Asosiy mavzular
23 mart 2018

“Men Leninni ko‘rganlarni ko‘rganman”

Sarlavhaga chiqarilgan bu gap buyuk aktyor Shukur Burxonov ijrosidagi Yusuf Yalangto‘sh haqidagi filmda aytilgan.

Ne tongki, “payg‘ambar” darajasiga ko‘tarilgan Islom Karimov o‘lib ketganidan so‘ng o‘lkamizga hurfikrlilik, erkinlik epkinini olib kirishga urinayotgan yangi prezidentdan dohiy yaratishga intilish paydo bo‘layotgandek.

Nazarimizda, bu davlat rahbarining istagi emas, “pirga muhtojlik sezayotgan muridlar”ning, zanjirini sog‘ingan fillarning jazavasi.

Bechora Diana, sening o‘limingdan ham ochko olishga intilayotganlar bor bo‘lgan jamiyat bu. Diyonatni unutgan, mansab uchun yangidan yangi qurbonlar qoniga tashna bo‘layotgan jamiyat bu.

Mardlari o‘lgan, nomardlar “asosiy rol”ga da'vogarlik qilayotgan jamiyat edi sen yashagan jamiyat.

Yashashni istasang-da, yashashingni ko‘pchilik istashsa-da, o‘lib qutulganing ham baxtingdir, degan shakkok fikrlar keladi xayolga ularning diyonatsizligiga guvoh bo‘lganlarda.

Afsus, Shavkat Mirziyoevning Samarqanddagi har bir xonadonga, ko‘chaga, qishloqqa kirib chiqib, hamma-hammani baxtli qilishga imkoni yo‘q. Agar imkoni bo‘lganida, prezident albatta shunday qilgan bo‘lar edi.

Aks holda “misli yo‘q bu baxtdan” samarqandliklarning yarmi o‘lib qolgan bo‘lardimidi. Hali qabri sovimagan Diananing murg‘ak farzandi, eri, onasi bunday “baxt”ni qanday ko‘tara olardi?!

“Mayli, shaxsan men o‘zim o‘lgunimga qadar prezidentimiz Shavkat Mirziyoevni ko‘rmasdirman, ammo prezidentimiz Shavkat Mirziyoevni ko‘rgan tanish-bilishlarim, ota-onam bilan juda ham faxrlanaman”.

Bu “men Leninni ko‘rganlarni ko‘rganman”ning aynan o‘zi emasmi?

Shu gaplarni yozgan Obid Omonov aslida bormi-yo‘qmi, ahamiyatsiz. Bu gaplar Samarqand hokimi, balki shotirlarining tashabbusi bilan yozilgani ham qiziq emas.

Ahamiyatlisi, qiziqtiradigani bu gaplarni aynan bizning ichimizdagi odam(lar) yozganida.

Chunki shuncha yillar davomida jamiyatimizning ich-ichidan yemirilib, bugungi holatga kelishiga ham shu kabi odamlar aybdor.

Haqiqatga o‘z xolis munosabatini bildirgan, diyonatni unutmagan yosh amaldor yigit va jurnalistga tashlanayotganlar shuni unutmasligi shart.

Prezidentning viloyatga tashrifining bu voqeaga daxli yo‘q, deb raddiyabozlik qilishga urinayotgan hokim ham bilib qo‘yishi kerakki, bugun mamlakat xalqining orzu-umidi, kelajakka ishonchi shu odamga tikilgan.

Joylardagi amaldorlar qo‘ygan “xol” uchun kaltakning bir uchi prezidentga kelib tushadi. Bu raddiyabozlar bilvosita Diananing o‘limiga daxldor bo‘lib qoldi.

Bu o‘lim prezidentning tashrifiga bog‘landi. Demak, uni bu holatga daxldor qilgan shu amaldorlar bo‘ladi. Buning uchun jurnalistlarga tashlanishga hech kimning haqi yo‘q.

Muammoni maydalashtirishga intilishlarga nima deysiz?! Uyingizga mehmon kelayotganda hovlingizni tozalaysiz-ku emish.

O‘zingizning shaxsiy juningizni davlatniki bilan adashtirmang, janoblar! Uyingizni yig‘ishtirishni qizingiz, keliningiz yoki xotiningizga qo‘yib bering.

Yo‘llarni esa o‘qituvchilar emas, kimlar tozalashi kerakligini esa yana o‘sha qizingiz, keliningiz yoki xotiningizga uqtirganingiz ma'qulroq.

Aslo o‘qituvchi yoki shifokorlarga emas. Ayniqsa, sizdan ko‘ra boshqacha o‘ylaydiganlarga emas.

Hokimlarning oppoqligini qarang. “O‘qituvchilarni Mustaqillik bayramiga chiqmaganligi uchun kaltaklagan”i uchun hokim aybdor emas emish.

“Avtobusda yonishi natijasida halok bo‘lgan yo‘lovchilar yashagan tuman vakillarini haqorat qilgan” hokim ham farishta.

“Paxta yig‘im-terimiga chiqmagan o‘qituvchilarni haqorat qilgan hokimni aybdor” sanasangiz, “biror bir joylaringiz juda qattiq og‘riydi”.

Diananing o‘limi bois boshlagan “hokim aybdor emas” kampaniyasi o‘z mohiyati bilan aslida strelkani undan ham yuqoriroqqa qaratishga o‘xshab tuyulmoqda.

Chunki xalq hisobni baribir o‘sha yuqoriroqdan so‘raydi…

Sardor Azim

PS. Eh, Diana! Yurtimizda shunday ajoyib Navro‘z bo‘ldi. Aytilmagan madhiya qolmadi. Zero, sen yashagan yurt shunday bayramlarga munosibdir. Afsuski, bu bayramda sen yo‘q eding. Aslida davraning to‘ri sen kabi bayramni intiqlik bilan kutganlarniki edi… Ammo davraning to‘rida hokimlar javlon urdi…

Tag‘in o‘qing
22 noyabr 2016
O‘zbekiston rasmiy matbuoti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mamlakatga tashrifini yoritishda faqat O‘zA tomonidan berilgan rasmiy xabarlarga tayandi. Avvalo, ...
8 fevral 2017
7 fevral kuni o‘tgan selektor majlisida prezident Shavkat Mirziyoev, tug‘uruqxonalarda poraxo‘rlik ochiqdan-ochiq tus olgani haqida gapirdi. «Tug‘ilganga pul berish ...
9 sentyabr 2019
Zimbabvening 37 yillik diktatori o‘lgani fonida O‘zbekiston parlamentining qariyb shu yoshlardagi deputati Akmal Umirzoqov mavjud nomenklaturadan tashqaridagi shaxslarning deputat ...
11 aprel 2015
Qudrat Bobojon Ular, prezident Karimov nafratlangani va dangasalar deya atagani, ularni ovlashgan, lagerlarga, keyinchalik qaytish chiptasi evaziga mehnatga majbur ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...