Bahodir Fayz: Tog‘li Qorabog‘dagi voqealarga oid kuzatishlarim
BMT Xavfsizlik kengashi Nyu-Yorkda favqulodda yig‘in o‘tkazib, Tog‘li Qorabog‘ nizosini muhokama qildi. Xavfsizlik kengashi Armaniston va Ozarbayjonni «zudlik bilan janglarga chek qo‘yish» va muzokaralarni boshlashga chaqirdi. Tog‘li Qorabog‘ ishg‘ol qilinganiga 30 yil to‘lmoqda, ammo shu paytgacha nizo tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilinmadi.
AQShda yashayotgan publitsist Bahodir Fayz bu mojaro tarixi va yechimlariga oid o‘z mulohazalarini «Eltuz» uchun maxsus yozib berdi.
Bahodir Fayz: Tog‘li Qorabog‘dagi voqealarga oid kuzatishlarim
Armaniston tarafidan qo‘llab-quvvatlangan va hech kim tarafidan tan olinmagan qurolli guruh 30 yildan beri Ozarbayjonga tegishli Tog‘li Qorabog‘ hududida ishg‘olchi o‘laroq turibdi.
Tog‘li Qorabog‘ 90-yillar boshida Moskva dastagi bilan qurollangan armani jangarilari tarafidan ishg‘ol qilingan, Ozarbayjon tarixida “Xo‘jali qatliomi” kabi mash'um fojealar bilan bizning yodimizda. Dunyoning aksar davlatlari va BMT Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjonning huquqiy hududi ekanini tan olib keladi.
Faqat Janubiy Kavkazni nazoratdan chiqarishni istamaydigan Rossiya eski imperiya xayollari bilan mintaqadagi mavjud muammolarni yanada chigallashtirib, inqiroz holiga keltirdi.
26 sentyabr kuni Armaniston tarafidan dastaklangan jangarilarning Ozarbayjon aholi punktlariga hujumi yangi to‘qnashuvlarni boshlab yubordi.
Bu yerda ikkita eng muhim masalani ta'kidlab o‘tsam: Armanistonning bu hujumi vaqti-vaqti bilan ko‘riladigan oddiy chegara mojarolariga o‘xshamaydi.
Ikkinchidan, 1990 yillardan farqli o‘laroq, bu safar Ozarbayjon aniq harbiy ustunlikka ega, agar Rossiya aralashmasa. (Isroil va Turkiyada ishlab chiqarilgan dronlar urushda Ozarbayjonning havodagi ustunligini ta'minlaydi. Bundan tashqari, muntazam qo‘shinlarda 66 ming askar bor. Og‘ir artileriya, xususan, 500 tank mavjud).
Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari 21 va 26 sentyabr kunlari «Kavkaz-2020 mashqlari» deb nomlangan yirik mashg‘ulot o‘tkazdi. 80 ming shaxsiy tarkib, 250 ta asosiy jangovar tankr, 450 ta zirhli texnika, 200 ta to‘p va raketa tashuvchilar, jangovar samolyotlar qatnashdi.
Tatbiqotda havo hujumidan mudofaaga mo‘ljallangan S-400 va S-300 ishlatildi.
Mashg‘ulotda sobiq ittifoq respublikalarining ramziy qo‘shinlari ham qatnashgan, ammo mashg‘ulotning bir qismi Armaniston hududida o‘tkazilgan, general Tigran Parvanyan qo‘mondonligidagi arman kuchlari mashg‘ulotda faol qatnashgan.
Ozarbayjon esa Moskvaning bu tatbiqot taklifini qabul qilmadi.
Ozarbayjonning Rossiya taklifiga rad javobi, nazarimda, Putinni g‘azablantirgan ko‘rinadi.
Armaniston sentyabr oyining boshidan Ozarbayjonga qarshi 1994 yildan beri amal qilib kelinayotgan sulh tartibini buzdi. Rossiya mashg‘ulotlarining so‘nggi kunida Armaniston Tog‘li Qorabog atrofida hujumlar boshladi.
Rossiya mashg‘ulotlarining rasmiy asosi «aksilterrorchilik faoliyati» edi. Ammo og‘ir qurollar va S-400 lar shuni ko‘rsatadiki, Putin kuchini namoyish qilib, Kavkazning o‘zining “orqa bog‘chasi” ekanini ko‘rsatmoqchi.
Xullas, bu hujumlarning orqasida Putin “shou” turibdi.
Ammo Ozarbayjon endilikda sovet imperiyasi tarkibida bo‘lgan «sodiq mustamlaka» davlat emas.
Bugungi Ozarbayjon neft daromadlari bilan mustahkamlandi, armiyasini modernizatsiya qildi, qurol tizimlarini Rossiya monopoliyasidan ozod qildi.
Albatta, sobiq imperiya xayollarini qurayotgan Putin uchun bu jarayonlar oldi olinishi kerak bo‘lgan bir tahlika edi.
Tariximizdan bilamizki, Chor Rossiyasi ham, Stalin ham «panturkizm» qo‘rquvi evaziga Kavkaz o‘lkalaridagi turklarni tarqatib yuborish va Armanistonni kuchaytirish siyosatini yuritdi.
1914-1918 yillarda Ozarbayjon Respublikasining maydoni 140 ming kvadrat kilometrni tashkil etar edi, sovet hukumati davrida 87 ming kvadrat kilometrgacha qisqartirildi.
Ozarbayjonda va bizning Turkiston o‘lkalarida kirill alifbosiga o‘tildi. Ammo Moskva arman millatchiligini saqlab qolish uchun arman alifbosiga tegmadi.
Turkiya va Ozarbayjon munosabatlari
Sovet ittifoqi qulab, Ozarbayjon mustaqillikka erishgani natijasida Turkiya hukumatlari, jumladan, hozirgi Erdo‘g‘on iqtidori ham har doim Turkiya bilan mushtarak madaniyat, til va qon bog‘i bo‘lgan Ozarbayjon munosabatlarida “ikki davlat – bir millat” strategiyasini qo‘llab keldi.
Turkiya uzoq yillardan beri Ozarbayjon bilan iqtisodiy hamkorlik bilan birgalikda harbiy sohalarda, jumladan, Ozarbayjon armiyasini zamonaviy dronlar, harbiy texnologiya bilan ta'minlab turdi.
Turkiya va Ozarbayjonning mudofaa sohasidagi bu strategik hamkorligi, Shimoliy Kavkazning chuqurlashib borayotgan strategik muvozanati Moskva va Yerevan uchun xavotirli bo‘lib qoldi.
Bu muvozanat 20-asrning boshlarida bo‘lgani kabi 21-asrning boshlarida ham rus va arman paranoyyasiga sabab bo‘lib keldi.
Bu ittifoq tamallari faqatgina qardoshlik bog‘lari bilan emas, balki tarixiy Usmonli Turkiya-Ozarbayjon taqdiri bilan chambarchas bog‘liq edi.
Turkiya uchun Ozarbayjon Turkiyaning sharqiy darvozasi, Turkiya esa Ozarbayjon uchun g‘arbiy darvoza hisoblanadi.
Bugun Turkiya Tog‘li Qorabog‘ masalasiga imkoni doirasida diplomatik dastak bermoqda.
Albatta, Turkiya davlat ongi shuni talab qiladi. Baxtimizga Turkiya bor.
Ammo bizning mustaqil deb ataydigan turk davlatlari qardosh Ozarbayjonga dastak bo‘lishlari kerak.
Ozarbayjon, Qorabog‘ masalasi butun turk dunyosi va Turkiston turklari masalasi bo‘lishi kerak. O‘zbekiston, Qozog‘istondan Tatariston, Yoqutiston turklariga qadar…
Turk jumhuriyatlari iqtisodiy masalalarda, nafaqat pul kerak bo‘lganda qardosh ekanligini eslamasligi, balki har doim, jadidchi bobolarimizdan Ismoil Gaspirali aytganidek, “tilda, fikrda, ishda birlik” bo‘lishlari kerak.
Biz uchun turklarning yaxlitligi va ittifoqining davomiyligi muhimdir.
Buyuk turk faylasuf shoiri Ziyo Ko‘kalp aytgan kabi: «Barcha turklar bir armiya, jangda qatnashmagan qochoqdir. Qadim yozuvlarda aytilgan kabi urushdan qochgan olchoqdir»