Asosiy mavzular
10 fevral 2021

“Bo‘lmaganga bo‘lishma…”

Qul nechun qul, chunki u bo‘ynidagi zanjirga sig‘inadi.

Keyingi dasturni tayyorlash niyatida navbatdagi tuman prokuraturasiga bordim. Rahbar bilan ko‘rishib, dastur rejasini kelishib olganimizdan so‘ng tergovchini qo‘shib berdi, tasvirga olish uchun joylarga chiqib ketdik.

Tuman chetidagi mashina-traktor parkiga bordik. Bu xo‘jalikdagi muammo – yetti oydan buyon ishchilarga oylik maoshlari berilmayotgan ekan. Prokuratura tekshiruvi mobaynida ana shu holat aniqlanib, ish ular tomonidan sudga oshirilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, barcha ishchilarga oylik maoshlari to‘liq undirib berilgan, xullas, huquq himoyachilarining qonuniy harakatlari oqibatida adolat qaror topgan bo‘lgan.

Korxona rahbari tergovchi bilan suhbatlashib qoldi, biz operator bilan kombaynni ta'mirlayotgan besh yigitning qarshisiga bordik.

“Hormanglar yigitlar” deya qo‘l olib so‘rashdik, ular bilan biroz dildan suhbatlashdik, oilalari, farzandlari haqida so‘radim. Aslida o‘rim mavsumi rosa avjiga chiqqan palla edi. Texnika texnikada, baribir, o‘rim paytida to‘satdan buzilib qolib tuzatishayotgan ekan.

Kamsuqum, kamgap yigitlar ekan, qo‘llari ishda, odam yuziga tik qarashmaydi. Nihoyat maqsadimizni ularga tushuntirdim. Chindan ham sizlarga oylik maoshlaringizni to‘la undirib berishdimi, deb so‘radim.

Ular bunday g‘amxo‘rlikdan boshlari osmonga yetganini, endi esa astoydil g‘ayrat bilan ish boshlaganlarini aytishdi. Tig‘iz mavsum paytida ularning vaqtini olgim kelmadi.

Bo‘lib o‘tgan oylik maoshlarini undirishga nisbatan munosabatlarini bir og‘iz so‘zlab berishlari kerakligini aytib operator-tasvirchini yonimga chaqirdim. Shundoq mikrofon tutganimni bilaman, kutilmaganda ular shartta tildan qolishdi.

O‘zi shundoq bo‘ladi, telekamera qarshisida ko‘plar hayajonlanadi, deb tushundim, ularga maqsadimni vazminlik bilan yana bir karra tushuntirdim.

Yana mikrofon tutdim, hozirgina o‘zaro bemalol gapirayotgan yigit “Aka anavi gapirsin, men gapga yo‘qman”, dedi mo‘ng‘ayib. Keyingi yigitga mikrofonni tutdim va “Yetti oylik maoshlaringiz undirib berilgani haqida qanday fikrdasiz?” deb so‘radim.

Yigit kutilmaganda “Bizda unday voqea bo‘lmagan”, deb g‘o‘ldiradi. Jahlim chiqib ketdi, jarayonni darhol to‘xtatdim. Nahotki “adolat qaror topdi, huquq himoyasilariga rahmat”, deb qo‘yish shunchalar qiyin bo‘lsa, dedim taajjublanib.

O‘zi chindan ham sizlarga oylik maoshlaringiz undirib berilganmi yoki maynavozchilik bo‘lyaptimi, agar yolg‘on bo‘lsa tergovchi ham … ekan-da,  deb yubordim xunobim oshib.

Birdan yigitlarning yuzida xijolat aralash dahshatli qo‘rquv paydo bo‘lganini sezdim. Hayron bo‘lib ortimga o‘girilib qaradim, besh-olti metrlar narida rahbar bilan tergovchi o‘zaro suhbatlashib, bizni kuzatib turishgan ekan.

Chamamda, gapimni eshitib qolib xijolat bo‘lishdi shekilli, o‘zlarini hech narsa eshitmaganga solishib, asta suhbatlashib uzoqlashishdi. Bu holatdan keyin men ham qattiq xijolatga tushib g‘azabga keldim.

“Aka, bizni ham to‘g‘ri tushuning, bizning ham bola-chaqamiz bor, siz kelib ketuvchi odamsiz, biz esa bu rahbar bilan birga qolib yana ishlashimiz kerak, siz ketgandan keyin rahbar bizni ishdan bo‘shatib yuborsa nima qilamiz? Agar biz hozir to‘g‘risini aytsak, rahbar ertaga bizni ishdan bo‘shatib yuboradi”, dedi yalingansimon.

“Nima, shahardan kelgan oqbilaklar deb o‘ylab, bizlarni masxara qilyapsanlarmi, bola-chaqa ortiga berkinma, erkakligingcha qol, kel, unda senlar bilan yakkama-yakka tashlashamiz», deb ko‘ylagimni yechib yuborganimni o‘zim ham sezmay qolibman.

«Aka, shoshmang, bugun boshqa joylarni ham tasvirga olishimiz kerak-ku», deya operatorning yelkamdan ushlaganidan so‘ng biroz o‘zimga keldim.

«Ey, ukalar, axir sizlarni prokuratura, sud xodimlari, qolaversa, davlat rahbari himoya qilyapti-ku, axir rahbaringiz sizni yana ishdan bo‘shatadigan bo‘lsa, huquq himoyachilariga murojaat qilsangiz, ular sizni yana to‘la himoya qiladi-ku, yana kimdan qo‘rqasiz, adolatli davlat  bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da, o‘zlaringiz o‘zlaringizga ishonib harakat qilishingiz kerak-ku», dedim.

Bilagi kuchga to‘la jismonan baquvvat yigitlar boshlarini quyi solganlaricha so‘zsiz qotib turardilar…

Hayrat

(O‘zbekistonlik mahalliy jurnalistning “Eltuz”ga yo‘llagan hikoyasi)

Tag‘in o‘qing
30 mart 2016
30 mart kuni Chilonzor, 23-mavze uchastka noziri, sud ijrochilari va 10 ga yaqin, o‘zini tanishtirmagan fuqaro kiyimidagilar jurnalist 47 ...
23 mart 2021
2019 yil oktyabrda prezident Mirziyoev 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlagan edi. Bu hujjat O‘zbekistonning samarasiz qishloq xo‘jaligini ...
11 dekabr 2017
Ëshlar ittifoqi kafilligi ostida jinoyatchilar sud zalidan ozod qilinmoqda. Lekin bu kafillik shu yilning 27 sentyabrida qamoqqa olingan jurnalist ...
21 aprel 2023
Bugungi juma va'zini qisqa yangiliklar bilan boshlasam. Qashqadaryo viloyat 1 sonli asab ruhiy kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi to‘rt yuz ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...