• Foto: avtotest.uz
Asosiy mavzular
7 may 2019

O‘tda yonmas, suvda cho‘kmas “Avtotest”

Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan rasman qabul qilingan qonun loyihasi Senat tomonidan imi-jimida o‘zgartirilgan holda ma'qullandi.

Deputatlar boshqacha qabul qilib, senatorlar boshqacha ko‘rinishda ma'qullagan bu normalar yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan, yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishiga aloqador.

Kun.uz saytining yozishicha, deputatlar tomonidan 2019 yil 6 fevralda tasdiqlangan qonun asosida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlar malaka oshirish sertifikatiga ega bo‘lmagan haydovchilarga jarima qo‘llashni nazarda tutadi.

O‘sha paytda bu o‘zgartishlar haqida gapirgan deputat Rasul Kusherboev u barcha yuridik shaxslarning haydovchilari emas, balki “yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchining malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lishi zarurligi”ni nazarda tutishini bildirgandi.

Lekin kuni kecha Senat ma'qullagan ayni shunga doir qonun deputatlarnikidan farq qilib, barcha yuridik shaxslar transport vositalari haydovchilariga taalluqli bo‘lib chiqdi.  

Ichki ishlar vazirligi ham bu o‘zgartish haqida yozib, “haydovchilardan (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga) qo‘shimcha sifatida kiritilgan modda talablariga to‘liq amal qilishlarini so‘rab qolishi”ni bildirdi.

Bunday sertifikatga ega bo‘lmagan yuridik shaxslar transport vositalari haydovchilari senatorlar “himmati” bilan ma'muriy javobgarlikka tortilib, ularga eng kam ish haqining bir barobari miqdorida (hozirda 202730 so‘m) jarima qo‘llanishi mumkin.

Yangi huquqiy norma uch oydan so‘ng amalga kiritiladi.

Aytish kerakki, bunday majburiy sertifikatga ega bo‘lish masalasi kun tartibiga chiqqanda o‘zbek jamiyatida juda sezilarli mashmashaga sabab bo‘lgandi. Chunki bu sertifikatni taqdim etish vakolati faqat bitta xususiy muassasaga – “Avtotest report” MChJga hukumatning maxsus qarori bilan berilgandi.

Sal o‘tib, hatto hukumatni ham o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida qaror chiqarishga majburlay olgan bu MChJning muassisi Davlat soliq qo‘mitasining, keyinchalik shaxsan prezidentning endilikda sobiq matbuot kotibi, ayni paytda esa prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari maqomida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini boshqarayotgan Komil Allamjonov ekani aytilgandi.

Hukumat orqali monopoliyani qonuniylashtirib olgan “Avtotest” buning orqasidan jaraq-jaraq pul ishlashga tushib ketgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlarda turli tanqidlar yangradi. Natijada hukumat mazkur MChJning monopoliyasini bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Shunga qaramay, vaziyat deyarli o‘zgargani yo‘q, deyish mumkin. Hozir ham, deylik, ichib mashina haydagani uchun haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilgan haydovchilar “Avtotest”dan maxsus sertifikat olib kelmasa, belgilangan jazo muddati tugaganiga qaramay, unga hujjati qaytarib berilmaydi.

Ayni shu sababli Senat avval qabul qilinganidan ancha farqli qonunni ma'qullagani ortida yana o‘sha “Avtotest”ning “qulog‘i” ko‘rinmoqda.

Chunki mamlakatda yuqorida tilga olingan sertifikatni berish talablariga javob beradigan boshqa muassasa yo‘q hisobi. Demak, “Avtotest”ning monopoliyasi rasman bekor qilingan bo‘lsa-da, amalda hali ham vaziyat o‘zgarishsiz qolayotir.

Eng e'tiborlisi, Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunni Senat orqali o‘zgartirilgan holda ma'qullatadigan darajada kuchga ega bo‘lgan “Avtotest”ning qudrati manbai aslida qaerdaligi hozirgacha keng jamoatchilik uchun mavhumligicha qolmoqda.

Shuncha shov-shuv va tanqidlarga qaramay, o‘tda yonmay, suvda cho‘kmay kelayotgan “Avtotest”ning lobbichilari bo‘lishi tayin va jamoatchilik bu “qahramonlar”ning ham kimligini bilishi kerak.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 fevral 2018
Ichki ishlar vaziri, 57 yoshli Po‘lat Bobojonov o‘tgan yili «IIVning 230 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgani, 8 ming 32 ...
26 may 2020
Dissertatsiya qo‘lyozmasi toshqinda yaroqsiz holga kelganini iddao qilgan 28 yashar sirdaryolik Kamola Abrorxonovaga prezident topshirig‘i bilan doktorlik darajasi berildi. ...
6 dekabr 2021
«Albatta, keragidan ko‘p xato qilganmiz, ulardan juda afsusdaman. Eng katta xatoim sud, jin ursin, mustaqil sud tizimini tuza olmaganimiz ...
5 iyul 2019
Prezident Mirziyoev 2017 yilning  13 iyunidagi chiqishida o‘zbek sudyalarini odamlarni himoya qilmaslikda, poraxo‘rlikda, nohaq qarorlar chiqarishda ayblagan edi. Karimov ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...