirdaryo viloyati.

Ba'zi to‘g‘onlar ming yillab xizmat qiladi. Ammo Sardoba qurilganidan so‘ng atigi uch yil o‘tib, 1 may kuni qulab tushdi. Paydo bo‘lgan suv toshqini O‘zbekiston va Qozog‘istonning 35000 gektardan (86486 akr) oshiq yer maydonlaridagi qishloqlarni yuvib yubordi.

Mariya hamda uning oilasi toshqin ularning uyi va bor-budini oqizib ketishidan bir necha daqiqa oldin qochib qutulishga ulgurdi.

«Biz hamma narsani yo‘qotdik. Hech narsamiz qolmadi. Men bitta kiyimda qoldim», deydi 65 yoshli keksa ayol. Uning ovozi titrar, ko‘z yoshlari horg‘in yuziga oqib tushardi.

U Sirdaryo viloyatining Qo‘rg‘ontepa qishlog‘idagi maktab binosi panjarasi ortida turibdi. Bu joyni uning oilasi qatori 200 nafardan ortiq odam endi o‘ziga boshpana qilgan.

«Ular bizni bir joydan ikkinchi joyga jo‘natishyapti. Charchab ketdik. Men hatto kimdan yordam so‘rashni ham bilmayman. Hech kim bizning qay ahvolda yashayotganimizni tekshirib ham kelmaydi. Ovqatlar yaxshi emas, havo sovugan, kiyimlarimiz esa yetarli emas, – deydi u.

– Qanday qilib ular bizga buni ravo ko‘rishlari mumkin? Ayrim xonalarda ikkita oila yashaydi. Hatto urush davrida ham bunday bo‘lmagan. Ular millatni xo‘rlayapti”.

Falokat oqibatida olti kishi hayotdan ko‘z yumdi, O‘zbekiston va Qozog‘istonda 100 ming kishi vaqtincha ko‘chirildi.

Fojea ko‘lamiga qaramay, so‘nggi to‘rt oy ichida mahalliy mansabdorlar jabrdiydalarning yomon munosabat haqidagi shikoyatlari va falokat sabablarini tekshirish borasida jurnalistlarga to‘sqinlik qildi.

Bir necha mahalliy muxbir voqea ustida ish olib borayotganida qo‘rqitish va tahdidlarga duch kelganini va ulardan kamida bittasi ishsiz qolganini aytmoqda.

Davlatga tegishli O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAda ishlagan Anora Sodiqova Sardobaga borganida rasmiylarning aholini ommaviy axborot vositalari bilan gaplashmaslik haqida ogohlantirayotganini eshitib qoladi. U Toshkentga qaytib kelgach, Facebook da o‘zi guvohi bo‘lgan narsalar haqida xabar berdi. Ko‘p o‘tmay u ishdan bo‘shatildi.

«Ular bizga faqat yupqa to‘shaklar berishdi, biz tunda sovqotyapmiz».

Qo‘rg‘ontepa maktab binosi oldini bir guruh militsionerlar qo‘riqlashadi.

Ko‘chirilgan aholining hech biri binolarni tark eta olmaydi. Qo‘riqchilar bu karantin hududi ekanini, tirik qolganlar uchun vaqtinchalik uy emasligini ta'kidlamoqda. Ammo ular darvoza oldida yig‘ilgan odamlarning gapirishlariga to‘sqinlik qila olmaydi.

«Ular bizga faqat yupqa to‘shaklar berishdi, biz tunda sovqotyapmiz. Bolalarimizning kiyimi yo‘q, ular maktabga bormayapti. Nima qilishni ham bilmayman, – deydi nafaqaxo‘r Asal.

– Men bu yerga butun oilam, jami 16 kishi bilan keldim. Ilgari katta uyimiz bor edi. Endi hukumat menga kvartira berishni va'da qildi, ammo bolalarim hech narsa olishmaydi».

Hukumatning rasmiy veb-saytiga ko‘ra, iyul oyi oxiriga qadar 16000 dan ortiq odam hali ham vaqtincha yashash joylarida, shu jumladan, 2000 dan ortiq kishi maktab kabi jamoat binolarida yashagan.

Ko‘chirilganlarning aksariyati hukumatdan yangi turar joy oladi.

Ko‘pchilik jabr ko‘rganligi uchun tovon puli ham olgan. Ammo ular yana qancha muddat vaqtinchalik binolarda yashashlari kerakligi noaniq.

Bobur aholisiga omad kulib boqdi – uylari toshqindan omon qoldi. Hukumat ularni oldindan ogohlantirib, suv toshqini uylari, bog‘lari va chorvasini yuvib ketguniga qadar o‘z vaqtida chiqib ketishgan.

Ular bir haftadan so‘ng yangi olamga qaytishdi. Ularning uylariga zarar yetgan, mudroq ko‘chalar hali ham suvga to‘la va hojatxonalarning bo‘g‘uvchi hidlari qishloqning eng chekka joylarigacha tarqalib ketgandi.

70 yoshli nafaqaxo‘r Gulmurod Hokimov va uning 14 kishilik oilasi katta uyi va tomorqasidagi zararni ko‘zdan kechirmoqda.

Ularning mollari omon qoldi, ammo devorlarning aksariyati yorilib ketgan, suv uyning poydevoriga jiddiy zarar yetkazgan.

Ammo zararni baholash uchun mas'ul bo‘lgan rasmiyning tashrifi ularga umid bag‘ishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uylarini tiklashda yordamga muhtojlar 4000 AQSh dollariga teng pul oladi.

Tez orada barchasi ma'lum bo‘ldiki, ko‘plab qishloq ahli va'da qilingan mablag‘ni hech qachon ko‘rishmaydi.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, faqat mahalliy komissiyaga aloqasi bo‘lgan qo‘shnilari va katta pora to‘lashni istaganlar uylarini tiklashga muvaffaq bo‘lishdi.

“Biz charchadik. Men endi rasmiylarga ishonmayman, – deydi Hokimov o‘nlab qo‘shnilari qurshovida o‘z taqdirini baham ko‘rar ekan. – Bizning uyimizdan hech kim ishlamaydi. Odatda biz dalada ishlardik, ammo bu yil toshqin barcha ekinlarni payhon qildi. Mening nafaqamdan boshqa tushum yo‘q. Xotinim kasal. Hayot og‘ir. Biz faqat non sotib olamiz”.

Shahar aholisidan biri unga mahalliy amaldor telefon qilganini aytadi. Agar ushbu material e'lon qilinmasa, unga tovon puli to‘lashni va'da qilibdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev falokat sabablarini o‘rganish uchun komissiya tuzib, uning tarkibiga o‘z vaqtida suv omborini qurish uchun mas'ul bo‘lgan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va senator Abdug‘ani Sanginov kabilar kiritildi.

2019 yilda O‘zbekiston Transparency International ning korruptsiyani idrok qilish indeksida 180 ta davlat orasida 153-o‘rinni egalladi.

Sardoba to‘g‘onini qurishda korruptsiyani isbotlovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar mavjud emasligiga qaramay, ekspertlar uning uch yildan so‘ng qulab tushishi bejiz emas, deb hisoblashadi.

«Ochiq manbalarda qurilish uchun qanday shartnomalar tuzilgani to‘g‘risida ma'lumot yo‘q. Ikkinchidan, korruptsiya uchun jazoga tortilmaslik muhiti mamlakatda ustunlik qiladi, – deydi London universiteti SOAS ilmiy xodimi Alisher Ilhomov.

– Biz ushbu qonunbuzarliklarning barchasi daromadli shartnomalarni olish uchun (pora) pulni qaytarib olish natijasida kelib chiqqanmi yoki yo‘qligini hozircha bilmaymiz, shuning uchun byudjetda standart, loyihalash va qurilish me'yorlariga qat'iy rioya qilish uchun mablag‘ qolmadi. Biroq bir qator belgilar, ayniqsa, qurilish sohasidagi shunga o‘xshash ko‘plab loyihalarda bo‘lgani kabi pulni qaytarib olish amaliyoti ildiz otgani shubhani kuchaytiradi».

Nashr qilingan vaqtga qadar hukumat vakillari Al-Jazira telekanalining izoh talabiga javob berishmagan.

Rasmiy tekshiruvning dastlabki natijalari to‘g‘onni loyihalash, qurish va ishlatishda qonunbuzarliklarni ko‘rsatmoqda. Rasmiy manbalarga ko‘ra, hozirga qadar to‘qqiz kishi hibsga olingan.

Ayni paytda Boburga qaytib kelgan Hokimov va uning qo‘shnilari qahraton qishga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

«Uylarni o‘zimiz ta'mirlashga qurbimiz yetmaydi. Hech kim ishlamaydi, – deydi u. – Qishda ahvolimiz ne kechishini o‘ylashdan qo‘rqyapmiz. Uyimiz qulab tushmoqda. Bu yerda yashash xavfli».

Maqola AL JAZEERA nashrida chop qilingan, «Eltuz» tarjimasi

Tag‘in o‘qing
12 aprel 2024
1994 yili akam Shuhrat, ukam G‘ayrat va men Urganch shahrida mustaqil telestudiya tashkil etgan edik. Ochilgan kunidan buyon uni ...
14 mart 2024
MIB Zangiota tumani bo‘limi tomonidan 98,4 mln so‘mlik 435 ta ijro hujjatlari tegishli qonunlarga zid ravishda tugatilib, «MIB portali» ...
20 noyabr 2018
Prezident Shavkat Mirziyoevning eng katta islohotlaridan biri aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan yaxshilash bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Hozir Yagona ...
8 dekabr 2016
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova O‘zbekiston konstitutsiyasi bayramida «hamroz» qo‘shig‘ini ijro qildi. Keyingi 9 yil davomida Usmonova katta sahnadan ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...