Asosiy mavzular
24 avgust 2018

Faqat qamatgisi keladigan prokurorlar

Rashid Qodirov davrida shakllangan prokurorlar hali ot ustida va ular uzoqqa boradigan ko‘rinadi. Ular uzoq yillardan buyon qo‘llab kelayotgan ish uslublaridan voz kechmoqchi emasdek.

Toshkentning yirik tadbirkorlaridan biri bo‘lgan Jahongir Umarov ustida o‘tkazilayotgan sud jarayoniga oid xabarlarni o‘qib, shunday xulosa kelib chiqadi.

Inson huquqlari faollari bu jinoyat ishi uyushtirilgani, bundan tadbirkorning biznesini tortib olish maqsadi ko‘zlanganiga doir ko‘plab ma'lumotlarni e'lon qilib kelyapti.

Jumladan, shahar IIBB jinoyat-qidiruv boshqarmasi tezkor xodimi ekani aytilayotgan shaxsning yuqoridagi iddaolarni tasdiqlovchi so‘zlari aks etgan audioyozuv internetda tarqaldi.

Garchi Toshkent shahri IIBB J.Umarovga qiynoqlar qo‘llanilganini rad etgan bo‘lsa-da, o‘z xodimlarining protsessual jarayonlarni qo‘pol tarzda buzganini bilvosita tasdiqlaydigan chora-tadbirlar ko‘rdi.

Ya'ni mazkur ishga aloqador xodimlarning bir nechtasiga intizomiy chora ko‘rildi, audioyozuv “qahramoni” bo‘lmish tezkor xodim Fathiddin Nuriddinov esa ishdan bo‘shatildi.

Umuman, yuqoridagilardan tashqari, oshkor bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, J.Umarovning ofisini tintuv qilish jarayoni videotasvirga olinmagan, tergov tadbirlarida ishtirok etishi kerak bo‘lgan guvohlar kechikib kelgan. Go‘yoki narkotik modda saqlanilgan stakandan barmoq izlari olinmagan.

Tadbirkor foydasiga ishlashi kerak bo‘lgan shuncha holatlarga qaramay, prokuror unga 7 yillik qamoq jazosi tayinlanishini talab qilib chiqmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, go‘yoki Jahongir Umarovning aybi isbotlangan. Prokuror tadbirkorning ofisidan opiy topilganini yana bir bor ta'kidladi.

Holbuki, tezkor xodim F.Nuriddinov tadbirkorga narkotik modda tashlab qo‘yilganini o‘z og‘zi bilan tan olgani to‘g‘risida audioyozuv mavjud.

Shuningdek, u bu harakatlarni tadbirkorni soxta ayblovlar bilan qamash tashabbuskori bo‘lgan noma'lum shaxs bilan maslahatlashgani ham ma'lum.

Sud mustaqilligi ta'minlangan demokratik davlatlarda bunday holatlar yuzaga chiqqanida prokuratura eng kamida ishni qayta tergov qilishni talab etadi. Aks holda ayblanuvchini ozod etish uchun asoslar ham yetarli.

Lekin bizning prokuratura bu darajaga yetish u yoqda tursin, hatto yaqinlashishga ham harakat qilmayapti.

Bundan ko‘rinadiki, hali O‘zbekiston prokuraturasining haqiqiy qonun himoyachisiga aylanishiga ko‘p qovun pishig‘i bor.

Qolaversa, bugun prokuratura hatto sobiq MXXning o‘rniga kelgan DXXdan ham katta vakolatlarga ega bo‘lib boryapti.

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqilsa, prokuratura vakolatlarining tinimsiz kengaytirilayotgani yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi, deb xulosa qilish mumkin.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 avgust 2019
Toshkent markazidagi Pushkin ko‘chasida 6 avgust kuni yuz bergan avariyada kamida uch shaxs, jumladan, IIVning ikki xodimi shikastlandi. Voqea ...
29 yanvar 2019
Vatanidagi yangi hukumatning «ochiq eshiklar» tashviqotiga maftun bo‘lib, tezroq mamlakatini ziyorat qilishga shoshilayotgan ekspatlar (muhojirlar – eltuz) buning oqibatini ...
15 mart 2024
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana hafta aylanib siz bilan birgaman. MS:  Nichiksizla xo‘jik brri, mo‘chchi oynikala. Buxoroda ...
7 fevral 2017
Shu kunlarda hokimlar, prezidentning viloyatga qachon kelishi xaqida fol ochishmoqda. Mirziyoevning istagan vaqt, istagan hududni borib ko‘rish xohishi, viloyat ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...