Dayjest
2 mart 2017

O‘quvchi kelmaydigan kollejlar

Avvaliga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi saytida bosilgan quyidagi maqola juda dolzarb bo‘lgani sababli mamlakatdagi bir necha norasmiy internet gazetalarda, xususan, kun.uzda e'lon qilinib, ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga tortdi.

Maqola kollejlardagi davomat masalasini o‘rganishga bag‘ishlangan. Mavzuni xolis o‘rganish uchun «mutasaddilar uncha-munchaga boravermaydigan hududlar» tanlangani aytiladi.

Unda keltirilgan raqamlarga e'tibor berar ekansiz, mustaqil kuzatuvchilar tomonidan shu paytgacha aytib kelingan, lekin hukumat tan olmay kelgan vaziyat aslida biz bilganimizdan ham dahshatli darajada ekaniga guvoh bo‘lasiz.

Ma'lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejidagi vaziyat o‘rganilgan kunda bu yerda o‘qiydigan 1053 nafar o‘quvchidan 565 nafari darsga kelmagan. Ularning 25 nafari esa kollejga umuman kelmaydi.

«Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida 181 nafar o‘quvchidan 99 nafari darsga kelmagan. Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida soat 9:00da 480 nafar o‘quvchidan 50 foizi kelgan, soat 10:00da bu ko‘rsatkich 55 foiz, soat 11:00da esa 62 foizga yetgan», deyiladi maqolada.

Boshqa viloyatlardagi kollejlarda ham ahvol bundan durust emasligi, o‘quvchilarning yarmidan nari-berisi darslarga kelayotgani bildirilgan.

Maqolada kollejlarda ta'lim sifati ham ko‘ngildagidek emasligi, Jarqo‘rg‘ondagi yuqorida tilga olingan kollejda uchta guruh (bitta 2-kurs va ikkita 1-kurs) bir xonada jamlanib, ingliz tili darsi o‘tilayotganiga guvoh bo‘lingani ta'kidlangan.

«Darhaqiqat, ko‘plab kollejlarda kadrlar, ya'ni pedagog o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ustalarining yetishmasligi yoki bilim darajasi pastligini tan olish kerak», deydi mualliflar.

Maqolada kolllejlarning moddiy-texnik ta'minoti tanqid qilingan. Masalan, Shovot yengil sanoat kasb-hunar kollejida tikuvchilik yo‘nalishida tahsil oladigan 289 nafar o‘quvchi uchun 12 ta tikuv mashinasi, Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida 3 tagina tikuv mashinasi (u ham bo‘lsa ma'nan eskirgan) mavjud ekan.
Ta'lim muassasalarida xonalar o‘rgatiladigan kasblar yo‘nalishi bo‘yicha umuman jihozlanmagani ko‘p uchraydi.

Hukumat shu paytgacha kollej bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga katta e'tibor qaratilishi haqida og‘iz ko‘pirtirib keladi. Ammo maqolada keltirilgan ma'lumotlar aslida ahvol achinarli ekanini ko‘rsatadi.

«Qayd etish kerakki, bu masalaning ham og‘riqli ekani yaqqol ko‘rinib turibdi… Oqdaryo politexnika kollejida bitiruvchilarning ish bilan ta'minlanish darajasi 20 foizni tashkil etadi. Hududda mazkur yo‘nalishda mehnat qilish imkoniyatini beruvchi korxonaning o‘zi yo‘q», deyiladi maqolada.

Turli partiyalar bitiruvchilarni tadbirkorlikka jalb etish loyihalariga ega. Ular bu borada amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib hisobotlar beradi, yuzlab-minglab yosh yigit-qiz falon million so‘m kredit olib, tadbirkorlar safiga qo‘shilgani bildiriladi.

Maqolada keltirilgan faktlar esa buning aksini ko‘rsatadi. Masalan, Chust qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida o‘tgan o‘quv yili yakunida 30 nafar bitiruvchi o‘z biznes g‘oyasini o‘rtaga tashlab, tijorat banklariga imtiyozli kredit olish uchun murojaat qilgan, lekin faqat bir bitiruvchi 6,5 mln so‘m kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, xolos.

Maqolada qishda ko‘plab kollejlar isitilmasligi, elektr yo‘qligi muammosi ham ko‘tarilgani «haqiqat to‘lqinlari zulm to‘g‘onini yemirayotgani»ga bir misol bo‘la oladi nazarimizda.

«Shovot yengil sanoat kasb-hunar kollejida xonalar sovuq, chunki elektr deyarli bo‘lmagani sababli binoni isitishning iloji yo‘q… Darvoqe, mavjud kompyuterlar, tikuv dastgohlari elektr yo‘qligi uchun o‘qsiz qurolday bekor turibdi», deyiladi unda.

Bu muammo qarshisida qolgan ko‘plab kollejlar misol o‘laroq tilga olib o‘tilgan. Shuningdek, kollejlardagi kutubxonalar ham qoniqarli holatda emasligi ta'kidlangan.
Ayrim kollejlar rahbariyatining mualliflarning ta'lim muassasalaridagi ahvolni o‘rganish harakatlariga to‘sqinlik qilgani ochiq-oydin aytilgan.

Bundan tashqari, maqolada o‘rganilgan kollejlarda Rossiya va Qozog‘istonga, shuningdek, Toshkent shahriga pul topish maqsadida ketgan o‘quvchilar ham talaygina ekani qayd etilgan.

Xullas, maqolada kollejlardagi bugungi vaziyat ancha keng tahlil qilingan. Garchi siyosatga teginilmagan bo‘lsa-da, mazkur mavzu ko‘tarilishining, muammolar ochiq aytilganining o‘zi o‘zbek matbuoti uchun katta voqelikdir.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 yanvar 2021
Shoira Gulchehra Nurullaeva bilan suhbat, 1988 yil. — Gulchehra opa, hozir qayta qurish davrida yashayapmiz. Suhbatimizni shu mavzudan boshlasak. — Men qayta qurishni o‘zim uchun yangilik deb bilmayman. Endi o‘ylasam, urush yillari qandaydir «xundori» tayyorlab, mahallamiz bolalarini tekinga davolaydigan otam, so‘nggi burdani «non»lab ortidan ergashibyurgan qiziga emas, qo‘shnining ochdan o‘layotgan bolasiga olib chiqqan onam qayta qurish odamlari ekanlar. Bir voqeani eslasam, ko‘zimga hali-hali yosh qalqadi. 1956 yil. O‘ninchini endigina bitirganman. Maktabimiz direktori Hafiz Yengalichev menga: — Seni Moskvaga, MGUga ...
5 aprel 2022
Qashqadaryo viloyat, Qarshi tumanidagi 12-son maktab o‘qituvchilari Eltuzga yo‘llagan maktublari orqali o‘z direktorlari ustidan prezident Shavkat Mirziyoevga shikoyat qilishmoqda. ...
29 avgust 2016
O‘zbekiston tarixida ilk bora Vazirlar mahkamasi mamlakat rahbarining sog‘ligi haqida chiqargan bayonot ortidan O‘zbeknavo litsenziyasi bilan faoliyat yuritayotgan artistlardan ...
21 yanvar 2022
Azizlarim mana xafta aylanib yana siz bilan hamsuhbatman. Suhbati chor anda  mazza bor deyishadi. Kanalga obuna bo‘lgan do‘stlar soni ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...