Asosiy mavzular
28 fevral 2019

O‘zbek olimi turkiy xalq o‘tmishi haqida yanglish gap aytdi

“Azon.uz” saytida etnograf olim Anvar Bo‘ronov bilan katta intervyu chiqibdi. Uning asosiy mavzusi — tangrichilik dinining o‘tmishi va buguni.

Suhbatda islomning jamiyatdagi o‘rni haqida chiroyli fikrlar berilgan. Shu bilan birga, Anvar Bo‘ronovning olimligini inobatga olsak, uning ilmiy fikr-mulohazalari menda jiddiy shubha uyg‘otdi. Tangrichilik, turkiy xalqlarning o‘tmishi haqida gapirganda, u professional olimlarga xos bo‘lmagan ko‘plab xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan. Bir-ikkita masalaga to‘xtalib o‘taylik.

1) O‘zbek xalqi urf-odatlari orasida tangrichilik elementlari saqlanib qolgani haqida fikr yuritarkan, bundan “afsus”daligini bildiradi. Olim odam bu kabi oborotlarni ishlatmasligi kerak, negaki olimning vazifasi — mumkin qadar xolis va betaraf bo‘lish. Shunday ekan, u afsusini bildirmay, balki bosiq ohangda bu holatning salbiy jihatlarini tushuntirib berishi lozim edi.

2) Juda qiziq, paradoksal holat, buni boshqalarda ham kuzatganman: ayrim olimlar faollar turkiy xalqlarning bir jihatini, masalan, tangrichilikni yomon ko‘rib, ayni paytda bu xalqlarning o‘ylab topilgan yolg‘on tarixiga mahliyo bo‘lishadi, turkiylarni eng qadimiy va buyuk xalq deb e'lon qilishadi. Intervyuda ham shu holat kuzatiladi: turkiy xalqlarning qadimgi dini — tangrichilikni botil g‘oya deb baholagan Bo‘ronov quyiroqda kutilmaganda millatchilar o‘ylab topgan shumer-turk bog‘lami haqidagi g‘ayriilmiy qarashlarini ilmiy haqiqat sifatida taqdim etishga urinadi. Yo‘q, birodarlar, tangrichilik 5 ming yil oldin Shumerda paydo bo‘lmagan. Shumerlarning turkiylarga aloqasi yo‘q. Turk tilining shumer tiliga o‘xshashligi yoki qarindoshligi haqidagi fikrlar g‘ayriilmiy bo‘lib, hech qanday real faktga asoslanmagan va olimlar tomonidan jiddiy qabul qilinmaydi;

3) Iqtibos: “Miloddan avvalgi 2-ming yillikda Mesopotamiyaga qadimgi somiy, hozirgi Eron, Afg‘oniston va Turon tekisligi hududlariga oriy qabilalari kirib kelishi natijasida protooltoylarning katta qismi Oltoy, Sayon tog‘lari, hozirgi Shimoliy Xitoy, Mo‘g‘uliston va Sibir tomonga ketishga majbur bo‘lishgan va bu yerda oltoy xalqlari sifatida shakllangan” — mutlaqo noto‘g‘ri, hech qanday ilmiy va tarixiy asosga ega bo‘lmagan fikr. Protooltoylarning Yaqin Sharqda bo‘lgani va keyinchalik Sharqqa ko‘chgani masalasida hech qanday jiddiy dalil yo‘q.

4) Iqtibos: “Dinshunoslar tomonidan faqat uchta din — yahudiylik, nasroniylik va islom dini monoteistik din sifatida qabul qilingan”. Aslida monoteistik dinlar ko‘p bo‘lgan. Bizga ma'lum eng qadimgi monoteistik diniy qarash miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikda Misrda joriy etilgan edi.

5) Bo‘ronovning fikricha, tangrichilik yakkaxudolik dini emas. Bu o‘rinda u juda ko‘p tadqiqotchilarning xatosini takrorlayapti, bu xato masalaning lingvistik jihatini bilmaslikdan kelib chiqadi. Gap shundaki, biz o‘tmish xalqlar ishongan ko‘plab g‘ayritabiiy borliqlarni o‘zimizning tilimizda mavjud bo‘lgan yagona “xudo” degan so‘z bilan ta'riflaymiz. Aslida esa qadimiy xalqlar unday borliqlarga nisbatan turlicha atamalarni ishlatishgan va ko‘p hollarda ular ishlatgan atamalar “xudo” tushunchasiga mos kelmaydi. Bu atamalarning muqobili bugungi tillarda yo‘q, shu bois o‘tmish tadqiqotchilari shartli ravishda barcha mifologik obrazlarni “xudo” deb atayveradi. Masalan, tangrichilikda yagona xudo Tangri, zardushtiylikda Axuramazda hisoblanadi. Tadqiqotchi olim bu nozik jihatni bilishi kerak edi.

Xulosa shundan iboratki, hatto bir qarashda professional tayyorgarlikka ega mutaxassislar ham noprofessionallikka yo‘l qo‘yishi mumkin. Jiddiy ohangda noto‘g‘ri faktlarning taqdim etilishi — o‘zbek matbuotining va umuman mediasining jiddiy muammosi. Faktlarni tekshirish va o‘quvchiga sifatli axborot taqdim etish aslida ekspertlarning vazifasi, lekin ekspertning o‘zi xatoga yo‘l qo‘ysa, unda muammo jiddiyroq.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
26 oktyabr 2017
Oktyabr oyida jinsiy zo‘ravonliklar G‘arb mamlakatlari ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylandi. O‘zbekistonda esa aksincha, ...
3 iyul 2020
Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilishmi? O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy ...
27 sentyabr 2018
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 26 sentyabr kuni frantsuz olimi Stefan Dyuduanon (Stefan Dudouannon) ishtirokida shoir Cho‘lpon xotirasiga ...
10 iyun 2023
2010 yilning 9 iyunidan 10 iyuniga o‘tar kechasi Qirg‘iziston janubida ommaviy qotilliklar boshlandi va uning qurbonlari asosan mahalliy o‘zbeklar ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...