Asosiy mavzular
31 avgust 2020

Kalta paypoq, ninachi va chumoli haqida

Hozirgi yoshlar orasida «kalta paypoq» kiyganlar ko‘p yoki ozligini bilmayman.

Lekin hozirga kelib aksari (hammasi emas) yoshlar uylanish jarayonida o‘zlarini xotinday, qizday tutishayotgani bor gap.

Qurg‘ur kuyov bola yigit boshi bilan latta janjalini qiladimi-ey, anov kam, manov kam deb xo‘mrayib to‘yni buzaman, deydimi-ey, qayinotasidan «Matiz» sovg‘a qilishini kutadimi-ey.

Qurg‘urlar uylanayotganda o‘zlarini shahzodaday tutadi, hatto arzon materialdan shahzoda kiyimini kiyadi.

Shunaqa xotinchalish yigitlar jismida fe'liga qarab jismoniy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi…

He, xunasalar.

Hey, yigitlar, hech kimdan hech narsa umid qilmanglar, har narsaga o‘zlaring mehnat qilib erishinglar.

Xotinlarning orasida xotinlarning xolasi bo‘lib gap sotib o‘tirmanglar.

Yaqin o‘sgan ikki xil mevaning ta'mi bir-biriga o‘tib qoladi.

Tag‘in erta bir kun ko‘ngillaringda lozim kiyishga moyillik paydo bo‘lmasin. Yaxshimas.

He, arzon materialdan shahzoda kiyimini kiymay har balo bo‘lgur, g‘arib, qashshoq.

Poraxo‘rlik haqida

Qizim 6,7,8-sinfda ingliz tilidan bilimlar sinovida qatnashib, Toshkent shahri bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallab, Prezident lagerida dam olib keldi.

9-sinfda ham yuqori natijaga erishsa, nufuzli litsey yoki kollejga imtihonsiz kirar ekan. Demak, shunaqa imtiyozi bor ekan. Imtiyoz degan joyda ta'lim sohasidagi poraxo‘rlik iloni o‘zini ko‘rsatdi. Ya'ni maktabdagi ustozlari Gorono aytdi deb bizdan ikki yuz dollar (200$) so‘radi. Men aytdimki, qizim bilimlar sinovida qatnashmaydi. Tamom.

Ey ahmoq, deb o‘ylagandim o‘shanda, kelib-kelib mendan pora so‘raysanmi? Umrimda birovga bir tiyin pora bermaganman, birovdan porayam olmaganman. Universitetda eng poraxo‘r domla ham tezda bahomni qo‘yib, mendan qutulib, so‘ng boshqalardan bemalol imtihon (pora) olardi.

Fe'lim shunday ediki, dars payti o‘qituvchidan: «Siz pora olarkansiz. Shu rostmi?» deb so‘ray olardim. Ayrim domlalarning yuziga tik boqib:»Poraxo‘rsan» deganman.

Oxiri shunday bo‘ldiki, poraxo‘r professorlar birlashib, meni o‘qishdan haydash uchun hujjat tayyorlashdi. Bu fitna menga pashsha chaqqanchalik ta'sir qilmadi.

Chunki bu paytga kelib universitet menga kutgan bilimimni berolmasligini anglab yetgandim. Ustoz Ozod Sharafiddinov tasodifan meni o‘qishdan haydashayotganini bilib qolib dekanga aytibdiki: «Rahmatjonni o‘qishdan haydasang, bu yerda kimni o‘qitasan». Ozod aka sabab bo‘lib o‘qishdan haydalmay qolgandim.

Umuman, nazarimda, poraxo‘rlik ta'lim sohasini ilon chumchuqni yutgandek yutib yuborgan deb o‘ylayman, bu illatni epizodik deb bo‘lmaydi. Ta'lim sohasini ayrim illatlardan tozalash emas, balki bu sohani halokatdan qutqarish haqida gapirish kerak.

O‘zim haqimda

Pomidor qoqi va qalampir yoniga sadarayhon ham ildim.

Bargi mayda va bo‘yi past o‘sadigan rayhonni sadarayhon deyishadi.

Demak, devorimga yana olmaqoqi, shaftoliqoqini ham ipga tizib ilaman.

Bolalarim uchun yigirma kilo mayiz quritib olaman.

Xullas, mehnatkash chumoliman, topganimni uyga tashiyman, ko‘chada ninachilarga pul sarflash odatim yo‘q.

Sharafsiz yurtdosh haqida

Yasama aroq sotasan, kartoshka va oshqovoqni atala qilib, unga kimyoviy modda qo‘shib asal deya pullaysan; bolalar bog‘chasiga eshak go‘shti tashiysan; kam ta'minlanganlarga ajratilgan moddiy yordamni ko‘p ta'minlanganlar bilan «arra» qilasan; zulmni maqtaysan, zolimning tovonini o‘pasan; o‘z keliningga sevgi izhor qilasan; ta'mirga, remontga deb o‘qituvchilar maoshiga ko‘z olaytirasan;

zo‘ravonlarni ishga solib o‘zgalar mulkini tortib olishga ustasan; olgan porangni ishonchli joy deya davlat bayrog‘iga o‘rab qo‘yasan; namoz o‘qiyotgan buvingning orqasidan poylab miyasiga tesha bilan urib o‘ldirib, sandiqdagi pensiya pulinio‘g‘irlaysan;

vataning, e'tiqoding yo‘q, kim bir tishlam non bersa, daydi itdek o‘shaning ketidan ergashasan; o‘zgalar taomini yeb, o‘rningdan turayotib dasturxon chetiga ketingni artasan; begona ayolni yo‘ldan urish uchun hotinimda ko‘nglim yo‘q deb aldaysan; ozgina manfaat uchun haqgo‘yga tuhmat qilib, shu odam ko‘chada ko‘kragimni g‘ijimladi, deysan.

Yana qaysi qiliqlaringni yozay, odamzot.
Sharaflimisan?!
Nimang sharafli?
Borgan joying axlatxonaga aylanadi.
Shumi sharafing?!
Tirnoqcha foyda uchun Xudoni o‘rtaga qo‘yib qasam ichasan.
Yana nimalarni yozay?
Ichingdagi zunnor kesilmagan-ku, tag‘in mo‘minlikni davo qilasan.
Shu turishingga hali jannatni ham orzu qilarsan?!
Inson, sharaflimisan?

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyalari

Tag‘in o‘qing
26 may 2018
Feysbuk tarmog‘ida Haqiqat ko‘chasi tugagan joydagi yo‘l belgisi mashhur bo‘ldi. Aftidan selfida Toshkent viloyatining, Yangibozor tumanidagi poytaxtga ketadigan yo‘l ...
13 iyun 2016
Orlandodagi Gey klubga hujum uyushtirgan 29 yashar Umar Metin Siddiqiyning xotini Sitora Alisherzoda Yusufiy o‘zbekistonlik bo‘lgan, ammo ular 2013 ...
9 dekabr 2019
Majburiy mehnat byurosining Pastdarg‘om tumani bo‘limi boshlig‘i Ilhom Hamdamovning 7 dekabr kuni o‘z vazifasidan ozod etilishini mamlakatdagi hokimiyat tanazzulining ...
7 fevral 2018
Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov sho‘rolar davrida respublikani uzoq yillar boshqargan Sharof Rashidovning nomini go‘yoki oqlashga qaratilgan ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...