Catira
5 aprel 2019

RTdan va'z: Omad haqida

Sizga omad tilayman, azizim. Oddiygina omad.

Ko‘chada ketyapsiz, sizni mashina bosib ketmadi. Tasodifan o‘rmonda murdani ko‘rib qolib, politsiyaga xabar berganingizda sizni qotil deb qamab qo‘yishmadi.

Siz kech qolgan poezd ag‘darildi. Kema cho‘kdi. Uchoq portladi. Siz omadli bo‘lganingiz uchun tiriksiz. SPIDga chalinmadingiz. Chernobilda nurlanmadingiz. Sizni kimdir aldab Suriyaga jihodga ham yubormadi.

Siz omadli jentelmensiz. Ishonmasangiz, balkondan pastga qarang, avtomobilingiz g‘ildiragini hali o‘marishmadi. Sizga omad yor bo‘lsin. Xuddi Avstraliyadagi Bill Morgan kabi.

Ketma-ket lotereyasiga yutuq chiqqan avstraliyalik

Bill Morgan reanimatsiya karavotida 14 minut o‘lik holatda yotdi. Uni o‘ldi deb daftarga qayd qilishdi. Ammo u ko‘zini ochdi. Qon bosimi normallashdi. Yurak urishi ham joyiga keldi.

Hatto bu omadli jentelmen ko‘zini ocharkan, o‘zida oshig‘ich seksual ishtahani ham his qilib, hamshiralarga suqlandi.

Bill Morgan o‘zining tirilishi sharafiga kasalxona do‘konchasidan bir shisha pivo va oniy lotereya bileti sotib oldi. Lotereya biletini pivo qopqog‘i bilan qirib ko‘rganida narxi 27000 dollar turadigan mashina chiqdi.

Mana buni omad desa bo‘ladi. Buni eshitgan Avstraliya TV kanali Bill Morgan haqida reportaj tayyorladi. Morganni videoga olayotgan tasvirchi ayni do‘konchadan yana bir lotereya sotib olishini so‘radi.

Kamera qarshisida Morgan yana bir lotereya sotib olib, ustini qirtishladi.

Bu safar Morgan 250 ming dollar yutgan edi. Jonli efirda buni tomosha qilgan Avstraliya aholisi Morgan quvonchiga sherik bo‘ldi. 

Taxtako‘pirlik qorovul yutug‘i

Omad sizga ham yor bo‘lsin, azizim. Hech bo‘lmaganda taxtako‘pirlik qorovul kabi.

Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida yashovchi yigit sariyog‘ ichidan 100 million so‘m pul yutuqli jetonni topib oldi. Sovrindor yigit qorovul bo‘lib ishlar ekan, endi ishini o‘zgartirmoqchi.

Ammo hammaning ham omadi kelgani yo‘q. Muhtojlar ham ko‘p.

Elektron pochta degan narsa ham eskirdi shekilli. Men onda-sonda qarayman. Bir kun qarasam, bitta xat adashib kelib qopti. Avvaliga ochmadim, virus deb. Qarasam xat.

Chiroqchining Ko‘ktoshi qishlog‘idagi Eshqobil tog‘aga jo‘natilgan ekan. Yuboruvchi jiyanning oti Sherzodbek ekan. Birovning xatini o‘qimay deb uni qaytarib yuborsam, qaytib o‘zimga keldi. Keyin o‘qib yuragim ezildi.

Mana xat? Lotindan kirillga o‘girib, n yoq-bu yog‘ini to‘g‘rilab, familiyasini o‘chirib qo‘ydim.

Chiroqchilik Sherzodbek maktubi

Salom, tog‘ajon. Onamdan qolgan yodgorim, sizni sog‘indim.

Hozir kechqurungi 2:00. Telefondan yozyapman. Ko‘chada opshejitning eshigi oldidagi tsement zinada o‘tiribman. Mart bo‘sayam rosa sovuq. Xonaga meni qo‘yishmadi. Bollar qiz obkelishgan. Bugun sani navbating. Ko‘chada yurib kel, deb chiqarvorishdi men yetimni.

Tog‘ajon, o‘lib ketgan onam xurmati, menga ozroq pul berdirvoring.

Chiroqchidan keladigan aptobusdan bervorsangiz, o‘zim ippodromga chiqib olaman. Qancha pul bo‘sayam…

Qishloqda eski mototsikl bor edi – «Vosxod». Rahmatli otam o‘lganda meros qolgan. O‘shani soting, tog‘a. Oldingi hafta pul bervorgan ekansiz, sho‘pir xarj qib qo‘yibdi.

Borib so‘rasam, sho‘pir: «Yo‘lda g‘ildiragim ishkal qildi. Zaril edi, ishlatvordim. Bo‘ynimda qarz. Kelasi oy beraman», dedi. Kelasi oygacha men nima yeyman?

Toshkentda hamma narsa qimmat. Mardikor bozorda ham bo‘y-bastingga qarab ishga olishadi. Chiroqchiliklar devor buzish, betonomeshalka kabi ishlarga olinadi. Ammo meni ishga olishmadi.

«Oriqsan, o‘lib qolsang, tovoningga qolamiz», deb. Opshejitdagi uchastkovoy milisa meni ermakka qiynaydi. O‘zi qumqo‘rg‘onlik bo‘lsa ham menga harip, deydi. Ikki marta Panelniyga qamatdi. Taxta kanalarga yem bo‘ldim.

Tog‘ajon. Otam-onam tirik bo‘lganida meni o‘qitardi. Milisa yo prokuror bo‘lardim. «Kaptiva»larda yurib, O‘rikzorda villada yasharmidim. Afsus, yosh yetim qoldim. Yemadim, ichmadim. Qizlar ham mening ustimdan kulishadi. Ëshim 30 ga qarab ketyapti. Onam tirik bo‘lganida meni uylantirgan bo‘lardi.

Tog‘ajon, bilaman, sizga ham qiyin. Mayli, pul bo‘lmasa ham pradukta bervoring.

Telefonga javob bermay qo‘yganingiz uchun emayl yozdim. Burnog‘i yil yozda borganimda sizga o‘zim mayl.ru dan pochta ochib beruvdim. O‘qib javob yozing yoki jiyanlarga yozdiring.

Eshitishimcha, bizning Ko‘ktosh qishlog‘i erkaklari cherez Piter-u Finlyandiya qilib Shvetsiyaga chiqib ketibdi. Ular oilalariga yaxshigina pul yuborayotgan deb eshitdim.

Qo‘shni Tursunqul akaning xotini Xolbeka opadan qarz olib berdirsangiz. 

Mayli, tog‘a, xatim sizga omonat. Joningiz bo‘lsin salomat. Xatosi bo‘lsa kechiring, rezinka bilan o‘chiring.

Sherzodbek, 23 mart, Toshkent».

Bu maktubni  feysbukda e'lon qilganimdan keyin «Eltuz» muxlislari yigitni topib otaliqqa olishdi. «Vosxod» mototsikliniyam tuzatib qo‘liga topshirishdi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/Gmq1CmC5bWY

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2018
Cinov tariqasida taqdim etilayotgan, 15 aprelda suratlari paydo bo‘lgan maktab formasi ijtimoiy tarmoqda bahslarni keltirib chiqarmoqda. «Sharq liboslari» dizaynerlik ...
10 fevral 2020
Qozog‘istonning Jambul viloyatida 7 fevral kuni yuz bergan ​etnik mojaroda 10 kishi o‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ...
18 sentyabr 2017
Uylandingmi tamom, bir yildan keyin farzand ko‘rmasang «bir balosi bor bularning» kabi tavqi la'natni quchoqlaysan. Mana dopustim, tasavvur qiling ...
13 may 2022
“Laylak keldi – yoz bo‘ldi, qanoti qog‘oz bo‘ldi”. Nega laylakning qanoti qog‘oz bo‘lganligini oldin ham tushunmagandim, xozir ham tushunmayman. Har xolda buni yozgan ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...