Asosiy mavzular
11 fevral 2019

DXX raisi Ixtiyor Abdullaev ishdan olindi, o‘nlab xodimlar qamaldi

Bir yil oldin ishga tayinlangan 53 yashar Ixtiyor Abdullaev joriy yilning 8 fevralida DXX rahbari lavozimidan bo‘shatildi. Abdullaev ustidan jinoyat ishi ochilgani aytilmoqda. Uning o‘rniga mudofaa vaziri 59 yashar Abdusalom Azizov tayinlandi.

Kuchishlatar tizimlardagi kadrlar almashinuvi sabablarini «Eltuz» muxbiri o‘rgandi.

DXXning yangi raisi Abdusalom Azizov

DXXning yuzga yaqin xodimi qamoqda yoki qanday qilib davlat to‘ntarishi oldi olingani to‘g‘risida

Quyidagi maqolada keltirilgan ma'lumotlar Davlat xavfsizlik xizmati tarkibida ishlaydigan shaxsdan kelib tushdi. O‘zbekiston kabi yopiq mamlakatda davlat organlari ko‘p hollarda mustaqil jurnalistlarning savollariga javob bermaydi. Ayni maqoladagi ba'zi iddaolar yuzasidan rasmiylardan izoh ololmadik. Shunga qaramay, biz olingan ma'lumotlarni nashr etishga qaror qildik va muqobil ma'lumotlarni taqdim eta oladiganlar bilan gaplashishga tayyormiz.

Ixtiyor Abdullaev, DXXning sobiq raisi

Yanvar oyi boshidan buyon O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining yuzga (!) yaqin xodimi qamoqqa olindi.

DXX xodimining “Eltuz” pochtasiga yo‘llagan elektron maktubida qamoqqa olinganlar orasida DXX raisining eng yaqin odamlari sifatida ko‘rilgan yuqori amaldorlar ham borligi xabar qilinadi.

“Ular orasida DXX raisi Ixtiyor Abdullaevning eng yaqin odamlari – DXX raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov, DXX raisining bojasi Eshonxonxo‘jaev Alisher, uning akasi Eshonxo‘jaev Hasan, DXX tergov boshqarmasi boshlig‘i Abdullaev Abror va DXX raisining yaqin do‘sti Ulug‘bek Azimov bilan birga yana yuzga yaqin tezkor xodimlar bor,” dedi DXX xodimi.

Bundan tashqari, ikki yuzga yaqin turli darajadagi DXX xodimi ochiqdan tergovga qatnayapdi.

“Qamalganlarning faqat yettitasi prokuraturadan o‘tgan, qolganlari DXX tizimidagi ofitserlar”, deb yozadi DXXdagi manba.

Uning alohida ta'kidlab yozishicha, qama-qamalarga u va uning yana bir sherigi bergan ma'lumotlar asosida “Eltuz”da nashr etilgan “DXX inqirozi. Yangi rahbariyat eski nazoratni davom ettirmoqda» nomli maqola sabab bo‘lgan.

Unda bir yil oldin DXX raisi etib tayinlangan Ixtiyor Abdullaevning O‘zbekistondagi eng qudratli tashkilotni o‘z nazoratiga to‘liq olishni maqsad qilgani haqida so‘z borardi.

“Eltuz” manbasiga ko‘ra, maqoladagi barcha faktlar tekshirilgan va ular yuz foiz o‘z tasdig‘ini topgan.

Oradan bir necha kun o‘tib korruptsion ishlarga aloqador shaxslarning ko‘pi hibsga olingan.

Tergov ishlarini Bosh prokuratura tergov guruhi o‘ta maxfiy ravishda olib boryapdi, – deb yozadi DXX xodimi. – Nazorat va operativ xizmatni Prezident xavfsizlik xizmati bajaryapti. Qamoqqa olingan DXXchilarning hammasi IIV vaqtinchalik izolyatorida ushlab turilibdi.

“Eltuz” bilan yozishgan DXX xodimi qamoqqa olinganlar hozircha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi (“ O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish”), 205-moddasi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish”), 210-modda (“pora olish”) va 211-modda (“pora berish”) ko‘zda tutgan jinoyatlarda gumon qilinayotganini aytdi.

Bosh prokuraturadan olib kelgan sodiq odamlari va hatto qarindoshlari ham qamoqqa olingan bo‘lsa-da, Ixtiyor Abdullaevning DXX rahbari bo‘lib qolayotgani o‘rinli savollarni kuchaytirgan.

O‘tgan hafta 6-7 yanvar kunlari yuz bergan voqealar bu savollarga javob berganday bo‘ldi.

Tahdid

7 yanvar kuni O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov prezident qabulida bo‘lib, oliy bosh qo‘mondonga DXXning bir guruh xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda general Ixtiyor Abdullaevning qo‘li yo‘qligi haqida hisobot berdi.

“Lekin oz sonli odamlar bosh prokurorning nega bunday hisobot berishga majbur bo‘lganini biladi,” deydi MXX zobiti.

Uning yozishicha, bir kun muqaddam prezident administratsiyasi moliya-xo‘jalik departamenti rahbari Zelimxon Haydarov bilan bo‘lib o‘tgan suhbat Otabek Murodovning fikrini o‘zgartirib yuborgan edi.

MXX xodimining ma'lum qilishicha, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning eng yaqin odami sifatida ko‘rilgan va yaqin-yaqingacha mamlakatdagi eng qudratli shaxslardan biri hisoblangan Zelimxon Haydarov yosh bosh prokurorga ko‘ndalang shart qo‘yadi – yo prezidentga Ixtiyor Abdullaevning DXX rahbarlari kirdikorlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmaganini aytasan yoki o‘tmishdagi qilmishlaring fosh etiladi.

Lekin maktub muallifi Otabek Murodovning o‘tmishdagi qilmishlariga to‘xtalgani yo‘q.

“Bunday tahdidga Otabek Murodov dosh bera olmadimi yoki bosh prokuror etib tayinlangunigacha bilvosita rahbari bo‘lgan shaxs jinoyatlarini ochib tashlasa, o‘ziga ham oson bo‘lmasligini sezdimi, nima bo‘lganida ham, devonboshi shartiga ko‘ndi”, deb yozadi DXX xodimi.

Otabek Murodov va Zelimxon Haydarov uchrashuvi, “Eltuz”ning xulosa qilishicha, hukumat koridorlarida Shavkat Mirziyoev siyosatiga yashirincha qarshi chiqayotgan va uning islohotlarini sabotaj qilmoqchi bo‘lgan qudratli shaxslarning borligini ko‘rsatadi.

DXX xodimi yo‘llagan elektron maktubda ham aynan shu holatga alohida to‘xtalgan.

“Eltuz”ga elektron maktub yo‘llagan MXX xodimining iddao qilishicha, O‘zbekistonda birinchi prezident hukmronligi yillarida amalda mamlakatni boshqargan bir guruh shaxslar Shavkat Mirziyoev yuritayotgan siyosatdan norozi bo‘lib, uni xalq ko‘zi o‘ngida yomonotliq qilish va alal-oqibat hokimiyatdan ag‘darish rejasini tuzib chiqib, bu rejani 2018 yildan boshlab bosqichma-bosqich amalda tatbiq etib kelmoqda.

Bu guruh haqida kelgusi maqolamizda batafsil so‘z boradi.

“Eltuz”ni kuzatishda davom eting.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 mart 2016
«Toshkent shahar hokimining 18 mart kuni imzonlagan 244-sonli qaroriga ko‘ra, “Navro‘z” umumxalq bayrami o‘tkazish vaqtida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta'minlash ...
1 iyul 2019
O‘zbekistonda hokimiyat organlarining axborot makonini vertikal nazorat qilishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa axborotning yagona markazdan turib boshqarilishini ...
31 may 2016
Rassom Tuzning navbatdagi karikaturasi Toshkent propiskasiga oid. Eltuz.com o‘z fuqarolari erkinligini mamlakat ichkarisida va tashqarisida muttasil buzib kelayotgan O‘zbekiston ...
4 yanvar 2021
O‘zbekiston hukumatining 31 dekabrda chiqarilgan qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, korruptsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslar davlat mukofotiga ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...