Kundalik
28 iyul 2017

Eri mayib qilingach, ayol va uning ikki bolasi boqimsiz qoldi

Shu yilning 26 martida Toshkentning «Grand-kafe» yemakxonasida sodir bo‘lgan bu voqeada jamiyatdagi shafqatsizlik, hokimiyat amaldorlarining aybdorlarni jazodan qutqarishga urinishlari qorishiq.

Eltuz nashri toshkentlik Sara Ubaydullaeva tomonidan bayon etilgan mazkur voqeaning biroz qisqartirilgan tafsilotlarini va unga ilova qilingan fotosurat va video tasvirlarini keltiradi.

Diqqat! Bu tasvirlarda shafqatsizlik manzarasi aks etgan.

Biror kishi menga yordam berishini istayman, chunki kimga murojaat etishni bilmayapman

2017 yil 26 mart kuni otamning tavallud kunini nishonlash uchun «Rio Grand» (Toshkent shahridagi) kafesida joy buyurtma qildik. Xizmat haqining bir qismini oldindan to‘ladik ham.

Kechki yettida boshlangan ziyofatda bir muddat o‘tirgandan keyin men bolalarni, sovg‘a-salomlarni va narsalarni qo‘yib kelish uchun uyga borib keldim. Qaytib kelib, otamni singlim bilan uyga jo‘natgach, mehmonlarga ham endi tarqalishimizni aytdim.

Hisob-kitob qilinganda yana 200 ming to‘lashimiz kerakligi ma'lum bo‘ldi. Aksiga olib pul erimning kurtkasida, kurtkani esa men uyga olib ketgan ekanman. Yonimizda pul yo‘qligi uchun ofitsiantga vaziyatni tushuntirganimda u kafe xo‘jayinlari bilan gaplashishimni so‘radi.

Kaltaklardan so‘ng Furqat Ibodullaevning qo‘li bukilmaydigan bo‘lib qolgan.

Kafe xo‘jayini O‘tkir shirakayf edi. U meni akasi Shuhratning oldiga jo‘natdi. Shuhrat bilan hisob-kitob uchun garov sifatida bo‘ynimdagi tilla zanjirni qoldirishga kelishdik. Unga zanjirni berdim. Ofitsiantga telefon raqamimni qoldirib va tushgacha o‘g‘limni bog‘chaga jo‘natib, qolgan pulni to‘lab ketishimni aytdim.

Erim bilan kafedan chiqa boshlaganimizda ma'mur kelib, tilla zanjirni qaytarib berdi va pulni to‘lashni talab qildi. Men bu masala hal bo‘lganini aytishimga qaramay, qo‘riqchilar bilan bizni kafedan chiqarib, chetga olib o‘tishdi.

Orqamizdan kafening shirakayf xo‘jayini O‘tkir kelib, erimning yoqasidan ushlab, pul talab qila boshladi va o‘zbekchalab so‘kinib, po‘pisa qila ketdi. Men janjal boshlanayotganini sezib, uning tinchlanishi uchun qo‘liga zanjirni tutqazim.

Shu payt u erimni kaltaklay ketdi. Pochta binosi tomon qocha boshlagan erimni qo‘riqchilardan biri oyog‘idan chalib yiqitdi va ko‘pchilik bo‘lib tepa ketishdi. Shu payt O‘tkir mening qornimga tushirib qoldi.

10-15 kishilashib erimni urib, o‘ldirib qo‘yayotganlarini ko‘rib, men bu vaziyatni videoga ola boshladim. Ma'mur Gulnora telefonni tortib olib, qo‘limni qayirdi. Qornimda 7-8 oylik homilam bor edi. Qonni va erimning hushsiz yotganini ko‘rib, bu to‘daga baqirgan holda uning ustiga yotib olib, ulardan himoya qildim. Ular tarqab keta boshladi.

Chaqirganim tez yordam kelishini kutmasdan vaqtni o‘tkazmaslik uchun erimni hushiga keltirib, 16-shahar shifoxonasiga olib bordim. U yerda menga va erimga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ular meni homilani saqlab qolishga yotqizishga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi. Ammo farzandimni qo‘shninikiga tashlab kelganim uchun buni rad etishga majbur bo‘ldim.

Erimning qoshi yorilgan, qo‘l suyagining tirsak qismi singan, miyasi kaltaklardan chayqalgan edi. Uni operatsiya qilish uchun shifoxonaga yotqizishdi. Hozir erimning qo‘liga to‘rtta spitsa qo‘yilgan, chunki tirsak suyagi maydalanib ketgandi. Unga ikkinchi operatsiya va protez kerak bo‘lishi mumkin. Uning ko‘rish qobiliyati yomonlashgan, tunlari og‘riq kuchayib yomon uxlayapti.

Kafeda kuzatuv kameralari bor va janjal to‘liq yozilib qolgan. Ammo ular jazodan qutulib qolish uchun bu tasvirlarni o‘chirib tashlagan. Chilonzor-3 mavzesining uchastka inspektori Fayzulla ham ular tomonidan pora evaziga sotib olingan. U bu jinoyat ochilmay qolishi uchun nima qilish yuzasidan zo‘ravonlarga maslahatlar bergan, bizga kafe xo‘jayini nomidan 5000 dollar taklif etdi, ammo biz rad etdik.

Bizni tibbiy ekspertizaga jo‘natishganda Fayzulla ekspertga telefon qilib, og‘ir jarohatni o‘rtacha og‘irlikda deb xulosa chiqarib berish uchun unga pul taklif qilgan ko‘rinadi. Va ular buning uddasidan chiqdi.

Erim shifoxonada yotganiga oldiga kafe xo‘jayinining akasi Shuhrat kelib, arizani qaytarib olishi uchun unga 5000 dollar taklif etgan. Erim uni quvib solgan. Ular menga ham qo‘ng‘iroq qilishni boshladi va men boshqa qo‘ng‘iroq qilmasliklarini so‘radim.

Keyin 3-mavze mahalla qo‘mitasi raisi otamning oldiga kelib pul taklif etgan. Otam esa aybdorlar jazolanishi kerakligini aytgan. Shunda rais biz 5000 dollar talab qilayotganimiz haqida militsiyaga yozib berish bilan po‘pisa qilgan. Otam uni haydab yuborgan.

Ish tuman IIBga o‘tkazilganiga qaramay, hozirgacha hal etilgani yo‘q. Homilam 9 oyligida meni chaqirishdi. Uchinchi qavatga zo‘rg‘a ko‘tarildim. U yerda beshta militsioner o‘tirgan ekan, birortasi ruschani bilmaydi. Ular meni til bilmasdan so‘roq qilmoqchi bo‘lishdi, erim tarjimonlik qilishini so‘raganimda esa rad etishdi. Ularning muddaosini tushunmay, keyingi safar tarjimon va advokat bilan kelishimni aytdim.

Erim bilan advokat yollab, ularga telefon qilsak, chaqirish o‘rniga faqat va'da berishdan nariga o‘tishmadi va oradan oylar o‘tdi. Ularning ham og‘zi moylanganini tushunib, advokat bilan boshlig‘ining oldiga kirib, nega ish joyidan siljimayotgani, aybdorlar hali ham jazolanmaganini tushuntirib berishni talab qildim. U tergovchini chaqirib, koyigandek bo‘ldi.

Umuman, zo‘ravonlar ham advokat yollagan, ish bizni aybdor qilish tomon ketayotgan, janjalni birinchi bo‘lib erim boshlagan bo‘lib chiqyapti.

Kafe xo‘jayini esa pul hamma narsani hal etishini, hech narsaga erisha olmasligimni yuzimga ochiq aytdi. Kafeda oldin ham, hozir ham qo‘riqchilar bo‘lmagani, zanjir esa tilla bo‘lmagani, u emas, balki erim uni urganini iddao qildi.

Ular operatsiyaga ham, dori-darmonga ham yordam bergani yo‘q. O‘zi bu kafeda kunora janjal bor va ular har doim jazosiz qoladi.

Iltimos, menga ularni jazolashga yordam beringlar. Erim nogiron bo‘lib qoldi, u men va ikki bolamni qanday boqishimni bilmayman. Ular bizni nogiron qilib, endi jazosiz qolib ketaveradimi?»

Sara Ubaydullaeva
Jabrdiydaning xotini

PS. Biroz o‘tib, elektron OAVda tuman IIB vakilining ayni vaqtda ushbu ish yuzasidan jiddiy tekshiruv olib borilayotgani, gumonlanuvchilardan birining (qo‘riqchi) ishi sudga oshirilgani, yana ikki kishi tergov qilinayotgani, qolganlari qidirilayotani haqidagi bildirishi e'lon qilindi.

Video: https://youtu.be/8zjkKdxHQJo
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 dekabr 2015
Abdujamil Do‘stmuhammad Eltuz.com Yil so‘nggida sodir bo‘lgan voqealar va matbuotga sizdirilgan iddaolar shunday taxmin qilishga asos beradi. Keyingi kunlarda ...
9 oktyabr 2017
Kuni bilan yomg‘ir tinimsiz yoqqan bo‘lsa-da, Marg‘ilon va Qo‘qon shahridagi temiryo‘l stantsiyasi odamlar bilan gavjum bo‘ldi. Hasharchilar “O‘zbekiston temir ...
1 dekabr 2020
«Oshin» – 1983 yilda Yaponiyada suratga olingan ko‘p qismli film. Bosh rollarda Nobuko Otova, Yuko Tanaka, Ayako Kobayasi va ...
6 fevral 2018
Istanbuldagi Otaturk qo‘nalg‘asida 1 kilo 75 gramm qoradorini Toshkentga olib ketayotgan 35 yashar O‘zbekiston vatandoshi S.K ushlandi. Turkiyadagi «Hurriyat» ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...