Asosiy mavzular
27 yanvar 2021

Qanday omon chiqdik dahshatli qishdan?!

Darvozani tambalamagan ekanman. Chiroq yo‘q edi. O‘rnimda cho‘zilib, ko‘zimni yumib yotgandim. To‘satdan hovlimdan ayollarning bir-biri bilan gaplashgan ovozi eshitildi va yoshroq ayol «amaki», deb chaqirdi.

Kim ekan u bemahalda kelgan, deb fonarni olib tashqari chiqdim. Hovlida, ayvonga yaqin joyda ikkita ayol hamda o‘n-o‘n bir yashar bolaga ko‘zim tushdi. Men ko‘rgan ayollar zinadan ayvonga ko‘tarildi va «Biz keldik. Meni tanidingizmi. Gulbahorman», dedi oldinroqdagi ayol.

Ayolning yuziga fonar yoqdim. U yana: » Gulbahorman!» dedi. Ayol to‘lacha, yuzi go‘shdor va ko‘zlari kichik edi. «Qaysi Gulbahorsiz. Tanimadim», dedim.

«Dadam bilan ilgari qurilishda birga ishlagansiz. Menga besh yil ilgari moddiy yordam uchun hokim nomiga ariza yozib bergandingiz. Dalangizga bir-ikki marta ishlagani kelganman. Endi esladingizmi? deb dadasining ismi va qishlog‘ining nomini aytdi.

Nihoyat, ayolni va ancha yil burun vafot etgan dadasini esladim. Gulbahorning dadasi bir yosh farq bilan tengdoshim edi, bechora ishlab turgan joyida miyasiga qon tepib o‘lgandi.

«Nima gap? Yaxshi yuribsizmi? Siz, adashmasam, to‘qay tomondagi chekka qishloqqa turmushga chiqib ketgandingiz. Nima gaplar, dedim.

– Erim ikki marta jigaridan operatsiya bo‘ldi, jigarining yarmi yo‘q. Inqillab zo‘rg‘a yuradi. Ishlayolmaydi. Men ishlay desam, qishloqda ish yo‘q. Shahar uzoq. Mahalla raisiga kirsam, yordam bermay, boshimni og‘ritma, deb haydab yuboryapti. Qiynalib ketdik. Najot yo‘q. Yordam bering, deb sizning yoningizga keldik. Mening nomimdan hokimga boplab, zo‘r qilib ariza yozib bering. Bechora bo‘ldim, yordam bersin. Mana, o‘zim qoralama qilib yozib keldim, shunga qarab zo‘r qilib yozib bering. Ilgari bir marta boplab yozgandingiz,- deb ayol qo‘limga qog‘oz tutqazdi.

Xayolan o‘ylayapman: bu ayolga qanday yordam bersam bo‘larkan? Dadasi erta o‘lib ketdi. Onasiyam nochor ayol edi. Endi esa erining jigari kasal ekan. O‘zi ishsiz. Hozir qish bo‘lsa, dala ishlari ham yo‘q. Qishlog‘i shahardan ancha uzoq.

– Yaxshi, – dedim ayolga. – Sizning nomingizdan hokimga ariza yozib beraman. Arizada nima deb yozay? Qanday yordam so‘raysiz? Pulmi? Yoki boshqa yordammi?

– Xom g‘ishtdan zo‘rg‘a ikki xonali pakana uy qurdik. Tomini xashak bilan yopdik, xolos, hali bitmagan, baribir o‘sha yerda yashayapmiz. Hokim uyimizni bitirishga yordam bersin. Erim ham ishga yaramaydi. Do‘xtirlar nogironlik guruhiga chiqarmayapti. Bor, anaqa, deyapti. Erim guruhga chiqsa yaxshi bo‘lardi, – deb tushuntirdi ayol.

– Arizani yozaman, siz qo‘l qo‘yasiz. Keyin arizani o‘zim hokimlikka topshiraman. Iloji bo‘lsa, hokim bilan uchrashib, vaziyatingizni tushuntiraman. Xudo xohlasa, sizga yordam berishadi, – deb ayolni umidlantirdim.

Hozir qish. Oshinlarga dalada ish yo‘q. Qishloq yigitlarining yarmi usta, ulargayam ish yo‘q. Qishda qiynalgan oila ko‘p bo‘ladi. Ish yo‘q. Pul yo‘q. Chiroq yo‘q. Gaz yo‘q. Pul bo‘lmagach, sifatsiz ko‘mir ham yo‘q; ovqatlar go‘shtsiz, quruq makaron; buyrak va o‘pka sovuqda og‘riydi.

Bunaqa vaziyatda hayot ko‘zga boshqacha ko‘rinsa kerak. O‘zbegim, bardoshing temirdan, toshdan, Qanday omon chiqding dahshatli qishdan?! Tashqari (ichkari ham) qop-qorong‘u, zulmat. Shamol hammayoqni sovitib tashladi, haliyam tingani yo‘q, hatto qalin qalpoq ostida boshim sovqotdi. Sovuq bir ish qilgani qo‘ymaydi.

Kun bo‘yi ko‘chaga chiqdim, uyga kirdim, katta hovliga bordim va kunni kech qildim. Bekorchilikdan va zerikkanimdan sigaret chekaverib ichim achib ketdi. Shu taxlit bir amallab qishni o‘tkazyapmiz.

O‘tgan yili bir mahalladoshim old tomoniga » Rossiya. LDPR» degan yozuv bitilgan futbolka kiyib olganini ko‘rib:

«Ko‘kragingdagi yozuv ma'nosini bilasanmi?» deb so‘radim.

«Yo‘q», dedi u. «LDPR Jirinovskiy degan siyosatchi partiyasining qisqarma nomi. Jirinovskiy doim bizlarni» baran» deb kamsitadi. Kiyma bunaqa kiyimni», dedim.

«Nima bo‘pti partiya nomi bo‘lsa. Futbolka yoqdi, kiyib yuribman», dedi. » Odamda oriyat bo‘lishi kerak!» dedim.

Boya internetda o‘qidim: Toshkentda » Tashkent, 1867″ degan nomda aroq chiqarishyapti ekan. 1867 – Chernyaev askarlari Toshkent shahrini bosib olgan yil. Qaysi orsiz o‘zbek ishlab chiqyapti ekan shu aroqni. Ertaga hammalaring «1867» deb atalgan aroqni ichib kayf qilasizlar.

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyasi edi

Tag‘in o‘qing
15 yanvar 2018
14 yanvar kuni O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni shu paytgacha misli ko‘rilmagan darajada keng nishonlandi. Prezidentning shu munosabat bilan tabrigi ...
9 noyabr 2020
Yaqinda O‘zbek milliy akademik drama teatriga Nazar Eshonqul qalamiga mansub “Jaloliddin Manguberdi” spektaklini tomosha qilgani bordim. Bu yangi mavsumning ochilishi edi.  Karantinchilikdan zerikkan barcha ...
19 aprel 2018
Shu yilning 18 aprelida feysbuk sahifasida oq do‘ppi kiygan haydovchining mashinasi kapotini ochib ko‘rayotgan militsiya formasidagi yigit fotosuratlari paydo ...
2 oktyabr 2019
Farg‘ona viloyati hokimining inson huquqlarini buzishga qaratilgan xatti-harakatlari ortidan O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi buning natijasida jabr ko‘rganlarni ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...