Asosiy mavzular
23 oktyabr 2017

Sharof Rashidov «haqiqati» yolg‘on bilan tiklanadimi?

Sovet O‘zbekistonini uzoq yillar boshqargan Sharof Rashidov shaxsiga har xil baho berish mumkin.

Kimdir uni respublikani ruslashtirish, paxta monopoliyasini kuchaytirish siyosati boshida turgan rahbar sifatida uncha xush ko‘rmaydi. Ko‘pchilik esa adolatli, xalqparvar, O‘zbekistonni industriyalashtirishga juda katta mehnati singgan inson sifatida hurmat qiladi.

O‘zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirziyoevning yubileylarni belgilash ma'nosidagi ilk farmonlaridan biri aynan Sharof Rashidovning 100 yilligini keng nishonlash haqida bo‘lgan edi.

Ayni paytda, butun mamlakat bo‘ylab mana shu yubiley bahona turli-tuman tadbirlar o‘tkazish avj olgan.

Mana shu fonda bu mavzudan ayrimlar eski inertsiya ta'sirida marhum prezident Islom Karimovga hamdu sano o‘qish maqsadida foydalanib qolayotganga o‘xshaydi.

«Dunyo o‘zbeklari» saytida «Haqiqatning tiklanishi» sarlavhasi ostida e'lon qilingan maqolada ana shu maqsad bilan bir qatorda bugungi davlat rahbariga paxta qo‘yish ko‘zlanayotganiga shubha qilmaydi uni o‘qigan kishi.

Zero, unda tanganing bir tomoni shunday ta'riflanganki, boshqa tomonini esdan chiqartirishga urinishning hidi keladi.

O‘zini YuNYeSKO qoshidagi Antik dunyo akademiyasi doktori va professori sifatida tanishtirgan muallif marhum prezident Islom Karimov Sharof Rashidovning nomini oqlashda asosiy shaxs bo‘lganini uqtiradi.

Avvalo, tilga olingan akademiyaning narxi qanchaligini internetni bir titkilab bilish olish mumkin. Bu akademiya doktorining yozganlari ham shu darajada desa bo‘ladi.

Xullas, maqolada I.Karimov 1992 yil 2 mayda Jizzaxga borganida Sh.Rashidovning 75 yillik yubileyini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgani va katta tantanalarga bosh bo‘lgani ta'kidlanadi.

Bir qiziq nuqta e'tiborni tortadi. Viloyat rahbarining o‘rinbosari bo‘lmish shaxs bu tashabbusni eshitib, «hali ham Moskvada Sh.Rashidov nomiga aytilayotgan noo‘rin gaplar to‘xtagani yo‘q, qanday bo‘larkin», degan emish.

Bu O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan sakkiz oy o‘tib aytilayotgan gap. Yana kimsan viloyat rahbarining birinchi o‘rinbosari og‘zidan chiqyapti.

Aslida bundan keyingi gaplar o‘sha voqea maqolaga I.Karimovning Moskvadan «qo‘rqmas»ligini ko‘rsatish uchun tiqishtirilganidan dalolat beradi.

«Biz endi mustaqil davlatmiz, Moskvaga qarab o‘tiradigan paytlarni esdan chiqaringlar. Biz Sh.Rashidovni yubileyini nishonlaymiz va shu bilan millat bo‘yniga osilgan nohaq tavqi lanatlarni olib ham tashlaymiz, degan edi o‘shanda I.Karimov», deydi muallif.

Muallif bu yubiley zo‘r tantanalar bilan o‘tgani, unda nufuzli mehmonlar tashrif buyurganini og‘iz ko‘pirtirib esga olgan.

Lekin maqoladan Moskvadan qo‘rqmagan I.Karimov nega keyin Sh.Rashidovning nomidan cho‘chiganini tilga olishni ep ko‘rmaydi.

Nega o‘sha yubiley o‘tganidan so‘ng 25 yil davomida bu shaxs nomi matbuotdan ham, adabiyotlardan ham o‘chirib tashlangani haqida birorta so‘z yo‘q maqolada.

Muallif Sh.Rashidov nomidagi tuman nomi ham go‘yoki parlament tashabbusi bilan keyinchalik nega o‘zgartirilgani masalasini ham ochiq qoldirgan.

Toshkent markazidagi Sharof Rashidov ko‘chasi I.Karimovning buyrug‘i bilan «sunnat» qilingani, ya'ni bir qismi uning xavfsizligini o‘ylab yopib tashlanganiga to‘xtalib o‘tirmagan.

Biz antik dunyo tarixini turli taxminlarga asoslanib o‘zimiz bilganimizcha talqin qilishimiz mumkindir. Bunda qandaydir yolg‘onga yo‘l qo‘ysak ham uzoq tarix bahonasida o‘trik gaplarimizni suvab ketishimiz qiyin kechmaydi.

Ammo yaqin o‘tmishimiz, hali uning millionlab guvohlari tirik bir paytdagi tariximizni soxtalashtirishga, uni chala-chulpa, barcha tomonlariga xolis baho bermasdan yoritishga urinish obro‘ keltiradigan ish emas.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 may 2017
Notarial idoralarning yulg‘ichliklari  haqida maqola chop etgan “Jamiyat” gazetasiga Adliya vazirligi dag‘dag‘a ohangi yuqori bo‘lgan javobni yo‘lladi. 2017 yilning ...
21 avgust 2023
Taniqli iqtisodchi o‘ziga qarshi da'vo qo‘zg‘atgan ipakchilik uyushmasining bu harakati nima uchun O‘zbekiston obro‘siga xavfli ekanini tushuntirdi O‘zbekistonda ipakchilar ...
9 dekabr 2020
Rassom Elsevar karikaturasi. eltuz.com
6 avgust 2023
Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi “Zarbdor” gazetasining bosh muharriri G‘ulomjon Hamzaev Eltuzga maktub yo‘llab, mamlakat rahbariyatidan tuman hokimi Zafar Ro‘ziev ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...