Catira
29 yanvar 2018

O‘tin solig‘i

Yaqinda viloyatga borib, bir tanishimnikiga kirdim. Darvozaxonasida bir qop to‘la o‘rik daraxti o‘tini turgan ekan.

O‘tin biror kasallikka chalinmagan, hali bemalol necha yillar meva qiladigan o‘rik daraxtidan kesib tayyorlangani shundoqqina ko‘rinib turardi.

Nega o‘rikni kesding, nima, o‘tinga zoriqib qoldingmi, deb so‘radim tanishimdan.

O‘tinga zoriqqan joyi yo‘q ekan. Uyida gaz bor. Lekin o‘tin o‘g‘li o‘qiyotgan maktabni isitish uchun kerak ekan.

«O‘g‘lim shahardagi litseyda o‘qiydi. Bizda bor gaz ularda yo‘q. Shuning uchun hamma o‘quvchilarga o‘tin solig‘i solishgan», deb aytib qoldi tanishim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabni isitish uchun o‘quvchilarning o‘tin olib kelishi majburiydir. Har bir o‘quvchiga oyiga bir marta bir qop o‘tin olib kelish topshirig‘i berilgan.

Rasmiylarning gaz bilan isitilmaydigan ta'lim muassasalarini ko‘mir bilan ta'minlashga oid gaplarining qanchalik to‘g‘riligini shunda angladim.

Tanishim uyida o‘tin bo‘ladigan hech narsa yo‘q bo‘lgani uchun hovlisidagi bittagina o‘rigini kesib, o‘tin qilib qo‘yibdi. Erta-indin o‘g‘lining navbati kelganida o‘tinni litseyga olib boradi.

Hukumat bugun meva-chevaning xorijga eksportini ko‘paytirishga urinayotgan paytda «o‘tin solig‘i» kabilar bu sa'y-harakatlarga soya solishi turgan gap.

Qolaversa, ipakchilikni rivojlantiramiz deb turganimizda gaz, ko‘mir yo‘qligidan odamlar tut daraxtlarini kesib yoqayotgani ham sir emas.

Tanishim bilan suhbat davomida gapdan gap chiqib, maktablardagi yig‘di-yig‘dilar mavzusi ko‘tarildi. Sinf fondi, obuna, remont puli, xullas, hamma narsa uchun o‘quvchilardan pul yig‘iladi.

Bu yig‘di-yig‘dilar faqat uning o‘g‘li o‘qiydigan litseygina emas, butun O‘zbekiston ta'lim tizimi uchun xos bo‘lgan xususiyat ekani esa bugun ko‘pchilikka ma'lum.

Ayniqsa, yig‘di-yig‘dilar aksariyat ota-onalarni holdan toydirmoqda. Bu yoqda qimmatchilik, bu yoqda pul ber, deydiganlarning keti uzilmaydi.

«Agar o‘g‘limni detdomga berib yuborsam, bu yig‘di-yig‘dilardan ko‘ra ancha arzonga tusharkan», deya istehzo bilan kuldi tanishim.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 avgust 2017
30 iyul kuni «Tahlilnoma» ko‘rsatuvida Karimovning «to‘mtayib yurishlari», mamlakatdagi valyuta «qora bozori», qo‘shnilar bilan munosabat, chegara masalalarida yo‘l qo‘ygan ...
17 fevral 2018
O‘zbekiston telekanallaridan birida namoyish qilinayotgan “Sevgi iztiroblari” ko‘p qismli filmi dushanba kunidan boshlab efir setkasidan tashlanadi. Bu haqda «Eltuz»ga ...
13 iyun 2016
Orlandodagi Gey klubga hujum uyushtirgan 29 yashar Umar Metin Siddiqiyning xotini Sitora Alisherzoda Yusufiy o‘zbekistonlik bo‘lgan, ammo ular 2013 ...
2 aprel 2021
Nodonlar to‘rga chiqdi, Zamonaga hayronman. Oqilni go‘rga tiqdi, Mashrabdayin giryonman. Itbaliq dengizdadir, Mudom ishin beshlaydi. Kit hovuzga tashlangan, Kit ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...