Asosiy mavzular
2 may 2022

Imperativ 47. Etika haqida

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 47-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

Bu global muhosaba ishtirokchilarining adabiy dunyoqarashidagi ularni umumlashtiradigan yana bir jihat bu o‘z adabiy qarashlarini etikadan uzoq tutganlari va yoki uni san'atda muhim unsur maqomiga yuksaltirmaganidir.

Tabiiyki, bu aslo ularning ahloqni mensimaganini ko‘rsatmaydi.

Bu bir intellektual tarjih (tanlov) edi.

Buni san'atda an'anaviy nasihatgo‘ylik tendentsiyasiga qarshi refleks deyish ham mumkin.

Pol Valeri Bodlerning «Yovuzlik gullari» (yoki «Qabohat gullari») kitobini yo‘rimlar (tafsir qilar) ekan, shu jumlani quradi: «Yovuzlik gullari»da na tarixiy poema, na asotir bor. Hikoyachilikka(syujetga) asos beradigan hech narsa yo‘q. Unda balandparvoz falsafiy parchalarni ham ko‘rmaysiz. Siyosatga ham o‘rin yo‘q. Tasvirlash siyrak va hamisha tamg‘ali. Ammo unda joziba, musiqa va tashqi dunyodan tozalangan, qudratli mohiyat bor… Barq urgan yashillik, obraz, totli shahvat bor».

Bu Valeriga   ko‘ra   sof   she'riyatning   ko‘zga tashlangan sifatlari. Bu sifatlarning qisman Edgar Po «Printsipi» ta'sirida shakllanganini sezish qiyin emas.

Etika masalasiga qaytsak: Pol Valeri halafi Sharl Bodler she'rlarini tahlil etar ekan, uning samimiyati uning intellektual raqobat tuyg‘usini doim jilovlab turganini va Bodlerga bo‘lgan yuksak ehtiromini baralla e'tirof etganini ko‘ramiz: «…Lekont de Lil (parnaschi) unga (Bodlerga) qisirlik aybini qo‘ydi. U chinakam mahsuldorlik shoir uchun uning she'rlari soni bilan emas, she'rlari ta'sirining umri bilan o‘lchalanadi. Bu haqda hukm chiqarish uchun asrlar kerak. Bugun oltmish yil o‘tishiga qaramasdan unimng (Bodlerning) kichik hajmli bir asari o‘zi bilan butun boshli she'riyat iqlimini to‘ldirib turibdi», deb yozadi Valeri.

Ikki fikr odami o‘rtasidagi bunday ahloqiy munosabat postmodern adabiyotda siyrak uchraydigan bir sifat.

O‘zbek adabiy muhitida yashaganim bir voqea esimga tushadi.

1979 yilda shoir Cho‘lpon Ergash haqida «Soddalik jozibasi» degan bir maqola yozgandim, gazetalar uzoq vaqt bosmadi. Adashmasam, ikki yil o‘tib, «Yoshlik» jurnali chop etdi. Esimda yo‘q, balki boshqa bir ikkinchi darajali nashr…

Shu ikki yil ichida Cho‘lpon Ergash haqida uning tengdoshlari tarafidan menga berilgan dakkilarni esalasam, bu qadar bag‘ri tosh insonlar edi bu insonlar, deb o‘ylayman. O‘z safdoshiga bir iliq so‘zni ravo ko‘rmagan insonlar.

Bor-yo‘q sabab 70-yil o‘rtalarida Cho‘lpon Ergash haqida kommunistlarning gazetasi «Sovet O‘zbekistoni»da bir fel'eton chiqqani. KGB ning buyurtmasi bilan shoir xotinbozlikda ayblanib yozilgan edi fel'etonda.

Holbuki, ishg‘olchilar Cho‘lpon Ergash she'rlaridagi silliq ko‘ringan ma'jozlarda milliy hislar uyg‘otish potentsialidan qo‘rqqan edilar. Bu o‘zini va millatini tanigan bir munavvar uchun albatta sharaf edi. Ammo bizda buning sharaf ekanini idrok etadigan bir adabiy jamoa shakllanmagan edi 70-yillarada. Shakllangan bo‘lsaydi, safdoshi haqda maqola yozgan bittasiga «nima topdingiz bu qofiyabozda?» degan sharmsiz savol bermasdilar.

Bu shoir haqda uning buyuk shoir bo‘lgani uchun yozmagan edim. Uslub jihatidan ham mendan juda uzoq edi bu shoir.

Har narsadan avval uning milliy mavzudagi insoniy orzulari o‘ziga jalb etgandi meni.

Masalan, u «Qariganimda, bir kuni yarim tunda eshigimni chertsalar, eshigimni ochsam-da, ostonamda ruslarga qarshi kurashayotgan o‘zbek partizanlarini ko‘rsam, ular «Cho‘lpon aka, bizni uyingizda yashiraolasizmi, quvib kelishayapti!» desalar va men ularni darhol uyimda yashirsam, deb xayol quraman! Shunday kunlar kelarmikin-a, Solih?” deya jilmayardi rahmatli xayolparast shoir.

O‘zbekning o‘z uyiga sig‘magani haqda uning she'ridan parcha:

Xayr endi o‘g‘lonim, xayr endi, bor!

Sen borkib jon saqlar mushtumdek jonim, Hamisha meni deb topganing ozor,

O‘z uyingga o‘zing sig‘maysan doim!…

Bunday g‘arib shoirlarning qadrini biladigan, avaylaydigan adabiy jamoa bizda bugun bormi ajabo?..

Adabiyotdagi tolerans muhiti va tanqid madaniyatining saviyasi adabiyot rivojini belgilaydi. Bunday muhit va madaniyatning paydo bo‘lishi-

ga esa, o‘z asarlari va ahloqiy pritsiplari bilan buyuk shaxslar turtki beradi.

O‘rta asrlarda Navoiy va Jomiyning o‘rnak do‘stligi Janubiy Turkistonda shunday tolerans muhitini yaratgandi. Binoiylarning kustohligi ham bu muhitni zadalay olmadi.

Chunki, u muhitda hatto kustohlikka ham o‘rin bor edi.

(Davomi bor)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
18 yanvar 2019
Prezident Mirziyoev mamlakatning xorijda muzlatilgan korruptsiya pullarini qaytarish va chet el sarmoyasi kiritishga jahd qilarkan, tag‘in O‘zbekistonning oldingi prezidenti ...
11 mart 2021
Andijon shahrida yashovchi B.B. qizida OIV (odam immun tanqisligi virusi) aniqlangani bo‘yicha “Eltuz”ga murojaat qildi.  Unga ko‘ra, hozir 17 ...
21 may 2018
Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanidagi yig‘ilishda 19 may kuni so‘zlagan nutqida, kun.uz nashrining iqtibos keltirib bildirishicha, prezident Mirziyoev O‘zbekiston uchun ...
26 oktyabr 2020
Ko‘rayotganingiz Afg‘oniston yoki Somalidagi maktab emas. Bu 2020 yilning oktyabr oyida o‘zbek o‘quvchilari ta'lim olayotgan maktab.  Ijtimoiy medianing o‘zbek ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...