Asosiy mavzular
2 fevral 2019

Tojik tilida nechta o‘zbekcha so‘z bor?

Oldinroq o‘zbek va tojik tillarining konvergent rivojlanishi haqida post yozgandim. Unda bu ikki til tarixan bir-biriga qanday ta'sir ko‘rsatgani haqida qisqacha bayon qilgandim. Lekin ba'zi bir o‘quvchilarimga u yerda keltirilgan faktlar yoqmabdi. Ularning aytishicha, tojik tilida o‘zbekcha so‘zlar umuman yo‘q emish, o‘zbek tili tojik tiliga ta'sir o‘tkazganini yozganim esa haqorat ekan.

O‘rtoqlar, do‘stlar, tillar qo‘shni ekan, ta'sir albatta ikki tomonlama bo‘ladi. Shunday ekan, tojik tilida o‘zbekcha so‘zlar “umuman” bo‘lmasligi mumkin emas. Bu haqoratli gap emas, bu hayot haqiqati, hamma zamonda hamma yerda, barcha tillarda kuzatilgan narsa. Tillar aralashadi, bir-biridan nimadir oladi, o‘rganadi, bir-birini boyitadi. Ming yil yonma-yon yashagan tillar bir-biridan hech nima olmagan bo‘lishi mumkin emas.

Tojik tilining o‘ziga xosligi shundaki, adabiy tilida turkiy so‘zlar nisbatan kam (taxminan 500¬-600 ta atrofida), lekin shevalarida o‘zbekcha o‘zlashmalar tiqilib ketgan. O‘zbek tilida buning teskarisi — adabiy tilda forscha va fors tilidan o‘tgan arabcha so‘zlar juda ko‘p (o‘rta asrlar adabiy tilidagi (chig‘atoycha) maksimal ko‘rsatkich — 10-12 mingta so‘z), lekin ularning so‘zlashuv tilida ishlatilish chastotasi juda past.

Tojik milliy taomi — “qurtoba”ning o‘zagida turkcha “qurut” so‘zini payqash qiyin emas; “yunuchqa” (“yo‘ng‘ichqa”), “to‘g‘ri”, “yonbosh kashidan”, “juridan” (“yurmoq”) — bunday so‘zlar juda ko‘p. Bular — shevaga xos so‘zlar. Adabiycha so‘zlarga kelsak:

  • turkiy sulolalar hukmronligi davriga borib taqaladigan saroy atamalari — xon, bek, xoqon, xonim, begim va h.k.
  • harbiy atamlar — bayroq, yag‘mo, qaravul, qushun, miltiq, qunduq, bosmachi;
  • maishiy atamalar — qoshuq, ko‘pruk (qarang, bu so‘z Tojikiston prezidentining rasmiy saytiga ham kirib qolibdi-ku, til tozaligi qaerda qoldi?), elak, qishloq;
  • hayvonlarning nomlari — buqqa, qutus, urdak;
  • sut mahsulotlarining nomlari — qurutob, jo‘g‘rot, qatiq, qurut.

Yana bir nechtasi esimga kelib qoldi. “Soy”, “sachoq”, “surog‘” (so‘roq), “chigit”, “qaburg‘a”, “shavqun”, “quton”, “oxur”, “to‘y”, “kelin”, “chopar”, “chuloq”, “chumchuq”, “puchoq”, “boy”, “yosh”, “apa”, “aka”, “tag‘o” (tog‘a), “yazna”, “ugay”, “urda”, “egar” va h.k.

Menga ishonmasanglar, nemis tilshunosi Gerxard Dyorferning (https://en.wikipedia.org/wiki/Gerhard_Doerfer) Türkische Lehnwörter im Tadschikischen lug‘atini titkilab ko‘ring. U yerda tojik adabiy tilida va shevalarida ishlatiladigan 6 mingtacha turkcha/o‘zbekcha so‘z keltirilgan.

P.S.: turk va fors tillarining o‘zaro aloqalari o‘zi juda qiziqarli mavzu. Eronda, Afg‘onistonda bundan-da qiziqroq lingvistik faktlar bor. Ularga ham vaqti kelib to‘xtalaman.

Xaritada — Tojikistonda o‘zbeklar istiqomat qiladigan hududlar.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
2 iyun 2020
Tarmoqda 2 iyun kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘anievniki deya ishonilgan audioyozuv tarqaldi. Unda davlat mulozimi “So‘x tumanini xaritadan ...
27 may 2020
2020 yil 14 mayda O‘zbekiston hukumati mamlakat sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova tomonidan “noqonuniy xarid qilingan” aktivlarni sotishdan tushgan ...
21 yanvar 2020
Professor Kristian Lasslett O‘tgan haftada Gulnora Karimovaga nisbatan «yopiq eshiklar ortida» yangi jinoiy ayblovlar bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi. Karimovaning ...
31 oktyabr 2018
Toshkentning Chilonzor tumanidagi maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, 30 yashar Farhod Miniyozov o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatildi va sud qarori ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...