Video
20 dekabr 2020

Nega ayollardan daho chiqmaydi?

Biz ayollarda o‘z «men»ini erkak fikri, mavqei bilan tasdiqlatib olish instinkti bor ekan, buni hozir o‘ylab qoldim.

Aslida bu erkaklarda ham bor: ayol tufayli, ayolning sevgisi tufayli, ayollarning e'tibori tufayli o‘z «men»ini mustahkamlash. Bizda boshqacharoq, ya'ni o‘zligimizni, fikrimizni, intellektimizni, hatto iste'dodimizni ham yonimizdagi erkak tanishlarimiz, o‘zimiz hurmat qilganlarning fikrlari bilan tasdiqlatib olish ehtiyoji juda kuchli.

Nega ayoldan daho chiqmasligi haqida juda ko‘p bahslar bor – dunyo ilmida, san'atida, adabiyotida. Menimcha, bunda patriarxat tuzum (jamiyat)ning ham ta'siri bor. Ya'ni har qanday intellektli ayolda ham bu instinkt sifatida mavjud bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Patriarxat tuzum tufayli qonimizga, kodlarimizga bu narsa singib ketgan, hatto yuksak darajadagi bir qadriyatlarimizni, o‘zligimizga tegishli bo‘lgan eng yuksak tushunchalarimizni ham erkaklar tomonidan baholatib olish, tasdiqlatib olish ehtiyoji bor.

Masalan, ayollarning tan olishi unchalik ta'sir qilmaydi, lekin erkaklar tan olishi – bu boshqa masala. Biz hatto o‘z shaxsiyatimizni, «men»imizni, intellektimizni ham biror bir erkakning orqasida turib – u bilan yonma-yon turib emas yoki unga qarshi chiqib emas, ko‘p hollarda uning orqasida turib tasdiqlatishga ehtiyojmand bo‘lamiz.

Dunyo ilm-fani, san'atida, adabiyotida, umuman, hayotda ham bunga misollar juda ko‘p. Jumladan, hayoti fojeaviy afsonalarga sabab bo‘lgan Kamilla Klodel. Kamilla juda iste'dodli haykaltarosh edi, tabiat ayoldan daho yaratdi, deb e'tirof qiladi Kamilladagi yaratuvchilik qobiliyatini ko‘rganlar.

Kamillaga Ogyust Rodenga bo‘lgan, bir tomondan, sevgisi, ikkinchi tomondan, aynan Roden uni tan olishi, qo‘llab-quvvatlashi muhim bo‘ladi. Uni sevadi, sevishdan tashqari, aynan yuqoridagi hislar tufayli ham uning yonidan ketolmaydi. Roden unga qanday munosabatda bo‘lishidan qat'i nazar, unga sig‘inishda davom etadi, natijada asarlariga (haykallariga) uning nuqsi ura boshlaydi.

Roden bilan munosabati omadsiz kechadi. Tanqidchilar esa asarlarini taqlid deb bilib, Kamilladan ijod borasida chetlab o‘tishni boshlaydilar. Alohida ijodkor sifatida tan olishni to‘xtatishadi. Bora-bora bunday holat 30-35 yoshlarida ayolning aqlidan butunlay mosuvo bo‘lishiga olib keladi. Uning qismati ana shunday ayanchli tugaydi.

Yana bir misol. Virjiniya Vulf boshida Jems Joysning ijodini, «Uillss» romanini umuman qabul qila olmaydi. Kundaligida bunday yozadi: «…Nahotki, Tom (mashhur shoir Tomas Eliot nazarda turilyapti. Virjiniyaning qadrdon do‘sti bo‘lgan) gayoqqan bo‘lsa shunday asar? Nahotki, Tom tan olyapti Jeyms Joysni?» deb jazavaga tushadi.

Demak, o‘zining bahosiga ishonishdan, o‘zining bahosida qolishdan ko‘ra, Eliotning Joysni tan olgani uni shubhaga solaveradi. Bu o‘rinda erkak fikriga ergashish, erkak kishini ustun bilish yoki o‘z «men»ini, shaxsiyatini erkak tomonidan tasdiqlatib olish istagi juda kuchli.

Agar ayol ham o‘ziga suyana olsa, bunday tasdiqlarga muhtoj bo‘lmaydi. O‘zingga suyana olsang, qarshi jinsdan bo‘lgan tanishlaringmi u yoki biror fikriy daholarmi, kim bo‘lishidan qat'i nazar, «men»ingni tasdiqlatish muhim emas, deb o‘ylayman. Ammo har bir ayolda, o‘zimda ham shu instinkt borligini nogahon anglab qolaman.

Afsuski, bu holat deyarli instinkt darajasida. Yuqorida aytganimdek, bu, ehtimol, o‘sha patriarxat jamiyat ta'siri. Ming yillar davomida genetik kodlarimizga singib ketgan tuyg‘ular instinklarga aylangandir balki. Shuning uchun ham ayoldan daho chiqishi qiyindir.

Lekin nima bo‘lganda ham, instinktni mahv qilish qiyin bo‘lsa ham, uning ko‘ziga tik qarash kerak. Bu baribir shaxsiyatni kamsitadigan holat.

Jinsidan qat'i nazar, har bitta odam alohida shaxs, alohida daho, alohida intellekt bo‘lishi mumkin. Birov buni tasdiqlab berishi kerak emas.

Aslida tasdiqlashi shart emasligini aytish aql o‘rgatishday gap. Chunki o‘zim ham mudom tasdiq qidiraman atrofdan – o‘zimga, o‘zligimga, shaxsiyatimga, ijodimga… boshqa-boshqa… hamma narsaga. (Jinsimizdan qat'i nazar, hammamiz shundaymiz). Lekin mana shu kamchilikning ko‘ziga tik qaray olsak, ehtimol, buni ham yengib o‘tsa bo‘lar.

Har holda men juda xohlardim ayollardan daho chiqishini, daho ayollar ko‘payishini. Gender tenglik degani bu faqat hayotda, uning qaysidir jabhalarida emas, balki ilm-fan, ijodda, adabiyotda, san'atda, musiqada, har bir narsada tengma-teng ayol-erkak daholar ko‘p bo‘lishini istardim.

To‘g‘ri, ayol nima uchun daho bo‘lolmaganiga juda ko‘p sabablar bor – oila masalasi, turmush vazifalari kabi. Shuning bilan birga, psixologik sabablari borligi va bittasi shu ekaniga to‘xtalib o‘tyapman.

Bu instinkt darajasida bo‘lgani uchun, qolaversa, eng nozik masala bo‘lgani uchun, ya'ni o‘z-o‘zini tasdiqlatib olish qanaqadir, hatto kerak bo‘lsa daholikni ham kimningdir orqasiga berkinib o‘tib tasdiqlatish – bu endi kamchilik. Bu endi daholigingga soya soladigan kamchilik. Shu ilg‘ashim haqida gapirgim keldi. Xullas, ayollardan doimiy daholar chiqsin!

Tillaniso Eshboeva, shoira

Tag‘in o‘qing
28 iyun 2016
O‘zbekistondagi matbuot va rasmiy statistika har yili O‘zbekistonda nikox holatlari ko‘payayotgani va ajralishlar soni kamayib borayotgani haqida yozadi. Balki ...
24 sentyabr 2022
Uchko‘prikda 20 ta fermer birlashib kooperatsiya tuzgan va o‘z paxtasini tumanda tashkil etilgan “Uchkuprik Global Textile” klasteridan bir tiyin ...
3 iyul 2017
1-iyuldan O‘zbekistonda internetga rasmiy ruhsatsiz klip qo‘yish taqiqlandi. Ozodbek Nazarbekov yoshlar kanaliga raxbar bo‘ldi. «Kamolot» harakati tugatildi. «Yoshlar ittifoqi» ...
25 sentyabr 2017
25 sentyabr kuni «Eltuz» muxbirining Andijondan xabar berishiga ko‘ra, o‘qituvchilarning terimdan qaytarilishi ortidan paxta uchun pul yig‘ib olinmoqda. Andijon ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...