Qachon boshlangani, qachon tugashi noma'lum “urush”
Qudrat Bobojon,
Eltuz.com
Paxtada urushdagidek odamlar o‘limiga ko‘nikishgan. Shuning uchun 2 oktyabr kuni o‘zini paxta dalasidagi daraxtga osgan litsey o‘quvchisi Mansur Matyoqubovning o‘limi haqidagi xabar ko‘plarni uncha ajablantirmadi.
O‘zbekistonda paxtaga oid ma'lumotlar harbiy sirga tenglashtirilgani hisobga olinsa, bunday voqealarning qanchasi bizga noma'lum qolayotganini faqat tasavvur qilish mumkin. Shunga qaramay Ozodlik radiosi o‘ziga yetib kelgan paxtadagi o‘lim xolatlarini kunora sanab keladi. Bu yil ham bunday fojiali xolatlar soni o‘nlab ekani aytildi.
Haqiqatan ham bu urush jabhasini eslatadi. Ehtimol boshi-keti yo‘q bu urush o‘zbek paxtachi boyi yeriga ilk chigitni qadagan kuni boshlangandir? Balki ilk paxta karvoni o‘ris yurtiga jo‘natilgan, paxta dalasiga ilk mardikor chiqqan davrlarda boshlangandir?
Qachon boshlangani noma'lum bu urush – har holda uning navbatdagi qurboni 18 yashar Mansur Matyoqubov o‘limi bilan tugamasligi aniq. “Guruhdagi qizlar bilan ham gaplashildi. Unaqa sevgi-muhabbat degan narsa ham bo‘lmagani aniqlandi», deydi har bir fojiani maishiy sababga yo‘yishga o‘rgangan huquq-tartibot idorasi xodimi…
Biroq, bu yuzadan jinoyat ishi ochilmaganini bildiradi u. Har na, ko‘pga kelgan urushku bu…
“Mardikorga ketdi o‘zbekning mard yigiti…”
Bu yil ko‘plar o‘z o‘rniga mardikor yollamoqda. Mardikorning puli frontga safarbar qilingan o‘qituvchi, shifokor, talabalar yoki kollej, litsey, maktab o‘quvchilarining ota onalari cho‘ntagidan bo‘ladi albatta yoki ularning o‘zlari mardikorlik qilishiga to‘g‘ri keladi. Bo‘yin egmaganlarni Bosh vazir Mirziyoev tashabbusi bilan tarkibiga mamlakatdagi barcha kuch tizimlari kiritilgan Oybolta nomi ostidagi jazo otryadlari kutadi.
Darvoqe mardikor. U haqda ozroq to‘xtalsak. Bu atama mamlakatimizda Chor Rossiyasi mustamlakasi davrlarida ishlatilgan arxaik so‘z. Mardikorlarni oq poshsho uchun urushdagi qora ishlarda ishlatishgan. Ular o‘rmon kesishgan, ko‘plari yog‘och miltiq bilan janglarda zambarak yemi bo‘lishgan. Mardikorga ketganlarning ko‘plari mamlakatga qaytmagan…
Oliy o‘quv yurtiga kirishni orzu qilgan, biroq bu yil paxtada o‘zini jiyda daraxtiga osgan litsey o‘quvchisi Mansur Matyoqubov kabi, qadimda ham mardikorga ketgan o‘zbeklarning katta orzu umidlari bo‘lgan.
“Qarg‘alar uchsa qaraylik…” deya orzu umidlarini qo‘shiqqa solgan oq poshsho mardikori har-holda, bugungi kun mardikoridan farqli o‘z qismati sababchisi “Nikolay poshshoning zambaragi” ekanini yaxshi bilgan.
Ushalmagan orzu umidlar
Bugun Mansurning o‘limi haqidagi Ozodlikda chiqqan xabarni o‘qib yana bir haqiqatni angladimki, har yili qayta chizib qo‘yiladigan paxta fronti chizig‘i bu yil ham unga o‘xshagan yana millionlab o‘zbeklarning orzu umidlari ustigan tortilgan.
O‘qituvchilar sinfxonalarga, shifokorlar shifoxonalarga qulf osib, mardikorlik xaltasini orqalarkan, mehnatga majbur qilinmaydi deyilgan bolalar va o‘quvchilar qaerga borsin. Mansur ham og‘ir mehnatga yaroqsiz, yosh o‘quvchi edi.
“Ko‘rish qobiliyati yaxshi emasligiga qaramay boshqa kursdoshlari qatori paxtaga haydalgan” Ellikqal'a akademik litseyi o‘quvchisi Mansur Matyoqubov balki umidsizlikdan, balki millatdoshlari ko‘ra olmagan dahshatli haqiqatni, – bu urushning hech qachon tugamasligi mumkinligini bilganidan joniga zug‘um qilgandir… Yana bilmadim.
Taniganlar Mansurning a'lochi, tartibli o‘quvchi bo‘lgani haqida gapirishadi. Tengdoshlari orasida eng intizomli bo‘lgani bois Mansur guruh sardori bo‘lgan ekan.
«O‘sha kuni u hech kim bilan tortishmagan, aytishmagan. Guruhdoshlari bilan o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik bo‘lmagan. O‘qituvchilari bilan ham kelishmovchilik bo‘lmagan”.
Mansurning tanishlariga ko‘ra, u keyingi yil litseyni bitirib oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan. Hatto paxta dalasiga ham kitoblarini olib kelib, bo‘sh paytlari shug‘ullanib kelgan.
Qurbonlar kim uchun?
Jon aziz narsa. Ayniqsa aziz farzandning joni. Modomiki mening millatdoshim paxta terimi jabhasi mamlakat bo‘ylab katta front ekani, unda umumsafarbarlik, talofatlar va qurbonlar borligini tan olarkan, eng avvalo kim uchun va kimga qarshi urush ketayotganini, yoki aziz farzandini nima uchun jo‘natayotganini ham bilishi kerak emasmi?
Men masalan, yuz yillardan buyon davom etayotgan, qarg‘alar galasi kabi qorishiq mavhum urushda dushman qaerdayu, “o‘zimiznikilar” qaerdaligini chindan ham bilmayman.
Bu mash'um paxta frontning qaerda va qachon tugashiyu, har yilgi uning qurbonlari kim uchunligini ham bilmayman. Chunki men unda ishtirok etmayman, chunki men uchun bu urush begona.
Biroq balki siz bilarsiz, bu jabhada jonboz bo‘lgan o‘quvchim, – unga o‘z farzandini jo‘natgan ona, mardikor pulini to‘lagan ota, o‘z o‘quvchisini jo‘natgan o‘qituvchi, o‘z xizmatchisini jo‘natgan amaldor, o‘z shifokorini jo‘natgan tibbiy muassasa rahbari? Yo bu sizning urushingizmi?